Vashington Xitoy, Rossiya, Eron va Shimoliy Koreya o'rtasida kuchayayotgan hamkorlikdan tashvishda. Ba’zi rasmiylar bu hamkorlikni “yangi yovuzlik o’chog’i” deb atamoqda.
AQSh Mudofaa vaziri Lloyd Ostinning yaqinda Rimga qilgan safari chog'ida
Pxenyan Ukrainada jang qilish uchun Rossiyaga qo’shin yuborganini ma’lum qilganidan beri bu xavotirlar yanada kuchaydi.
Sal avvalroq Rossiya Erondagi harbiy-dengiz mashqlarida ishtirok etgan edi.
Xitoy, Shimoliy Koreya va Eron Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushida Moskvani turli yo’llar bilan qo’llab-quvvatlab kelmoqda. Eron Rossiyaga raketa va uchuvchisiz uchoqlar berdi. Shimoliy Koreya artilleriya snaryadlarini jo’natdi. Xitoy sanoat mahsulotlari, jumladan, dron dvigatellarini taqdim etdi.
Bunday “yovuzlik o’chog’i” tarixda avval ham shakklangan, deydi respublikachi kongressmen Rob Vittman.
"Biz “yovuzlik o'chog’i”ning paydo bo'lishini 1930-yillarning oxirlarida, 1938, 1939-yillarda ko'rishimiz mumkin. Ma’lum bir vaziyatlarda dunyo birlashganini ko’rdik", - deydi u Amerika xavfsizligi markazi tomonidan o'tkazilgan onlayn munozarada.
"Bugun yana xuddi o'sha chorrahada turibmiz, biz ishonadigan narsalarga ishonmaydigan, qonun ustuvorligiga amal qilmaydigan, inson huquqlari va qadr-qimmatini himoya qilmaydigan davlatlar mavjud bo’lgan chorrahada", - deydi qonunchi.
Buni ham ko'ring Vashington va Seul Pxenyan Rossiyaga qo’shin yuborganidan xavotirda2002-yilda AQSh sobiq prezidenti Jorj Bush ham bu iborani qo’llagan edi. Unda Bush bu iborani Shimoliy Koreya, Eron va Iroq kabi davlatlarga nisbatan ishlatgan. Yaqinda Vashingtonda ba’zi rasmiylar bu iborani Xitoy, Rossiya, Eron va Shimoliy Koreyaga nisbatan qo’llay boshladi.
AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken bu to'rt davlatni “revizionistik kuchlar” deb ta'rifladi. Uning yozishicha, xalqaro munosabatlarning yangi davrini belgilash uchun shiddatli raqobat davom ketmoqda. Bir nechta davlatlar xalqaro tizimning asosiy tamoyillarini o'zgartirishga harakat qilmoqda.
"Bu davlatlar “o’choq” bo'lmasa-da va ma’muriyat bloklar to'qnashuviga intilmasa-da, bu revizionistik kuchlarning qabul qilayotgan qarorlari uning oqibatini oldini olish uchun qat'iy harakat qilishimiz kerakligini anglatadi", - deb yozdi Blinken "Tashqi ishlar" nashrida.
Vittman fikricha, bugungi "yovuzlik o'chog’i" tarkibidagi davlatlar 1939-yildagi fashistlar Germaniyasi va uning ittifoqchilaridan ham ko’ra dunyoni beqarorlashtirishga qodir. Ayniqsa, ular barcha darajadagi texnologiyani o’zaro baham ko'rishayotgan, ko’p taraflama hamkorlikni yo’lga qo’ygan bir paytda.
Agar Ukrainaga kelib tushgan dronlarni olib ko'rsangiz, Xitoy texnik qismlarini ko’rasiz, deydi Vittman "Amerika Ovozi" bilan suhbatda.
“Shuningdek, Rossiya tomonidan Ukrainaga otilayotgan qurollar Shimoliy Koreyada ishlab chiqarilganiga guvoh bo’lasiz. Ruslar jang maydonida foydalanayotgan uchuvchisiz samolyotlar Eron tomonidan ishlab chiqarilganini ko’rishingiz mumkin", - deydi Vashington rasmiysi.
