Urush targ'iboti Rossiya sinfxonalariga kirib bordi

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Rossiyada o'quv yili Moskva yuritayotgan Ukraina urushi zarurati va uni oqlashga qaratilgan yangi darslar bilan boshlandi.

Uchinchi yil davom etayotgan Ukraina urushi Rossiya ta’limida ham o’z aksini topmoqda. Uch yildirki, urush fonida davom etayotgan ta’lim tizimiga Ukraina urushi sabablarini oqlab tushuntiruvchi yangi dasrliklar kiritilmoqda.

Tanqidchilarga ko`ra, Rossiya Ukrainaga bostirib kirishidan so`ng mamlakatdagi ta’lim tizimi Moskva boshlagan harbiylashtirish propagandasining asosiy nishonlaridan biriga aylandi.

E'tibor yoshlarga qaratilgan, deydi quvg’inda yashayotgan rossiyalik professor Aleksandra Arxipova:

“Maktablar, ayniqsa, boshlang’ich sinflar jiddiy bosim ostida. Bolalar doimiy ravishda "urush - bu yaxshi, harbiylashtirish va harbiylashgan jamoatchilik - bu mutlaqo to'g'ri" degan g'oyaga ko'nikishga o'rgatiladi”.

O'quv dasturidagi o'zgarishlar, ayniqsa, Rossiya tarixi va uning dunyodagi roli, shuningdek, Ukraina bilan munosabatlariga bog'liq holatlarda yaqqol seziladi.

Misol uchun, darsliklarda Rossiya boshlagan "maxsus harbiy operatsiya" o’zini oqlagani, Rossiya hech qachon tinch aholi yashaydigan hududlarni o'qqa tutmagani ta’kidlanadi.

Buni ham ko'ring Belarusda ruslashtirish siyosatining yangi to'lqini

Quvg’inlikdagi rossiyalik tilshunos professor Svetlana Drugoveykoga ko’ra, Kreml uchun tarixiy jarayonlarni nazorat qilish ustuvor vazifa: “Tarix millatning o‘z-o‘zini anglashini shakllantiradi. Shuning uchun ko’p narsa darsliklarda urg‘u qanday berilishiga bog’liq".

Tanqidchilar Rossiyada ta'limning siyosiylashtirilishi va harbiylashtirilishi o’qituvchilarni qiyin ahvolda qoldirganini aytishadi.

Rossiya tashqarisidagi nodavlat tashkilotlar hisobotiga ko`ra, 2022-yildan beri 148 nafar oʻqituvchi tinchlikparvar chiqishlari uchun rahbariyat ta’qibi ostida qolgan, ularning aksariyati ishidan ayrilgan.

O‘quvchilar va ota-onalarning hukumat kampaniyasiga qo‘shilmasligi uchun hali ham imkoniyatlar bor, deydi ismi sir qolishini so‘ragan Moskvadagi boshlang‘ich maktab o‘qituvchisi.

Buni ham ko'ring Rossiya xorijda oddiy fuqaro qiyofasidagi josuslar sonini oshirgan

“Maktablar vaqti-vaqti bilan urushdagi askarlarga yordam mablag'i yig'ishadi. Bolalarning ota-onalariga front uchun yordam yig‘ilayotgani haqida sms orqali xabar qilinadi, lekin ishtirok etish-etmaslik ota-onalar ixtiyorida”, - deydi u.

Ammo ekspertlarning ta’kidlashicha, azaldan urush qatnashchilari qahramonlarga aylantirib kelingan mamlakatda harbiylashtirishdan hech kim, hatto bolalar ham qochib qutila olmaydi.