Yevropa Zelenskiyga dalda bermoqda

  • Amerika Ovozi

O’tgan juma kuni Vashingtonda AQSh Prezidenti Donald Tramp va vitse-prezidenti Jey Di Vens bilan gap talashib Oq uydan haydalgan Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyni yakshanba kuni Londonda Yevropa rahbarlari aksincha iliq kutib oldi.

Londondagi yig’in Ukrainaning Rossiya bilan urushida kutilmaganda AQSh yordamisiz qolayotgan Yevropa uchun nafaqat yangi strategiyani muhokama qilishga, balki Vashingtondan quruq qo’l bilan qaytgan va AQSh rahbarlaridan tanbeh eshitgan Zelenskiyga dalda berishga ham imkoniyat bo’ldi.

Tramp Zelenskiyga tinchlik haqida gapirishga tayyor bo’lganidagina Vashingtonga qaytishni tayinladi.

“Siz yo kelishasiz yo biz o’yindan chiqamiz. Biz o’yindan chiqsak, yolg’iz o’zingiz jang qilasiz. Bu yaxshi bo’ladi deb o’ylamayman. Qo’lingizda karta qolmadi. Ammo biz bilan bitim imzolansa, ancha yaxshi pozitsiyada bo’lasiz. Aslo shukur qilayotganingiz yo’q. Bu yaxshi emas”, - dedi Tramp.

AQSh Davlat kotibi Marko Rubio Trampning Oq uydagi uchrashuvda aytgan gapini qaytarib, Zelenskiy Rossiya bilan urushni davom ettirish orqali uchinchi jahon urushiga turtki bermoqchi bo’layotganini aytdi, urushni jang maydonida emas, muzokara stoli atrofida tugatish kerakligini ta’kidladi.

“Agar ularni muzokara stoliga o’tqizmasak, urush tugash ehtimoli nol foizga teng bo'ladi. Odamlar qancha tez buni tushunsa, urushning yomonligini, noto’g’ri tarafga qarab ketayotganini, o’lim va vayrona olib kelayotganini, kattaroq mojaroga olib kelishi mumkinligini qancha tez anglasa, kattaroq yutuqqa erishsak bo’ladi deb o’ylayman”, - dedi Rubio.

Kongressdagi demokrat qonunchilar shu tobda ittifoqchini o’z holiga tashlab qo’yishning mavridi emas, deydi.

“AQShda tibbiy muolaja olayotgan nogiron ukrainalik askarlarni ko’rdim. Bir oyog’ida turib madhiya kuylashdi. Bu kabi dovyurak ukrainaliklardan yuz o’girish vaqti emas hozir”, - deydi senator Eymi Klobuchar.

Biroq urushda Ukrainaning talafotlari oshgani sari tinchlik muzokaralariga da’vatlar qattiqroq yangramoqda.

“Tinchlikka imkoniyat berishimiz kerak. Putinga yetarlicha bosim qo’yish uchun sharoit yaratishimiz, Rossiyani muzokara stoli atrofiga o’tirishga majburlashimiz, ko’ndirishimiz lozim. Muzokara ish bermasa, Ukrainani qo’llab-quvvatlashga tayyor turishimiz kerak”, - deydi Britaniyaning AQShdagi elchisi Piter Mandelson.

Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Ukrainada havoda, yerda va energetikada bir oylik otashkesim taklif etdi. Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer esa tinchlik bitimi imzolansa, Ukrainaga britaniyalik qo’shinlar va samolyotlarni yuborish zarurati haqida so’zladi, Ukraina havo mudofaasi tizimi uchun ikki milliard dollarlik yordam ajratilishi haqida e’lon qildi.

Har ikki rahbar Zelenskiyni Tramp bilan til topishishga, muloqotni jonlantirishga da’vat etdi, biroq xabarlarga ko’ra, Fransiya va Britaniyia Rossiya va Ukraina o’rtasida qisman otashkesim bo’yicha rejaga kelisha olmadi.

Zelenskiy Tramp bilan aloqani tiklay olishiga ishonch bildirdi.

"Men tashqi yordam va sheriklikka muhtoj mamlakat manfaatlarini himoya qilyapman. Agar konstruktiv muloqot uchun, haqiqiy muammolarni hal qilish uchun, jiddiy savollar va haqiqiy hal qiluvchi javoblar uchun gaplashishga chaqirishsa, boraman. Amerika, Amerika xalqi va prezidentiga hurmatim tufayli boraman”, - dedi Zelenskiy Londondagi matbuot anjumanida.

Ukraina prezidenti AQSh bilan nodir yer minerallari bo’yicha shartnomani imzolashga tayyor ekanini ham aytdi.