AQSh bo’ylab iqtisodiyot tarmoqlari sekin-asta ochilmoqda. Pandemiya jamiyatning barcha jabhalarini, xususan, sog’liqni saqlash tizimini ham ostin-ustun qildi. Ko’plab sohalar kabi tibbiyot xodimlari va ularning yaqinlari uchun ham pandemiya asoratari hali uzoq davom etishi mumkin. Ular orasida o’z ishini yo’qotganlar ko’p.
Doktor Mayk Vilson yetti farzandning otasi. Hozir uyda o’tiribdi.
O’tgan oy u Nyu-York kasalxonalaridan birida rahbarlik qildi. Tinim bilmay ishlayotgan payti “Amerika Ovozi” unga bog’langan edi.
“Dam olishsiz 14 soatlik 22-ish kunim bu”, - degan edi u o’shanda.
Nyu-Yorkda kasallar soni kamaygach, Texasdagi avvalgi ish joyiga qaytdi. Ammo uni qaytib ishga olishmadi.
“Ko’radigan bemorlar kam, shu bois doktorlarga ehtiyoj kamaygan. Mamlakat bo’ylab hamshiralar va shifokorlar ishdan bo’shatilyapti”, - deydi u.
Pandemiya cho’qqisiga chiqqan aprel oyida Amerikaning xususiy tibbiyot sektorida 1,4 million odam ishdan bo’shatildi. Bu qanday ro’y berdi?
Pandemiya boshlanishi bilan kasalxonalar koronavirus bemorlari uchun sharoit hozirlash maqsadida zaruriy bo’lmagan jarrohlik amaliyotlarini to’xtatdi. Kichik kasalxonalar, ayniqsa, moliyaviy muammolarga ko’proq duch keldi. Koronavirus bemorlari davolanayotgani uchun odamlarning boshqa maqsadlarda kasalxonalarga borishi keskin kamaygan.
Doktor Ruchita Gandi yaqinda insultga uchragan va juda kech olib kelingan bemorni davoladi.
“Juda katta qon quyqasini ko’rdik. Agar bu ayolni insultga uchrashi bilan 24 soat ichida olib kelishganda edi, quyqani olib tashlashimiz va katta ijobiy o’zgarish qila olishimiz mumkin edi”, - deydi u.
Odamlar kasalxonalarga kamroq murojaat qilar ekan, xodimlar ishdan bo’shatilmoqda. Ba’zi kichik tez tibbiy yordam markazlarida faqat bir yoki ikki shifokor ishlayapti, xolos.
23 mingdan ortiq tez yordam shifokorlarini o’ziga jamlagan EMDOCS guruhi asoschisi Key Mudining aytishicha, agar doktorlar xodimlar kamligidan shikoyat qilsa, ishdan haydalishi mumkin.
“Murojaat qiluvchilar soni ko’payib ketsa, bizga ko’proq ishchi kerak bo’ladi. Qachon odam ko’payib ketishini, qachon favqulodda holat bo’lishini bilmaymiz. Shu bois doim tayyor turishimiz kerak”, - deydi u.
Doktor Mudiga ko’ra, Amerika kasalxonalari hozir har doimgidan ham ulkan moliyaviy muammolarga yo’liqmoqda.
“Soha biznesga aylangan. Unday bo’lmasligi kerak. Odamlar haqida qayg’uradigan maskan bo’lishi lozim”, - deydi shifokor.
Martda qabul qilingan ikki trillion dollarlik yordam dasturida kasalxonalar uchun 100 milliard dollar ajratilgan.
Ammo bu doktor Vilsonga yordam bera olmadi. Hozir u uzoq yillardan so’ng ilk bor ish topish uchun rezyumesini tayyorlash bilan band.
Facebook Forum