Xususiy kompaniyaga tegishli Oyga qo‘nuvchi apparat o’tgan hafta NASA va boshqa mijozlar uchun burg‘ulash qurilmasi, dron va roverlar bilan Oyga qo‘ndi, biroq tez orada muammolarga duch kelib, ag‘darilib ketgani taxmin qilinmoqda.
“Intuitive Machines” kompaniyasi o‘zining “Athena” apparati Oy janubiy qutbi yaqiniga tushganini va oradan bir kun o’tib o’chib qolganini ma’lum qildi.
Bu parvoz NASAning Oyga yuk yetkazib berish tijoriy dasturi doirasida Texas kompaniyasi tomonidan amalga oshirilgan ikkinchi qo‘nish bo‘ldi. Birinchi qo‘nish muvaffaqiyatli o‘tgan edi.
“Athena” landeri reja bo‘yicha Oy orbitasiga chiqgan. Bir soatlik tushish jarayoni silliq kechgan, biroq so‘nggi yaqinlashish bosqichida lazerli navigatsiya tizimi noto‘g‘ri ishlay boshlagan.
"Biz Oy yuzasida turibmiz", — deb xabar berdi “Intuitive Machines” missiyasi direktori va hammuassisi Tim Krayn.
Bir necha daqiqadan so‘ng u yana qaytarib, "Tushganga o‘xshaymiz. Hozirda yerda qanday joylashganimizni aniqlash ustida ishlayapmiz", dedi.
O‘tgan hafta uchirilgan “Athena” 375 000 kilometr uzoqlikdagi boshqaruv markazi bilan aloqa o‘rnatgan va quyosh energiyasidan quvvat olayotgani ma’lum qilingan. Ammo oradan bir kun o’tib u ishdan chiqqani ma’lum bo’ldi.

Marsdagi robot navbatdagi ekspeditsiyaga chiqdi
“Intuitive Machines” o‘tgan yili AQShni Oyga qaytargan edi, garchi qurilma yonboshlab tushgan bo‘lsa ham. Yaqinda yana bir Texas kompaniyasi bu ishni amalga oshirdi.
“ Firefly Aerospace” o‘zining “Blue Ghost” landeri bilan Oyga to‘liq muvaffaqiyatli qo‘ngan birinchi xususiy kompaniya bo‘ldi. U Oy yuzasining shimoli-sharqiy qismiga qo‘ndi. Missiya doirasida vakuum tizimi allaqachon Oy tuprog‘ini yig‘ib, tahlilga tayyorladi, chang qalqoni esa yuzaga yopishib qolgan abraziv zarrachalarni to‘kib tashladi.
“Intuitive Machines” bu safar janubiy qutbdan 160 kilometr uzoqlikdagi tog‘ platosiga qo‘nishni maqsad qilgan edi. Lander belgilangan platoga yetib bordi, biroq kompaniya aniq mo‘ljallangan nuqtaga qanchalik yaqin tushganini hali bilmaydi.
Apollon-13 - NASAning "muvaffaqiyatli mag'lubiyati"
Bir hafta ichidagi ketma-ket Oyga qo‘nishlar tijorat asosida Oyga yuk yetkazuvchi NASA dasturining bir qismidir. Ushbu dastur ilmiy tajribalarni Oyning kulrang va chang bosgan yuzasiga olib borish va kosmik biznesni rivojlantirishga xizmat qiladi. Tijoriy qo‘nish apparatlari, shuningdek, ushbu o‘n yillikda NASAning “Artemida” dasturi doirasida Oyga boradigan astronavtlar uchun yo‘l ochuvchi tadqiqot vositasi sifatida ham ko‘rilmoqda. Bu dastur “ApolloN” missiyasining davomi hisoblanadi.