Ukraina urushi boshlangandan beri ijtimoiy tarmoqlarda to’g’ri va yolg’on xabarlar urchiy boshladi. Bu yoshlarga qanday ta’sir qilyapti? Shu mavzuni o’rgandik.
Dunyo Rossiyaning Ukrainadagi urushini kuzatar ekan, odamlar qo’lidagi telefonlarda ham jang ketmoqda.
“Bu ixtilof, uning sabablari haqida juda ko’p soxta xabarlarni, ochiqdan-ochiq yolg’onlarni ko’rdim”, - deydi Amerika universiteti talabasi Rayn Locher.
Axborot urushida “TikTok” yangi jang maydoniga aylangan. Asosan, raqs videolari bilan mashhur ijtimoiy tarmoq oxirgi paytda Ukraina urushi bo’yicha axborot manbasiga ham aylandi.
Har soniyada paydo bo’layotgan turli tasdiqlanmagan ma’lumotlar uning bir milliard foydalanuvchisini yo’ldan ozdirishi mumkin, deydi tahlilchilar.
“Bu videolar aslida nima bo’layotganini tasdiqlash yoki razvedka idoralari tarqatayotgan ma’lumotlarni qo’llab-quvvatlash vazifasini bajarishi mumkin. Ular kontekstdan yulib olinib, dezinformatsiya maqsadida ham ishlatilishi mumkin. Bu ixtilofda shularning hammasini ko’ryapmiz”, - deydi Brukings instituti eksperti Jessika Brendt.
Vashingtondagi Amerika universiteti talabalari urush haqida yolg’on xabarlar ko’payganini aytadi. Rayn Locher “TikTok”da 18 ming obunachiga ega.
“Donbas yoki Ukraina neo-natsistlar bilan to’lib-toshgani haqidagi nazariyalar, menimcha, Amerikaga qarshi siyosat ichida bo’lgan odamlardan chiqadi. Ularning bilgani faqat shu. Ma’lumotni faqat Rossiya, Eron va Xitoyga moyil manbalardan olishadi”, - deydi u.
Amerika universitetining Xalqaro xizmat maktabi talabasi Metyu Li “TikTok”dan foydalanmaydi, ammo unda Xitoy ya’siri kuchayayotganidan xavotirda ekanini aytadi.
“Xitoy ijtimoiy tarmoqlarida millatchilikka oid, rossiyaparast gaplar ko’p aytiladi. Ularda hammasi qattiq nazorat qilinishini hisobga olsak, buni haqiqiy odamlar aytyaptimi yoki Xitoy hukumatidan haq oladiganlarmi, bilish qiyin”, - deydi u.
Albina Tokakova asli Rossiyadan. Unga ko’ra, Rossiya ham, Ukraina ham ixtilof bo’yicha o’z qarashini targ’ib qilishga urinmoqda. Kimdir uchun Ukraina ozodlik uchun kurashyapti, kimdir uchun esa Rossiya xaloskor, deydi u.
“Har bir davlat o’z qarashini olg’a suryapti. Ular nimanidir boy berayotganini yoki to’g’ri ish qilayotganini ko’rsatishga urinyapti”, - deydi u.
Ijtimoiy tarmoqdagi dezinformatsiyaga qarshi kurashish uchun Bayden ma’muriyati “TikTok”dagi yulduzlarga murojaat qilib, Ukrainada aslida nimalar bo’layotgani hamda Kiyev va Moskvaga nisbatan AQSh siyosati qanday ekani haqida ma’lumot berdi.
Tahlilchilarning aytishicha, Oq uy bu ma’lumotlar Rossiyada senzura ostida yashayotgan oilalarga ham yetib borishidan umidvor.
“Oq uy to’g’ri ma’lumotni tarqatish orqali axborot maydonida kurash olib boryapti. Masalan, rus askarlarining o’limini fosh qilish ham ma’muriyat qo’llayotgan usullardan biri”, - deydi ekspert Jessika Brendt.
“TikTok” ta’sirchan yoshlarning qarashlarini shakllantirishda kuchli qurol vazifasini bajaradi. Har qanday ijtimoiy tarmoq kabi undan axborot berish yoki chalg’itish maqsadida foydalanish mumkin.
Facebook Forum