Bayden: Hokimiyat tinch yo'l bilan yangi ma'muriyatga o'tishini ta'minlaymiz

  • Amerika Ovozi

Prezident Jo Bayden amerikaliklarni Donald Trampning saylov g’alabasini tan olishga undab, AQShda 2025-yilning yanvarida hokimiyat tinch yo’l bilan almashishini ta’minashga va’da berdi.

Konstitutsiyani va saylovchilarning tanlovini hurmat qilishimiz kerak, dedi prezident xalqqa Oq uydan qilgan murojaatida.

Buni ham ko'ring Kamala Harris: "Amerika uchun kurashni davom ettiraman"

“Mamlakat tanlovini qabul qilamiz. Faqat g’alaba qozongandagina vatanni sevib bo’lmaydi”, - dedi Bayden xalqni birdam bo’lishga chaqirar ekan.

Uning aytishicha, amerikaliklar kimga ovoz berganidan qat’i nazar, bir-biriga raqib sifatida emas, balki hamyurtlar sifatida qarashi lozim.

Bayden nutqida Trampning to’rt yil avval unga yutqazganini tan olishdan bosh tortgani, saylovda g’irromlik bo’lgani haqidagi da’volariga ham ishora qildi.

“Umid qilamanki, Amerika saylov tizimi qanchalik haqqoniy ekani to’g’risidagi savollarga ham chek qo’yildi. Tizim halol, adolatli va shaffof. Unga ishonsa bo’ladi, yutsangiz ham, yutqazsangiz ham”, - dedi prezident murojaatida.

Nomzodligi paytida Trampni qayta-qayta ekzistensial tahdid deb atagan Bayden ko’plab amerikaliklar Tramp g’alabasini og’riq va afsus bilan qabul qilganini e’tirof etdi. Lekin, deydi u, muvaffaqiyatsizlikdan qochib bo’lmaydi va kurashni to’xtatmaslik lozim.

Bayden Trampni g’alaba bilan tabriklab, uni Oq uyga taklif qilgan. Tashrif qachon amalga oshishi hozircha noma’lum. Bo’lajak prezident ayni paytda o’z ma’muriyatiga kadrlarni tanlashni boshlagan.

Yozda saylov poygasini tark etib, Kamala Harris nomzodini qo’llab-quvvatlagan Jo Bayden qisqa nutqida o’tgan to’rt yilda amalga oshirgan ishlarini ham tilga oldi.

Baydenga ko’ra, AQSh dunyodagi eng kuchli iqtisodiyotga ega va bu kelgusi yillar davomida o’z mevasini beradi.

Prezidentlik uchun kurashgan demokrat Kamala Harris ham saylovda respublikachi Donald Trampga boy berganini tan olib, kurashdan to’xtamasligini ta’kidladi.

"Xotin-qizlarning huquqlari, qurol nazoratini kuchaytirish, demokratik, qonun ustuvorligi, adolat va Amerika qadriyatlari yo'lida tolmay xizmat qilaman", - deydi Harris.