Breaking News

Zelenskiy AQShdan minnatdor, "Ukrainaga tinchlik kerak"


Oq uy, Vashington, 28-fevral, 2025
Oq uy, Vashington, 28-fevral, 2025

Yaqinda AQSh rahbari Donald Tramp diktator deb atagan Ukraina rahbari Volodimir Zelenskiy bu so'zlarni jiddiy qabul qilmagan. Diktator bo'lmagan odam uchun bu ta'rif hech narsani anglatmaydi, degan. Yurtdoshlari bilan gaplashar ekan, Zelenskiy Tramp unga takalluf qilishini kutmasligini ham ta'kidlab o'tgan edi.

"Qo'shma Shtatlar bilan til topishishimiz kerak. Biz albatta diktatura emasmiz, diktaturaga aylanmaymiz. Men qonunan, xalqim saylagan rahbarman. 73 foiz ovoz bilan kelganman prezidentlikka", - degan Zelenskiy.

Vashingtondagi uchrashuvlar silliq kechmasligi aniq edi, deydi u, Oq uydagi janjal ketidan. Lekin AQSh rahbariyati Ukraina pozitsiyasini tushunishi lozim.

28-fevral kuni Oq uyda AQSh va Ukraina orasida imzolanishi kutilgan biznes shartnoma chetga uloqtirildi chunki ikki davlat rahbarlari orasidagi muloqot keskin ruhda, baqir-chaqir bilan tugadi. Prezident Tramp va Vitse-prezident Jeyms Vens Ukraina rahbaridan g'azabda ekanini bildirib, tadbirning qolgan qismini bekor qildi.

"Siz biror jihatdan yutmayapsiz. Biz sabab qo'lingizda hozir imkoniyat bor", - dedi Tramp Zelenskiyga.

Iliq boshlangan muloqot janjalga aylanishi Oq uyda kameralar oldida oldin hech kuzatilmagan.

"Sizda hozir nima bor? Milionlab odamning hayoti bilan o'ynashayapsiz. Uchinchi jahon urushiga turtki bermoqchisiz", - dedi Tramp Zelenskiyga.

Vashington Ukrainani quvvatlashda davom etishi uchun shart qo'ymoqda: uning tabiiy boyliklarining, minerallarining salmoqli qismini AQSh qaziydi.

“Yo ko'nasiz yo biz yo'qmiz", - deydi Tramp.

Janjal ketidan AQSh prezidenti kelishuv imzolanmaganini tasdiqlab, Zelenskiyni tinchlikka tayyor emaslikda aybladi. Tayyor bo'lganida Oq uyga qaytib kelishi mumkin, deya post qildi.

Oq uydagi janjalga qaramay Zelenskiy tinchlikdan umidvor
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:10 0:00

Zelenskiy "Fox" telekanali bilan suhbatda Oq uydagi voqeadan afsusda ekanini aytgan, ammo Tramp ma'muriyati xohlaganidek, kechirim so'ramagan.

Vitse-prezident Vens deydiki, Zelenskiy noshukur, Amerika quvvatlovini qadrlamaydi.

"Oq uyga o'tirib, AQSh rahbariyatini tanqid qilayapsiz, vaholanki biz mamlakatingiz barbod bo'lmasin deya harakatdamiz", - dedi Vens.

Zelenskiy Amerikadan minnatdor ekanini aytgan. Maqsadi xalqi va davlati dardini yetkazish bo'lgan.

Minerallar bo'yicha kelishuvga erishilsa, AQSh Ukrainaning bu boyliklariga birgalikda egalik qiladi, urushdan keyingi tiklanishda yordamlashadi, resurslardan tushgan daromadning 50 foizi taraqqiyot uchun fondga tushadi.

AQSh bundan boshqa xavfsizlik kafolati bera olmaydi, deydi Tramp. Qolgan ish Yevropa zimmasida, chunki urush uning hududida va avvalo u qayg'urishi lozim, deydi prezident.

Respublikachi senator Lindzi Grem nazarida kelishuv imzolanmagani Ukraina uchun ulkan zarar. Zelenskiy Oq uydan oldin Kongressga borib, qonunchilar bilan uchrashgan.

Kiyev bilan muloqotda oldindan qiynalgan Tramp prezidentlikka qaytishi bilanoq unga bosim qo'ya boshlagan, Rossiya bilan urushda u Zelenskiyni ayblaydi. Ukrainaga ko'ra esa Rossiya bosqinchi, Vladimir Putin - qonxo'r.

Oq uy Ukraina va Yevropa ishtirokisiz Rossiya bilan dialog boshlagan. Tramp fikricha, oldingi prezident Jo Bayden Ukrainaga nisbatan egri siyosat yuritgan.

Zelenskiy AQSh bilan til topishish umidini boy bermaganini aytmoqda.

"Ukraina tinchlik xohlaydi", - deydi u, urushga adolatli yakun va barqarorlik.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG