Vivian Barbosa Braziliyaning San-Paulu shahrida yashaydi va 20 yildan beri hamshira sifatida ishlaydi.
U AQShda hamshira bo’lib ishlash uchun viza olishga ariza bermoqda.
“Braziliyadan ketishni xohlashimning sabablari ko’p, ammo asosiy sabab – Braziliyada hamshiralarning professional tan olinmasligi va qadrsizlanishidir”, - dedi Barbosa “Amerika Ovozi”ga.
AQShda “baby-boomer” avlodi (1946–1964-yillar orasida tugʻilganlar) qarib borishi bilan sog‘liqni saqlashga bo‘lgan talab ortib, hamshiralar yetishmovchiligi tobora kuchayib bormoqda.
AQSh Mehnat statistikasi byurosi ma’lumotiga ko‘ra, ko‘p hamshiralar kasbni tark etayotganligi sababli yiliga taxminan 200 000 bo‘sh ish o‘rni paydo bo’lmoqda. Bu ish o’rinlarini to‘ldirish uchun ko‘plab shifoxonalar va qariyalar uylari AQShdan tashqaridan hamshiralarni yollamoqda.
AQShda hamshiralar va boshqa malakali ishchilarga bo‘lgan talab juda yuqori bo‘lgan bir paytda, Davlat departamenti moliya yilining qolgan qismida ushbu vizalar uchun yangi arizalar qabul qilishni to‘xtatdi (AQShda moliya yili 1-oktabrda boshlanib, keyingi yilning 30-sentabrida tugaydi). Har yili 40 000 ta ish vizasiga ruxsat beriladi, bu cheklov ushbu toifa joriy etilgan 1990-yildan beri o‘zgartirilmagan.
Yangi moliya yili boshlanishi bilan ishga asoslangan EB-3 vizalari uchun mavjud kvotalar qayta yangilanadi; bu elchixonalar va konsulliklarga ushbu vizalar uchun arizalarni qabul qilishni qayta boshlash imkonini beradi.
Hozirda oktabr oyida berilgan vizalar soni haqida ma'lumot mavjud emas. Sentyabr oyida esa birorta ham EB-3 vizasi berilmagan.
Amerika Xalqaro Sog‘liqni Saqlash Assotsiatsiyasi prezidenti Petti Jeffri o‘z bayonotida, viza arizalarining to‘xtatilishi AQSh sog‘liqni saqlash tizimidagi kadrlar yetishmovchiligini yanada kuchaytirayotganini ta’kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh sog‘liqni saqlash tizimidagi kadrlar yetishmovchiligining sabablaridan biri mahalliy darajada ta’lim olgan hamshiralar sonining kamligidir.
“Mahalliy hamshiralik maktablarining har yili minglab malakali abiturientlarni rad etishiga sabab bo’layotgan muammolarini hal qilmagunimizcha, xalqaro hamshiralar AQSh sog‘liqni saqlash tizimida muhim rol o‘ynashda davom etaveradi, - dedi u matbuotga bergan bayonotida. – So‘nggi viza cheklovlari Amerika kasalxonalari xalqaro malakali hamshiralarga eng ko‘p muhtoj bo‘lgan paytda ularning oqimini to‘xtatdi. Buni hal qilish uchun AQSh Kongressi tomonidan chora-tadbirlar ko‘rilishi zarur”.
Your browser doesn’t support HTML5
Viza jarayonidagi to‘xtashlar va cheklovlar sababli Barbosa o‘zining AQShda ish boshlash jarayoni qancha vaqt davom etishini oldindan bilmaydi.
Chet ellik hamshiralar
Barbosa yashaydigan Braziliyada hamshiralik bo‘yicha o‘qishni tamomlaganlarning soni juda yuqori.
Braziliyada oliy ta’lim muassasalari vakili “Semesp” tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, hamshiralik ishi ishsiz bitiruvchilarning so'nggi ro'yxatida beshinchi o'rinni egallaydi; deyarli har 4 bitiruvchidan 1 nafari haq to'lanadigan ish topa olmaydi.
Xalqaro Hamshiralar kengashi (ICN) ko‘plab mamlakatlarda hamshiralarning qoniqarsiz sharoitlar tufayli boshqa joylarga ketishi yoki kasbni tark etishi global muammo ekanini ta’kidlamoqda.
Xalqaro Hamshiralar kengashi bosh direktori Xovard Katton yirtqichlikka asoslangan ishga yollash amaliyotini to‘xtatish uchun global ishga yollash kodeksini joriy etishga chaqirdi.
