1946-yilda demokrat senator Uilyam Fulbrayt ta'sis etgan ilmiy-professional almashinuv dasturi AQSh o'z yoshlari va dunyo ahliga taklif qiladigan eng bebaho imkoniyatlardan biri sanaladi.
Davlat departamenti xalq diplomatiyasining ajralmas qismi deya targ'ib qiladigan bu kabi almashinuv dasturlari hozirda mushkul ahvolda, chunki ular Amerika tashqi yordamiga kiradi. Unga ko'zlangan mablag' Tramp ma'muriyati tomonidan yanvar oyi oxiridan beri muzlatilgan.
Oq uyga ko'ra, bu soha qayta ko'rib chiqilmoqda. AQSh manfaatlariga naqadar javob berishiga qarab, dasturlar qisqarishi yoki yo'q qilinishi mumkin.
"Fulbrayt" stipendiyasi yutib, Estoniyada ukrain qochqinlar uchun maktabda dars berishga borgan Obri Ley endilikda nima qilishini bilmaydi, chunki mablag' bir hafta o'tib, to'xtab qoldi. Grantning qolgani beriladimi yoki yo'q, hech kim bilmaydi.

Davlat departamenti Amerikaning tashqi aloqalari, xususan ta'limiy va professional almashinuv dasturlari uchun mas'ul
Prezident Donald Tramp barcha agentliklarga xarajatni va xodimlar sonini kamaytirishni, favqulodda zarur bo'lmagan programmalarni bekor qilishni buyurgan.
Mablag' muzlatilgach, AQShga chetdan o'qish yoki malaka oshirish uchun kelganlar, xorijga shunday maqsadlarda chiqqan amerikaliklar moliyasiz qolgan.
"Fulbrayt", "Gilman" va yana o'nlab stipendiya dasturlari qatnashchilari kimdan yordam so'rashni bilmaydi. Ularni muvofiqlashtiradigan tashkilotlar va ular bilan shartnomaga ega Davlat departamenti kelajak haqida lom-mim demayapti.
Stipendiatlar hukumatdan norozi ekanini aytib, Kongresss va boshqalardan yordam kutmoqda.
Ley kabiлар qay davlatгa bo'lmasin, yursak maqsadlar bilan borgan. Dasturni muvaffaqiyatli yakunlash kasbiy kelajak uchun ham muhim.
“Talabalarim, qochqinlar, shundoq ham tinimsiz to'siqlar ichidagi odamlar. Endi men ham ularni tashlab ketamanmi? Buni tasavvur ham qila olmayman”, - deydi Ley.
U yana bir oy bepul ishlashga tayyor, ammo undan keyin bunga qurbi yetmaydi.
“Aniqlashimcha, hech kim bizga hozir hech narsani kafolatlay olmaydi va hech kimda ertangi kun haqida ma'lumot yo'q. Hamma mavhumlik ichida".
Prezident Trampga ko'ra, hukumat har bir dollarni Amerika manfaati uchun sarflashi kerak
"Fulbrayt" uyushmasiga ko'ra, minglab tadqiqotchilar, talaba va mutaxassislar shu holatda. Mablag' muzlatilgani 12,5 mingdan oshiq amerikalikning faoliyatini to'xtatgan yo ular dasturda endi qatnasha olmaydi, vaholanki, tanlovdan o'tib, stipendiya yutgan.
Tashkilot 7400 dan oshiq xorijlik Amerikada o'qish va tajriba oshirish imkoniyatidan kesilganini bildirmoqda.
Ukrainalik Galina Morozova Janubiy Illinoys universitetida dars berish uchun kelgan edi. Unga ham bir haftalik haq to'langan xolos. "Fulbrayt" stipendiyasini yuritadigan Xalqaro ta'lim instituti mablag' yo'qligi haqida xat yo'llagan.
Buni ham ko'ring Rossiyalik stipendiatlar vatanga qaytishdan xavfsiramoqdaMorozova oyiga 750 dollar olishi kerak edi. 187 dollar tushgan xolos.
“Begona yurtda bu qadar chorasiz qolib ketaman deb o'ylamagandim, juda qo'rqinchli”, - deydi u.
“Stipendiyaning qolgani keladimi? Yo vatanga qaytishimiz uchun biletlar olib berishadimi? Hech narsani bilmaymiz".
Amerika bo'ylab ta'lim maskanlari almashinuv dasturlarini azaldan olqishlab, ularda faxr bilan qatnashib keladi.
Chet ellik mutaxassislar va yoshlar Amerika universitetlarini har jihatdan boyitadi, deydi professor Olga Bejanova, "Fulbrayt" stipendiatlari qiynalayotganiga achinib.
Bejanova o'zi ishlaydigan Janubiy Illinoys universitetini Morozova kabilarga homiylik qilishga undamoqda. Biror yo'lini topish kerak, deydi professor.
AP axborot agentligiga tayanildi