“Bu yangi “yovuzlik o’chog’i”ning avvalgilaridan farqi shuki, - deydi Siyosat innovatsiyalari instituti tadqiqotchisi Merrill Metyus, - bu to'rtta mamlakatdan kamida uchtasi ekspansionistik kayfiyatda”.
“Ular yanada ko'proq yer va qudratga ega bo'lishni istaydi. Har bir mamlakatning maqsadlariga to’g’ri kelishi uchun ular o'z sa'y-harakatlarini muvofiqlashtirmoqda. Bu juda xavfli rivojlanish", - deydi tadqiqotchi.
Metyusning "Amerika Ovozi"ga aytishicha, bu guruh G’arb iqtisodiyotiga qaram bo’lmaslik uchun o'zini-o'zi ta'minlaydigan iqtisodiy zona yaratish ustida ishlamoqda.
Xalqaro Tinchlik uchun Karnegi Jamg'armasi ilmiy xodimi Kristofer Chivvisning "Amerika Ovozi"ga aytishicha, bu to’rt tomonlama aloqalarda Xitoy muhim bo’g’indir.
Buni ham ko'ring Rossiya va Xitoy BRIKS sammitidan nimalarni ko'zlamoqda?“Agar ushbu toʻrtlikda Xitoy boʻlmaganida, bu dunyodan yakkalanib qolgan uch davlatning o’zaro hamkorligi bo’lardi. Kamroq xavotir olardik. Aynan Xitoyning ushbu guruhdagi ishtiroki AQSh uchun muammo tug’dirishi mumkin”, - deydi u.
Chivvisning fikricha, toʻrt davlat bir mintaqadagi inqirozdan foydalanib, urush chiqarishi va oxir-oqibatda bundan boshqa mintaqada tartibsizlik yaratish uchun foydalanishi mumkin.
Chivvis Xalqaro Tinchlik uchun Karnegi Jamg'armasi saytida yozishicha, agar Xitoy Tayvanga qarshi harbiy operatsiya o'tkazsa, Rossiya AQSh resurslariga bosimdan foydalanib, Ukrainaga tajovuznini oshiradi yoki hatto NATO hududiga bostirib kirishi ham mumkin. Yoki Xitoy AQShning Yaqin Sharqda Eronga qarshi kurash bilan ovoraligidan, dengiz va havo kuchlarini mintaqaga sarflayotganidan foydalanib, Tayvanga nisbatan yanada tajovuzroq harakat olib borishi mumkin.
Mutaxassislarning aytishicha, bir mintaqadagi inqiroz dunyoning boshqa qismiga ham o‘tishi mumkin.
“Masalan, Fors ko‘rfazidagi arab davlatlariga qarasangiz, ular Xitoy va Tayvan uchun muhim energiya manbai ekanini ko’rasiz”, - dedi Vashingtondagi Yaqin Sharq siyosati instituti boshqaruvchi direktori Maykl Singx.
“Agar Eronga qarasangiz, Eron hutiylar orqali xalqaro suv yoʻllarini buzish imkoniyatiga ega. Shu sabab, Tayvan ustidagi mojaro faqat Hind-Tinch okeani mintaqasida kechadi, deb o'ylash soddalik va e'tiborsizlikdir bo’lgan bo’lardi”, - deydi Singx.
AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken to'rtta davlat o'rtasidagi munosabatlarni "asosan tranzaksiyaviy" deb ta'riflaydi, ya’ni biror narsa berish evaziga boshqa narsa olishga asoslangan munosabat.
“Bu hamkorlik "vaqt o'tishi bilan biror bir ishtirokchi uchun ma’qul bo’lmagan kelishuvlar, xavflar keltirib chiqarishi mumkin. Shunday bo’lsa-da, bu to'rt revizionistning umumiy bir maqsadi bor: Qo'shma Shtatlar va mavjud xalqaro tizimga qarshi kurash. Bu esa ularning hamkorligi yanada rivojlanishiga sabab bo’ladi, ayniqsa, Qo'shma Shtatlar va boshqa davlatlar ularga qarshi turgan sari”, - deb yozadi Blinken.