Bir necha o’n yillar davomida AQShdagi har ikki siyosiy partiyaga mansub siyosatchilar immigratsiya tizimini tanqid qilib keladi va deyarli hamma bu tizimni ishdan chiqqan deb hisoblaydi.
Keng qamrovli immigratsiya islohotlarini amalga oshirishga urinishlar muvaffaqiyatsiz kechgan. So‘nggi ikki yil ichida shaharlarda va qishloqlarda migrantlarni joylashtirish bilan bog‘liq qiyinchiliklar ortib, jamoatchilikning noroziligi kuchaydi; siyosiy partiyalar o‘rtasidagi ziddiyatlar esa yanada keskinlashmoqda.
Noroziliklar kuchaygan bir paytda, respublikachilar boshqaruvidagi shtatlar yangi kelgan migrantlarni demokratlar boshqaruvidagi shaharlarga avtobuslarda jo‘natdi.
Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka nomzod Donald Tramp va Ogayo shtatidan senator Jey Di Vens Oghyoning Springfild shahrida gaitilik migrantlar uy hayvonlarini yeb qo‘yayotgani haqidagi mish-mishlarni tilga oldi.
Immigrantlar turli usullar va dasturlar orqali mamlakatga kelib, shu yerda qolmoqda. Bu holat siyosiy munozaralarda har doim ham tilga olinmasa-da ammo immigratsiya atrofidagi vahimalar doim bo’lib kelgan.
AQShga olib boruvchi yo’llar
Springfildda yashayotgan taxminan 15 000 ga yaqin gaitilik AQShga qonuniy asosda kirib kelgan. Ularning aksariyati vaqtinchalik himoya maqomiga ega bo‘lib, bu ularga qolish va ishlash imkonini beradi. Tramp va Vens o’z e’tirozlarida bu ma’lumotlarni tilga olmadi. Tanqidchilarning fikriga ko’ra, bu farqni tan olmaslik Trampning qora tanlilarni nishonga oluvchi ko’p yillik siiyosatiga borib taqaladi. Yaqinda bo’lgan Las-Vegasdagi mitingda Tramp “Springfildni noqonuniy migrantlar egallab olgan”, - deb aygan edi.
Tramp qonuniy himoyalangan maqomga ega gaitiliklarni deportatsiya qila olmaydi.
Your browser doesn’t support HTML5
Trampning Vivek Ramasvami kabi tarafdorlari federal hukumat gaitiliklarni Springfildga olib kelgani haqidagi yolg’on da'voni qildi. Aslida qonuniy maqomga ega yoki boshpana olgan migrantlar qayerga borishni o’zi hal qiladi. Springfildda gaitiliklar ko’p bo’lib, yangi migrantar ham shu yerdan turar-joy va ish topishga harakat qiladi.
Immigratsiyaning foydalari
Tarixan, immigrantlar yoki vaqtinchalik himoya maqomiga ega odamlar AQShga ishlash uchun kelib, ko‘pincha, amerikaliklar rad etgan ishlarni bajargan va ishchi kuchiga ehtiyojni qondirib kelgan. Katta avlod nafaqaga chiqib, tug’ilish kamayib borar ekan, migrant ishchilarga talab oshib boradi. Ko‘plab Amerika shaharlarining madaniy, iqtisodiy va diniy o‘ziga xosliklari migrantlar tomonidan shakllantirilgan.
“Aksariyat amerikaliklarning asli immigrantlar, shuning uchun bu masala savol ostiga olinganda va immigratsiyaning kuchiga shubha qilishganda, bu har doim biroz g‘alati tuyuladi”, - deydi Oklaxoma-Siti shahri meri, respublikachi Devid Xolt.
