Gruziyada jurnalistlar uchun ishlash qiyinlashdi

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Bir paytlar jurnalistlar uchun xavfsiz boshpana sifatida ko'rilgan Gruziya yangi qonun tufayli OAV huquqlari xavf ostida bo’lgan mamlakatga aylanmoqda.

Joriy yil Gruziya poytaxti Tbilisida o'n minglab odamlar xorijdan moliyalashtirilgan guruhlarga qarshi qabul qilingan qonunga norozilik bildirish uchun ko'chalarga chiqdi.

Lekin ta'siri bo’lmadi. Qonun sentabr oyida kuchga kirishi ortidan notijorat tashkilotlar va xarajatlarining beshdan bir qismi xorijiy manbalardan moliyalashtiriladigan ommaviy axborot vositalari chet el agenti sifatida ro’yxatdan o’tishi kerak.

Qonun tarafdorlariga ko’ra, bu shaffoflik va Gruziya suverenitetini kuchaytirish uchun kerak.

Ammo tahlilchilarning ogohlantirishicha, qonun hukumat tanqidchilarining ovozini o'chirish va Gruziyani G'arbdan uzoqlashtirish uchun ishlatilishi mumkin.

"Agar ro'yxatdan o'tish kerak bo'lsa, bu ularning erkin ishlash va hokimiyatni hisobga tutish imkoniyatlarini cheklaydi. Agar ro'yxatdan o'tmasa, moliyaviy jihatdan barbod bo’lishadi", - deydi Jurnalistlarni himoya qilish qo’mitasi vakili Gulnoza Said.

Buni ham ko'ring Rossiya Nomaqbul tashkilotlar to'g'risidagi qonunni kengaytirish payida

Gruziya sobiq Sovet Ittifoqining erkin davlatlaridan biri hisoblangan. Ammo so'nggi yillarda erkinliklar kamaygan va korrupsiya kuchayib, hukumat Moskvaga yaqinlashib bormoqda.

"Gruziya Rossiya va G'arb o'rtasidagi chorrahada", - deydi Gulnoza Said.

Ba'zi guruhlar chet el agenti sifatida ro'yxatdan o'tishdan ko'ra jarima to'lashga tayyorligini aytmoqda. Matbuot erkinligi uchun kurashuvchi OAVni rivojlantirish jamg‘armasi shular jumlasidan.

"Bu Gruziyadagi mustaqil institutlar uchun murakkab vaqt. Lekin bu bizning kurashimiz va biz o'z huquqlarimizni va demokratiyani himoya qilishimiz kerak", - deydi jamg’arma vakili Tamar Kinsurashvili.

Gruziya mintaqada Rossiyadan o’rnak olib mana shunday qonun qabul qilgan navbatdagi davlat. Qozog'iston va Qirg'izistonda ham shunday qonun qabul qilingan.

AQShda ham xorijiy agentlarni ro'yxatga olish to'g'risida qonuni mavjud bo'lsa-da, kuzatuvchilar Rossiya qonuni, asosan, tanqidchilarni nishonga olish uchun ishlatilishini aytadi.

Moskva o‘nlab ommaviy axborot vositalarini chet el agenti deb e’lon qilgan. Ular orasida “Amerika Ovozi” va “Ozodlik” radiosi ham bor.

"Qiyin bo'ladi, lekin biz to’xtamaymiz. Biz oz missiyamizni davom ettiramiz”, - deydi “Ozodlik” radiosi prezidenti Stiven Kapus.

Rossiya qonunlariga rioya qilmaslik katta jarima va qamoq xavfini keltirib chiqaradi. Shu bois “Ozodlik” radiosi va boshqa nashrlar Yevropaning boshqa shaharlariga ko‘chishga majbur bo’ldi.

“Biz imkon qadar uzoqroq qolishga qaror qildik, chunki bu yerda bo'lish biz uchun juda muhim. Jurnalistika xavf ostida qolgach, ketishga majbur bo’ldik”, - deydi “Ozodlik” rus xizmati rahbari Andrey Shariy.

Buni ham ko'ring Gruziya muxolifati oktabrgacha namoyish qilmoqchi

Rossiya Ukrainaga bostirib kirishi ortidan ko’plab jurnalistlar xorijga, jumladan, qo'shni Gruziyaga ketishga majbur bo’ldi.

"Bu qonunchilik bilan Gruziya boshqa mamlakatlardan kelgan jurnalistlar uchun xavfsiz boshpana maqomini ham yo'qotishi mumkin; bu juda yomon bo'ladi", - deydi Gulnoza Said.

Oktabr oyida parlament saylovlari kutilar ekan, faollar yangi qonun ostida jarayon qanchalik xolis yoritilishidan xavotirda.