“Bizga ma’lum bo’lishicha, ishga yollovchi davlatlar hamshiralarni bitiruv kunida kelib ishga yollab ketadi. Ammo buning hamshiralari olib ketilayotgan davlat uchun hech qanday foydasi yo’q. Ular bu mamlakatlardan ishchi kuchini olib ketayotgan bo‘lsa, bu yo‘qotishlarni qoplash uchun aniq va foydali chora-tadbirlarni ham ko‘rishi kerak. Buning samarali yo‘li — ushbu mamlakatlarda hamshiralik maktablarini qurishga yoki qo‘llab-quvvatlashga majburiyat olish, shu orqali mahalliy sog‘liqni saqlash tizimiga yordam berishdir”, - dedi u.
Yaqinda Rio-de-Janeyroda bo‘lib o‘tgan “G20” sammitida Xalqaro Hamshiralar kengashi dunyo yetakchilarini hamshiralik ta’limiga uzoq muddatli sarmoya kiritishga, ish sharoitlarini yaxshilashga va maoshlarni oshirish majburiyatini olishga chaqirdi. Sammit natijasi sifatida malakali mutaxassislarni zaif davlatlardan jalb qilish amaliyotini rasmiy ravishda muhokama qiluvchi deklaratsiya qabul qilindi, bu ICNning mehnat resurslarini axloqiy boshqarish chaqirig‘iga mos keldi.
“Biz sog‘liqni saqlash sohasidagi ishchi kuchini tayyorlashni, jumladan, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (WHO) akademiyasi orqali mustahkamlashni qo‘llab-quvvatlaymiz”, - deyiladi deklaratsiyada.
Buni ham ko'ring Koronavirus davrida ko'plab tibbiyot xodimlari ish o'rnini boy berganShuningdek, sog‘liqni saqlash sohasida yaxshiroq ish sharoitlari, ta’lim va gender tengligini ta’minlash zarurligi ta’kidlangan.
Rio-de-Janeyroda bo‘lib o‘tgan “G20” sammitida Braziliya milliy sog‘liqni saqlash kengashi prezidenti Fernando Zasso Pigatto sog‘liqni saqlash tizimini yaxshilash zaruratini tan olib, mamlakatlar o‘z ishchi kuchini saqlab qolishi muhimligini ta’kidladi.
“Aslida davlatlar mahalliy sharoitlarni hal qilish uchun mutaxassislarni tayyorlashi kerak, chunki ular o‘zlari yashaydigan muhitni biladi va o‘z jamoalarining maxsus ehtiyojlarini tushunadi”, -dedi u.
Pigatto migratsiya erkinlini, odamlar istagan joyiga borib ishlashi mumkinligini qo’llab quvvatlaydi, ammo u hamshiralar yetishmovchiligining asosiy sabablarini mamlakatlarning o’zida hal qilish va yaxshiroq maosh bilan ta’minlash zarurligini alohida ta’kidladi.
“Biz ba’zi davlatlar sog‘liqni saqlash tizimiga, xususan, ishchi kuchi tayyorlash va sharoitlarni yaxshilashga yetarli darajada e’tibor bermayotganini bilamiz”, - dedi u.
Xalqaro Hamshiralar kengashi rahbari Xovard Kattonning aytishicha, davlatlar past maosh, ish sharoitlarining yomonligi va ta’limga sarmoya yetishmovchiligi masalalarini hal qilmaguncha, sog‘liqni saqlash sohasidagi mutaxassislarning chegaralar orqali migratsiyasi davom etadi. Bu holat uzoq muddatda ham kadrlarni yuborayotgan, ham qabul qilayotgan davlatlar uchun salbiy oqibatlarga olib keladi.
“Hech kim alohida hamshiralar harakatlanishi va migratsiya qilish huquqiga to‘sqinlik qilmaydi. Bu erkinlikni biz to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz. Ammo ular ko‘chib ketganida, nafaqat parvarish ko‘rsatish uchun hamshirani yo‘qotamiz, balki o‘sha davlatlarning ularga qilgan sarmoyasi ham yo‘qoladi”, - dedi u.
Barbosa holati butun dunyo bo‘ylab sog‘liqni saqlash tizimlari duch kelayotgan katta muammoni yoritib beradi.
Barbosa hozirgi noaniq holatga qaramay, o‘z rejalari va maqsadlarini amalga oshirish uchun faol harakat qilishga qaror qilgan.
“Braziliyadagi hamshiralarning qoniqarsiz ish sharoitlari va past baholanishi biz hamshiralarda charchoq va umidsizlik hissini uyg‘otadi”, - deydi Barbosa.
Bu esa ko‘pchilikning boshqa imkoniyatlarni qidirishga majbur bo‘lishiga olib keladi.