Oklaxoma-Siti aholisi orasida har beshinchi odam Lotin Amerikasidan, dedi Xolt. Ular boshqaruvidagi restoranlar va kichik bizneslar 700 ming kishilik shahar hayotining ajralmas qismiga aylangan. 1970-yillar va 1980-yillarda minglab vyetnamlik immigrantlar bu shaharga oqib kelgan. Bugungi kunda ularning jamoasi shtat Kapitoliy binosidan bir necha chaqirim g‘arbda joylashgan bo‘lib, gavjum bozorlar va ko‘plab restoranlari bilan mashhur.
“Ularning madaniyati va taomlari endi Oklaxoma-Sitining o‘ziga xosligini anglatuvchi ajralmas qismga aylangan”, - dedi Xolt.
2021-yilda Afg‘oniston evakuatsiyasidan so‘ng, Xolt shaharga 2 000 dan ortiq afg‘on qochqinlarini qabul qildi. Ulardan biri Feruz Bashariy huzurida Xolt ikkinchi muddatga shahar meri sifatida qasamyod keltirdi.
Qo‘shma Shtatlarga kelishdan oldin Bashariy Afg‘oniston hukumati vakili bo‘lgan. Hukumat ag‘darilgach, u oilasi bilan qochishga majbur bo‘ldi.
“Mendan oldin kelgan bir do‘stim bu joy yashash va farzandlaringizni tarbiyalash uchun yaxshi joy ekanligini aytdi, - dedi Bashariy. - Bu konservativ joy, ular Xudoga ishonishadi va juda dindor. Ular bizga deyarli o‘xshash diniy madaniyatga ega”.
Your browser doesn’t support HTML5
Immigrantlar biznes ochish va soliqlar to‘lash orqali aholi soni kam bo‘lgan mahallalar va qarovsiz qolgan ko‘chalarni jonlantirishi mumkin. Mayamidagi Kichik Gavana, San-Fransiskodagi Xitoy shaharchasi yoki Chikagodagi Polyak uchburchagi tashrif buyuruvchilarga maqtaladigan joylardir. Ammo migrantlar shahar va mamlakatning tuzilishi va madaniyatini o‘zgartiradi, bu esa uzoq muddatdan beri yashovchi ba’zi aholi vakillari uchun qabul qilish qiyin bo‘lgan holatdir.
Immigratsiyaning istalmagan jihatlari
2022-yilning iyulidan 2023-yil iyuligacha o‘tkazilgan aholini ro‘yxatga olish tadqiqotiga ko‘ra, Ogayoda xorijda tug‘ilganlarning 5 442 Gaitidan bo’lgan. Taqqoslash uchun, Floridada ular soni 370 000 dan ortiq va Nyu-Yorkda 119 000 gaitilik istiqomat qiladi.
Springfild rasmiylari bugungi kunda bu ko‘rsatkichni 15 000 dan 20 000 gacha deb baholamoqda va ular kelayotgan odamlar soni hamda til to‘sig‘i sog‘liqni saqlash, ijtimoiy xizmatlar va kundalik hukumat xizmatlarida, masalan, litsenziya olishda kechikishlarga sabab bo‘lganini aytmoqda. Shahar ichida o‘lim yoki jarohat bilan bog‘liq avtohalokatlar soni ham ortgan, shuningdek, uy-joy zaxirasiga bo‘lgan bosim kuchaygan.
Ogayo gubernatori Mayk DeVayn Gaiti bilan chuqur aloqalarga ega bo‘lib, u o‘z rafiqasi bilan birga marhum qizi nomidagi bepul o‘qitiladigan maktabni qo‘llab-quvvatlash maqsadida u yerga 20 martadan ko‘proq safar qilgan.
Springfildda tug‘ilgan va umr bo‘yi shu hududda yashagan DeVayn shahar hududiga kelgan gaitiliklar mehnatkash odamlar ekanligini va ular fabrika va omborxonalardagi ishchi kuchi yetishmovchiligini bartaraf etishga yordam berganini ta’kidladi.
