AQShga noqonuniy kirib kelayotgan bolalar

  • Amerika Ovozi

Texas shtati janubi chegaradan hujjatsiz va qarovchisiz migrant bolalar kirib kelayotgan hududlardan biri. Garchi 2024-moliyaviy yilda ularning soni qisqargan bo’lsa-da, muhojir bolalar va o’smirlar yuzlashayotgan muammolar diqqat markazida qolmoqda.

AQSh-Meksika chegarasiga qadar yo’l migrantlar, ayniqsa, bolalar uchun o’ta xavfli.

Shunga qaramay, 2024-moliyaviy yilda 110 ming nafardan ziyod bolalar ota-onalarisiz yoki qarovchilarisiz AQShning janubiy chegaralarini noqonuniy kesib o’tgan. Chegara patrul xizmati ularni qo’lga olgan.

Your browser doesn’t support HTML5

AQSh chegarasidan yolg'iz o'tayotgan bolalar

Patrul xizmati vakili Kristina Smolvudning ta’kidlashicha, migrant bolalarga barcha zarur yordamlar ko’rsatilmoqda.

“Agentlarimiz bolalarni tibbiy ko’rikdan o’tkazadi. Zarurat bo’lsa, tibbiy yordam beriladi. Keyin hujjat ishlari boshlanadi”, - deydi u.

Chegaradan yolg’iz o’tgan bolalarning yarmidan ziyodi Texas janubida qayd etilgan. Ko’rsatkichlar bo’yicha, ikkinchi o’rinda Arizona, keyin Kaliforniya shtati.

“Afsuski, Rio-Grande vodiysida yolg’iz migrant bolalar ko’p”, - deydi Smolvud.

Garchi chegaradan noqonuniy o’tayotgan migrant bolalar va o’smirlar soni qisqarib bormoqda. Biroq muammo dolzarbligicha qolmoqda.

Migrantlar lageri direktori Xektor Silva bolalar yuzlashayotgan xavf jiddiy ekanidan ogohlantirmoqda.

“Tushinaman, hayotda og’ir vaziyatlar bo’ladi. Lekin farzandlaringizni yolg’iz qoldirmang”, - deydi u.

Ushbu tanqidlarga qaramay, Silva tez xulosa qilish tarafdori emas. Chunki ayrim ota-onalar vaziyat taqozosi bilan AQShga oldinroq kirgan, ayrimlar Meksikada kutilmagan holat ortidan farzandlarini yolg’iz yo’llashga majbur bo’lgan bo’lishi mumkin.

“Garovga olinib, bor bisotidan ayrilgan oilani o’ylang, ota-ona chegaraning u tarafida qolib ketgandir”, - deydi u.

Silvaning tunintirishicha, ota-onalar faqat farzandlarining chegarani kesib o’tishiga imkon topa olgan bo’lishi mumkin.

Bojxona va chegara xizmati marshrut xavfli ekanini aytadi.

Chegara xodimlari o’tgan yil oktabrida Rio-Grande daryosida qoldirib ketilgan to’rt nafar bolani qutqargan edi.

“Xatardan yiroq bo’ling, “CBP One” ilovasi orqali AQShga qonuniy kiring”, - deydi Smolvud.

Garchi barcha migrantlar ham AQShga qonuniy kiritilmaydi. O’z vatanida zulm, qashshoqlik va chorasizlik bilan yuzlashgan migrantlar esa yaxshiroq hayot ilinjida har qanday xatarga tayyorligini aytadi.