Kolorado daryosi inqirozini hal qilishdagi “zarur qadamlar”

  • Amerika Ovozi

Kolorado daryosi

Federal suv resurslari bo’yicha mas'ullar Kolorado daryosi suvi va gidroenergetika inshootlaridan foydalanadigan yetti shtat va qabilalar uchun 2026-yil avgustigacha daryoni kelajakda qanday boshqarish bo‘yicha qaror qabul qilishga doir “zaruriy qadamlar” ni o’z ichiga olgan xabarni e’lon qildi.

“Bugun biz hamkorlikda qilingan ishimizni namoyish qilamiz”, - dedi Melioratsiya byurosi komissari Kamill Touton. U daryoning kelajagini boshqarish uchun to‘rtta taklif va "hech qanday harakat qilmaslik" tanlovini bayon qildi. Ushbu takliflar Bayden hukumatidan so’ng kelayotgan Trump ma'muriyatiga qoldiriladi, ammo bu rejalarni rasmiy ravishda amalga oshirishdan oldin ekologik baholashlar o'tkazilishi kerak va qarorlarni qabul qilish uchun faqat 20 oy vaqt mavjud.

Xabarda millionlab uylar va korxonalarni elektr energiyasi bilan ta'minlaydigan, cho'l qishloq xo'jaligining keng maydonlarini sug'oradigan va Denver, Salt-Leyk-Siti, Albukerk, Las-Vegas, Feniks va Los-Anjeles kabi shaharlardagi oshxonalarga yetib boruvchi daryodan suvni qanday taqsimlash bo'yicha hech qanday tavsiya yoki qaror berilmagan.

Aksincha, mart oyida uchta asosiy tomon tarafidan taqdim etilgan takliflarning muhim elementlarini taqdim etilgan. Bu takliflarni suvning asosiy qismi kelib chiqadigan Yuqori Havza shtatlari – Kolorado, Yuta, Nyu-Meksiko va Vayoming; Pauel va Mid ko‘llaridagi to‘g‘onlar yordamida suvdan eng ko‘p foydalanuvchi Quyi Havza shtatlari – Kaliforniya, Arizona va Nevada); va daryo suvidan foydalanish huquqiga ega bo‘lgan yigirmadan ortiq mahalliy amerikalik qabilalar bergan.

Arizona Davlat Universitetidagi Kil Suv Siyosati Markazi direktori Sara Porterning fikriga ko‘ra, federal hukumat taqdim etilgan takliflarning hech birini to‘liq qabul qilmoqchi emas. Buning o‘rniga, ular takliflarning turli qismlarini o‘zaro birlashtirib, yangi yondashuv yaratdi. Bu yondashuv muzokaralarni davom ettirish uchun imkon qadar moslashuvchanlikni ta'minlashga qaratilgan.

Takliflarning birinchi varianti – Mavjud infratuzilmani himoya qilish bo’lib, hukumat mavjud infratuzilmalarni, masalan, to‘g‘onlarni himoya qilish va daryodan suvni yetkazib berishni boshqarish bo‘yicha amaldagi kelishuvlarga tayanadi. Bu talab taklifdan oshib ketadigan holatlarda ishlaydi. Ammo yangi infratuzilmalar qurilmaydi yoki suvni saqlash va yetkazib berish uchun yangi mexanizmlar joriy etilmaydi.

Ikkinchi variant – Yangi saqlash va yetkazib berish mexanizmlarini joriy etish. Unda Povel va Mid ko‘llariga suv yetkazib berish va saqlash imkoniyatlari qo‘shiladi. Bundan tashqari, tizimning barqarorligi va moslashuvchanligini oshirish uchun "federal va nohukumat saqlash mexanizmlari" ham joriy etiladi. Bu yangi yondashuv suv tanqisligi davrida suvni taqsimlashni samarali boshqarishni maqsad qiladi.

Uchinchi variant – Hamkorlikda konservatsiya qilish deb nomlanib, Pauel ko‘lidan suv chiqarishni boshqarish va nazorat qilishga qaratilgan taklifni o‘z ichiga oladi. Bu yondashuv tizim yaxlitligini saqlab qolish uchun barcha tomonlarning umumiy hissasini ta'minlashni maqsad qiladi.