Biroq u 58 000 aholiga ega shaharga gaitiliklarning kutilmagan oqimi shahar resurslarini siqib qo‘yganini aytdi. Yaqinda bo’lgan Springfild shahar komissiyasi yig‘ilishida shunga oid noroziliklar tilga olindi.
Maktab avtobusi haydovchilaridan biri o‘zi va boshqa avtobus haydovchilari har kuni “mashina haydashni bilmaydigan”lardan qochish uchun choralar ko‘rishga majbur bo‘layotganini aytdi. Boshqa bir kishi uy egasi tomonidan do‘stining uyidan chiqarib yuborilgani va undan keyin ijara haqi uch baravar oshirilgani haqida gapirdi. Odamlar maktablarning haddan tashqari gavjumligi va aholi orasida uysizlarning ko‘payganidan ham shikoyat qildi.
“Menimcha, “bo’sh joy yo’q” degan belgi qo’yish vaqti keldi”, - deydi fuqarolardan biri.
Buni ham ko'ring Harris va Tramp: Immigratsiya siyosati qanday bo'ladi?Yaqinda bo’lgan matbuot anjumanida gubernator DeVayn muammolarni tan oldi.
“Ammo biz bu qiyinchiliklarga yechim topamiz, - dedi u. - Biz ularni bir kechada hal qilmasligimiz mumkin, lekin biz bu qiyinchiliklar va muammolar ustida ishlaymiz”.
O’tgan oy boshida DeVayn shahar keyingi ikki yil davomida sog‘liqni saqlash ehtiyojlari uchun 2,5 million dollar olishini ma’lum qildi.
Asossiz ayblovlar tarixi
Tramp migrantlar Springfild va Koloradodagi Avrora kabi shaharlarda jinoyat darajasining keskin oshishiga sabab bo‘lganini ta’kidladi, ammo har ikkala shahar hokimiyati bu da’volarni rad etdi.
Ko‘plab tadqiqotlar immigrantlar orasida jinoyatchilik darajasi mahalliy aholi bilan solishtirganda pastroq ekanini ko‘rsatgan.
Tramp va Vensning Ohayo shtati Springfild shahridagi “gaitiliklar itlar va mushuklarni o‘g‘irlab yeydi” degan asossiz da’vosidan qariyb 200 yil oldin, Kaliforniyadagi xitoylik ishchilar shunga o‘xshash munosabatga duch kelgan edi.
1850-yillarda ko‘plab xitoylik erkaklar dastlab oltin qazib olish uchun, keyin esa transkontinental temir yo‘l qurish uchun G‘arbga kelgan. O‘sha davrdagi propaganda xitoyliklar “sariq tahdid” ekani, ular opiy chekib, g‘alati taomlar yeyishi haqidagi qo‘rquvni kuchaytirgan. Bu fikr 1882-yilda Xitoyliklarni ajratish to‘g‘risidagi qonunni Kongressda qabul qilishga olib keldi. Bu etnik asosda immigratsiyani cheklovchi birinchi qonun edi.
1924-yilda AQSh kelib chiqishi mamlakatga asoslangan kvota tizimini o‘z ichiga olgan keng qamrovli immigratsiya qonunini joriy etdi. U asosan Shimoliy va G‘arbiy Yevropadan kelgan immigrantlarga ustunlik berdi. Maqsad Osiyodan, shuningdek, Yevropadan qochayotgan yahudiylar va boshqalarni cheklash edi.
1965-yilda “Hart-Seller” immigratsiya qonuni qabul qilinishi bilan katta o‘zgarishlar yuz berdi, bu qonun kvotalarni bekor qildi va immigrantlarga AQShga o‘z oilalarini olib kelishga imkon berdi. Bu amaliyot “zanjirli migratsiya” deb nomlanib, dastlab yevropaliklarga foyda keltirgan bo‘lsa, hozirda undan ko’proq osiyoliklar va ispanzabonlar foydalanmoqda.