AQSh Prezident Donald Tramp “Nyu-York Post” gazetasi bilan suhbatda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan telefonda gaplashganini oshkor etdi. Kreml Putin-Tramp muloqotini na inkor etdi, na tasdiqladi.
Your browser doesn’t support HTML5
Xalqaro hayot - 10-fevral, 2025-yil - Isroil G’azo markazidan qo’shinlarini chiqardi
“Gaplashyapmiz. Suhbatlarimiz haqida sizga ma’lumot bermayman. Olg’a siljish bor degan fikrdaman. Ukraina-Rossiya urushini to’xtatmoqchimiz”, - deydi AQSh rahbari.
Tramp Putin bilan saylanganidan so’ng gaplashganmi yoki oldin, buni oshkor etmadi.
Xabarlarga ko’ra, AQSh vitse-prezidenti Jey Di Vens 14-16-fevral kunlari bo’ladigan Myunxen xavfsizlik anjumanida Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan uchrashishi kutilmoqda.
AQSh Milliy xavfsizlik maslahatchisi Mayk Uols Myunxenga Davlat kotibi Marko Rubio, Mudofaa vaziri Pit Xegset va Trampning Ukraina va Rossiya bo’yicha maxsus vakili Kit Kellog borishini aytdi. Chorshanba kuni Xegset Bryusselda NATO majlisida ham qatnashadi.
Rossiya tashqi ishlar vazirining o’rinbosari Sergey Ryabkov Tramp bilan oliy darajada uchrashuv bo’yicha muloqot boshlanmaganini aytarkan, AQSh rahbari urushni to’xtatishni istasa, Rossiyaning barcha talablarini inobatga olishi kerak, deydi.
“AQSh, Birlashgan Qirollik va boshqalar buni qancha erta tushunsa, hamma uchun muhim siyosiy yechimga shuncha tez erishiladi”, - deydi Ryabkov.
Putin Ukraina NATOga a’zolik rejasidan hamda Ukrainaning Rossiya nazoratidagi to’rtta viloyatiga da’vosidan voz kechishi, bu hududlardan qo’shinlarini chiqarishi kerak, degan.
Zelenskiy AQShdan harbiy yordam olishga umid qilarkan, Ukrainaning nodir yer minerallarini qazishda Qo’shma Shtatlarga hamkorlik taklif etdi.
“Bu konlar bebahodir. Ko’p pul turadi. Shu sabab ularni qo’riqlashimiz kerak. Amerikaliklar kelishishmoqchi, biz ham bunga tayyormiz”, - dedi Zelenskiy.
AQSh milliy xavfsizlik maslahatchisi Amerika Ukrainaga sarflangan xarajatlarini shu tariqa qoplamoqchi ekanini aytadi.
Zelenskiy Ukraina tabiiy resurslarining 20 foizi Rossiya qo’lida ekanini, Kreml AQShning Eron va Shimoliy Koreya kabi dushmanlarini mana shu minerallar bilan ta’minlashi mumkinligini bildirmoqda.
Nodir yer minerallari elektr dvigatellar va elektronika mahsulotlarini ishlab chiqarishda zarur komponent hisoblanadi.
Zelenskiy Dnepr mintaqasi minerallarga boy deydi, Rossiya qo’shinlari esa ayni damda Dnepropetrovsk chegarasiga yaqinlashmoqda.
Zelenskiy Trampga AQSh suyultirilgan gazini Ukrainadagi yer osti omborlarida saqlash taklifini berganini ham aytadi.
Bu o’rtada Germaniyada Rossiya bilan kelajakda urushga hozirlik boshlangan. O’tgan yili qonunchilar Germaniya harbiy salohiyatini kuchaytirish uchun 107 milliard dollar ajratgan.
Germaniya armiyasi hozir 179 ming harbiydan iborat va hukumat qurolli kuchlar sonini 2031-yilgacha 203 minggacha oshirmoqchi.
“Ukrainadagi urushni deb Yevropada vaziyat o’zgarmoqda. Kelajakda urushga tayyor turishimiz, zaxiralarimizni to’ldirishimiz kerak”, - deydi yangi askarlar harbiy tayyorgarligi bilan shug’ullanayotgan nemis ofitseri.