Faollar Rossiyaning erkin matbuotini arxivlash orqali saqlab qolmoqchi

  • Amerika Ovozi

Ekstremizmda ayblangan rossiyalik jurnalist Sergey Karelin, Murmansk, Rossiya, April 27, 2024

2022-yilda Rossiya Ukrainaga keng ko'lamli bosqin boshlaganidan ikki oy o‘tib, may oyining sokin bir tongida Kremlga qarashli Lenta.ru yangiliklar saytining bosh sahifasi urushga va hukumatga qarshi maqolalar bilan to‘lib ketdi. Ushbu maqolalar bir soat ichida sayt sahifasidan olib tashlandi, ammo internet arxivchilarining sa'y-harakati tufayli ular hali ham alohida ko‘rinishlarda saqlab qo’yilgan.

“Chegara bilmas muxbirlar” tashkiloti ma’lumotiga ko’ra, 2022-yil fevral oyida Rossiyaning Ukrainaga keng ko'lamli bosqinidan beri deyarli barcha mustaqil OAVlar taqiqlandi, jurnalistlar esa soxta ayblovlar bilan tez-tez qamoqqa olinmoqda.

Yigirma yillik mustaqil rus jurnalistikasini saqlab qolish uchun quvg'indagi jurnalistlar va faollar “PEN” Yozish erkinligi markazi bilan birlashib, Rossiya mustaqil ommaviy axborot vositalari arxivini (RIMA) yaratdi.

“Erkin o‘qish imkoniyati bo‘lmasa, yozish erkinligi ham bo‘lmaydi”, - deydi “PEN” Yozish erkinligi markazi direktori Lizl Gerntholtz “Amerika Ovozi”ga.

Ayni paytda, veb-sayt 2000-yildan — Rossiya Prezidenti Vladimir Putin hokimiyatga kelganidan boshlab, 98 ta manbadan olingan 6 milliondan ortiq hujjatni o'z ichiga oladi.

Loyiha hammuassislari Anna Nemzer, Ilya Veniavkin va Serob Xachatryan loyihani Ukraina bosqini davrida boshlagan.

“Urushga qarshi qattiq senzura qonunlari Rossiyada matbuot erkinligi va jurnalistlar xavfsizligiga tahdid sola boshlagan edi”, - dedi Nemzer “Amerika Ovozi”ga.

Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasining ma’lumotlariga ko‘ra, bosqindan so‘ng 1 500 dan ortiq jurnalist mamlakatdan qochib ketgan, o‘tgan yil oxirida esa 22 nafari qamoqqa olingan.

“Men ularga qanday yordam berishni o’ylaganman, - deydi Nemzer. - Biz ularning ko’chishiga yordam bera olmadik, qamoq jazosidan olib qola omadik, ammo qo’limizdan kelgancha ularning ishlarini arxivlab saqlashga harakat qildik”.

Buni ham ko'ring Rossiyada mustaqil nashrlar yopilar ekan, 20 yillik ishlari arxivga aylanadi

Bosqin paytida Nemzer Moskvadagi uyidan tashqarida xizmat safarida bo’lgan va hozirgacha surgunda qolmoqda.

Mazkur arxiv hukumat tomonidan “atayin yo‘q qilinayotgan” yoki yo‘q qilinishi mumkin bo‘lgan ishlarni himoya qiladi, deya umid qiladi Nemzer.

Arxivning asosiy auditoriyasi — Rossiya haqida yozishda tegishli hujjatlardan foydalana olmaydigan jurnalistlar, olimlar va tadqiqotchilar. “PEN” vakili Gerntholtzga ko’ra, ushbu arxiv “tarixning birinchi qo'lyozmasi”dir.

Nemzer Rossiyadagi va undan tashqaridagi mustaqil jurnalistlarning ishlarini saqlab qolish orqali ularga xizmat qilayotganiga ishonadi.

"PEN Yozish erkinligi markazi ushbu umumiy qarashlar tufayli loyihani rivojlantirishga yordam berishga rozi bo'ldi, tashkilot jurnalistlarning maqolalarini arxivlash orqali ularni himoya qiladi”, -deydi Gerntholtz “Amerika Ovozi”ga.

Shuningdek, Gerntholtz tashkilotning 2022-yildan keyin Rossiyada “so’z erkinligiga qarshi kurash” yanada kuchayganidan xavotirda ekanligini ta’kidladi.

“Rossiyada so'z erkinligi juda uzoq vaqtdan beri tahdid ostida, - deydi Gerntholz “Amerika Ovozi” bilan suhbatda. - Biz koʻproq yozuvchi va sanʼatkorlarning urushga qarshi chiqqani uchun qamalganini koʻrdik. Biz fuqarolar va professional jurnalistlarning faol jurnalistik faoliyati uchun qamalganini ko‘rdik”.

U 2024-yil aprel oyida jurnalistlar Konstantin Gabov va Sergey Karelinning hibsga olinishini Rossiya hukumati korrupsiyaga qarshi jurnalistikani qanday bostirayotganiga misol qilib keltirdi. Ular Rossiyalik marhum dissident Aleksey Navalniy himoyasi uchun olib borgan faoliyatlari sababli ekstremizmda ayblanib, hibsga olingan edi.