To‘rtinchi – Gibrid yondashuv Kolorado daryosidan foydalanish bo‘yicha bir necha tomonlarning rejalaridan umumiy yondashuv. Bu rejaga ko‘ra, Pauel va Mid ko‘llariga suv yetkazib berish va saqlash imkoniyatlari oshiriladi, suvdan tejab foydalanish (konservatsiya) va foydalanuvchilar o‘rtasida suvni taqsimlash bo‘yicha kelishuvlar rag‘batlantiriladi, qabilalar va tashkilotlarga bir xil imkoniyatlar berilib, ular ham ushbu mexanizmlardan foydalanishi ta'minlanadi.

Xabarda aytilishicha, "hech qanday harakat qilinmaydi" varianti tadqiqot maqsadlariga javob bermaydi, lekin u Milliy Ekologik Siyosat Akti (NEPA) talablariga muvofiq kiritilgan.

2026-yilda daryoni taqsimlash bo‘yicha yuridik kelishuvlarning muddati tugaydi. Demak, iqlim o‘zgarishi va 20 yildan ortiq davom etgan qurg‘oqchilik sharoitida, daryo manfaatdor tomonlari va federal hukumat ushbu masalani hal qilish bo‘yicha kelishuvga erishish uchun bor-yo‘g‘i bir necha oy vaqtga ega bo‘ladi.

"Oramizda hali ham juda katta tafovut bor", - dedi Arizonaning Kolorado daryosi bo‘yicha asosiy muzokarachisi Tom Bushatzke jurnalistlar bilan bo‘lgan konferens-muloqot davomida Yuqori va Quyi Havza shtatlarining pozitsiyalarini nazarda tutib. Shuningdek, Arizona shtatidagi Gila daryosi hindulari ham o‘zining uzoq vaqtdan beri mavjud bo‘lgan suv huquqlarini talab qilishda faollashgan.

Bushatzke alternativalarda “juda ijobiy elementlar” borligini, lekin ularni batafsil ko‘rib chiqish uchun vaqt kerakligini ta’kidladi. “Menimcha, jarayonni tezlashtirish uchun amalga oshiriladigan har qanday ish yaxshi natija beradi”, - dedi u.

Koloradodan AQSh Senatining demokrat a’zosi Jon Xikenluper Kolorado daryosidagi hozirgi muammo va xavfning jiddiyligini, alternativalar orqali mavjud vaziyatning og‘irligi va uni hal qilish zarurati yaqqol namoyon bo‘layotganini ta’kidladi.

“Kolorado daryosi inqirozini hal qilishning yagona yo‘li — bu yetti shtatning hamkorlikdagi rejasi bo‘lib, masalani sudga olib bormaslikdir”, - dedi u. – “Aks holda, biz daryoning qurib borishini tomosha qilib, bir-birimizni sudga berishda davom etamiz”.

Xabar demokratlar partiyasidan vitse-prezident Kamala Harrisning saylovda respublikachilar partiyasidan sobiq prezident Donald Trampga yutqazganidan keyin e'lon qilindi. Shuningdek, yaqin kunlarda, Las-Vegasda Kolorado daryosi suv foydalanuvchilari assotsiatsiyasining yig‘ilishi doirasida ishtirokchi tomonlarning muhim uchrashuvi bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.

“Bu holatlar yangi ma'muriyat ish boshlashga tayyorgarlik ko‘rayotgan bir paytda, kelajakdagi daryo boshqaruvi atrofida paydo bo‘layotgan mavhumlikni yana bir bor tasdiqlaydi”, - deydi “Great Basin Water Network” guruhining ijrochi direktori Kayl Royrink.

“Daryo mintaqa bo‘ylab suv iste'molini cheklashni, qabilalarning huquqlarini to‘liq tiklashga qaratilgan kelishuvlarni, yangi to‘g‘onlar va suv yo‘nalishlarini qurishga moratoriyni, yo’qolib ketish xavfi ostidagi turlarga bo‘lgan majburiyatlarni va eskirgan infratuzilmalar haqida yangi yondashuvni talab qilmoqda”, - dedi u.

Arizona shtatining Kolorado daryosi bo‘yicha bosh muzokarachisi Tom Bushatzke Tramp ma'muriyati Bayden ma'muriyati qoldirgan ishlarni davom ettiradimi yoki yo‘qmi, bu borada fikr bildirishdan bosh tortdi. Ammo Sara Porter (Arizona shtati universitetidagi Kil markazi direktori) ushbu xabar “mazkur ishlarning davomiyligi borligini ko’rsatadi” dedi.

“Rahbariyat o‘zgaradi, ammo Kolorado daryosi boshqaruvi bilan shug‘ullanayotgan tajribali mutaxassislar o‘z ishlarini davom ettiradi, bu esa jarayonda izchillikni ta'minlashga yordam beradi”, - dedi u.