AQShda siyosiy munozara: internetdagi so'z erkinligini cheklash kerakmi?

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Internetda so'z erkinligini tartibga solish bo’yicha amaldagi qonunlar AQSh siyosiy sahnasida savol ostiga olinmoqda. Bu, ayniqsa, saylov arafasida yanada ko’proq muhokama qilinyapti.

Ijtimoiy tarmoq kompaniyalarining ish uslubini o’zgartirish talabi AQShning har ikki siyosiy partiyasi hamfikr bo’lgan kam sonli masalalardan biri. Oq uyga kim kelishidan qat’i nazar, shu maqsadni amalga oshirishga harakat qiladi.

"Agar bizda so'z erkinligi bo'lmasa, erkin mamlakat ham bo’lmaydi”, - deydi Respublikachilardan prezidentlikka nomzod Donald Tramp.

Buni ham ko'ring "TikTok"dagi axborot urushida kimlar jang qilyapti?

Tramp AQSh Konstitutsiyasidagi Birinchi tuzatishda kafolatlangan so‘z erkinligi huquqi ayrim ijtimoiy tarmoq kompaniyalari tomonidan poymol etilayotganini da’vo qilmoqda.

2020-yil 6-yanvar kuni AQSh Kongressi binosiga uyushtirilgan hujumdan so‘ng Tramp sahifalari bir qator tarmoqlardan o’chirilgan edi.

"Prezident bo’lishim bilan, Kongressdan yirik onlayn platformalarni senzura biznesidan chiqarish uchun 230-bo'limni qayta ko'rib chiquvchi qonun loyihasini tayyorlashni so'rayman", - deydi Tramp.

230-bo’lim 1996-yilda qabul qilingan “Aloqa odob-axloqi to‘g‘risida”gi qonunning bir qismi bo‘lib, bugungi internetni boshqarishda asosiy rol o‘ynaydi, deydi Berklidagi Kaliforniya universiteti tadqiqotchisi Brendi Noneki.

“U platformalarga javobgarlik mas’uliyatisiz kontentni boshqarish va olib tashlash imkoniyatini beradi. Birinchi tuzatish ushbu platformalar tomonidan tez-tez buzilayotgani haqida eshitamiz. Aslida Birinchi tuzatish faqat hukumat tomonidan nutqni bostirishga nisbatan qo'llaniladi. Platformalar xususiy bo’lib, ularning o’zlari Birinchi tuzatish huquqlariga ega hisoblanadi”, - deydi u.

Buni ham ko'ring AQSh oliy o'quv yurtlari so'z erkinligidan chekinyaptimi?

Qonunni o’zgartirishga oid avvalgi urinishlar muvaffaqiyatsiz chiqqan. 2021-yilda Tramp sahifalari o’chirilgach, Respublikachilar ko‘pchilik bo‘lgan Florida va Texas shtatlari ijtimoiy tarmoqlarning siyosiy nutqni nazorat qilish imkoniyatini cheklovchi qonun qabul qildi.

Ammo bu qonunlar AQSh Oliy sudi to’xtatib qo’yildi. Suga ko’ra, media kompaniyalari hukumat aralashuvisiz tahririyat qarorlarini mustaqil qabul qilish huquqiga ega.

Kamala Xarris mansub Demokratlar partiyasi vakillari esa ijtimoiy tarmoq kompaniyalari o'z platformasida zararli kontentga ko’p o’rin berayotganidan norozi. 2022-yilda Vitse-prezident Xarris shu masalada hatto Oq uy ishchi guruhini ishga tushirgan edi.

Buni ham ko'ring Z avlodi yoshlari qanday muammolar bilan yuzlashyapti?

"Internetda nafrat shu qadar keng tarqaldiki, jamiyat uchun u hatto normal holatga aylandi va ba’zilar undan qutilish imkonsiz demoqda", - deydi Xarris.

Hozircha ijtimoiy tarmoq kompaniyalari o‘z saytlarida kontentni nazorat qilish huquqini saqlab qolmoqda. Ammo ko‘plab siyosatchilar va fuqarolar buni o’zgartirish kerak, degan fikrda.