Nemzerning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, rus hukumati bosqindan oldin jurnalistlarga qarshi “katta hujum” boshlagan. U Rossiyaning ko‘plab mustaqil ommaviy axborot vositalarini nomaqbul tashkilotlar deb e’lon qilganiga va hamkasb jurnalistlarning xorijiy agent ayblovlari bilan sud qilinganiga guvohi bo’ldi.

Kreml 2015-yilda nomaqbul tashkilotlar to‘g‘risidagi qonunni qabul qildi, bu hukumatga xorijiy va xalqaro tashkilotlarni yopish vakolatini berdi. Biroq, tanqidchilarning aytishicha, ushbu qonun hukumatni tanqid qiluvchi axborot vositalarini nishonga olish usuli bo’lib, natijada 175 dan ortiq tashkilot nomaqbul deb e'lon qilingan.

Ushbu tazyiqlar tufayli Nemzer o‘nlab yillik materiallarni arxivlashda ko‘plab qiyinchiliklarga duch keldi.

“Arxivni hozirgi talablar darajasiga yetkazish texnologiyasini o‘zlashtirish ayniqsa murakkab bo‘ldi va bu hali ham davom etayotgan ish”, - deydi u.

Hammuassislari texnologiyadan foydalanib, maxsus arxivni yaratish uchun dunyodagi eng yirik internet arxivi — “Wayback Machine” bilan hamkorlik qildi.

Buni ham ko'ring Rossiyada mustaqil jurnalistlar uyida tintuv o'tkazildi

“Wayback Machine” har kuni bir milliarddan ortiq URL manzillarini arxivlaydi”, - deydi uning direktori Mark Graham.

RIMA nafaqat yozma maqolalarni, balki video va audio jurnalistikani ham saqlab qolish uchun ularning to‘plamidan foydalanishga muvaffaq bo‘ldi.

“Vebsaytlarda chop etilgan material doimiy yoki barqaror emas, -deydi Graham. - Kelajakda ushbu ma'lumotlarga kirishga to’liq ishonch yo’q”.

RIMAda arxivlangan millionlab maqolalardan 50 000 dan ortig‘i surgundagi mustaqil axborot manbasi bo‘lgan “The Moscow Times” nashriga tegishli.

"Ukrainaga bosqindan keyin “The Moscow Times” va uning xodimlari “faqat qiyinchiliklarga duch kelishdi”, - dedi “Times”ning uzoq yillik noshiri Aleksandr Gubskiy “Amerika Ovozi”ga.

Gubskiyning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya hukumatining jurnalistlarga nisbatan dushmanona siyosati tufayli xodimlar ikki hafta ichida Rossiyadan Amsterdamga ko‘chib o‘tishga majbur bo‘lgan.

“Ular bizni yopishni xohlaydi, - dedi Gubskiy. - Biz haqiqatni aytamiz va ular haqiqatni qabul qila olmaydi”.

RIMA vakili Nemzerning aytishicha, nishonga olingan shaxslar va nashrlarning ishlarini saqlab qolish arxiv yaratishga yordam berishining asosiy sabablaridan biri bo‘lgan.

“Times” o’z vebsaytida shaxsiy arxiviga ega va o’quvchilarning e’tiborini o’sha yerga qaratishni afzal ko’radi, deydi Gubskiy.

Uning aytishicha, RIMA qiziqarli loyiha bo‘lsa-da, “Times” o‘z maqolalarining mualliflik huquqiga ega va ularning asosiy daromad manbai litsenziyalash va sindikatsiyadan kelib chiqadi.

“Wayback Machine” muxbiri Grahamning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, tashkilot mualliflik huquqi egalarining o'z materiallarini tarqatish bo'yicha qonuniy so'rovlariga javob beradi. U, shuningdek, ommaviy maqolalarni arxivlash insof bilan foydalanish doirasiga kirishini qo’shimcha qildi.

“RIMA foydalanuvchilarning ishini osonlashtiradi, ular ma’lum bir ma’lumotni olish uchun bir nechta vebsaytga emas, RIMAning o’ziga kirib kerakli maqolani topa oladi”, - deydi Graham.

Buni ham ko'ring Rossiyaning "Dojd" telekanali xorijdan turib propagandaga qarshi kurashmoqchi

RIMA kengayishda davom etar ekan, Nemzer allaqachon kelajakka nazar tashlamoqda. U arxivni tartibga solishda rivojlanayotgan sun’iy intellektdan foydalanishga umid qilmoqda.

Nemzer, shuningdek, rahbariyati ommaviy axborot vositalarini bo’g’adigan boshqa mamlakatlar uchun ham shunday loyihalar yaratish niyatida, shu maqsadda Belarus, Afg‘oniston va eronlik jurnalistlar bilan muloqot o’rnatgan.

“Yozuvchilar avtokratik tuzumga qarshi chiqishda, inson huquqlarining buzilishini fosh etishda va hokimiyatga haqiqatni aytishda muhim rol o‘ynaydi. Jurnalistlar esa qudratli odamlar va hukumatlarga qarshi chiqishda muhim ahamiyatga ega”, - dedi Gerntholtz.