11-mart kuni Saudiya Arabistonida AQSh delegatsiyasi bilan uchrashgan Ukraina rasmiylari Rossiya bilan urushga barham berish uchun Vashington bilan yaqindan ishlashga tayyorligini bildirgan. Kiyev Tramp ma'muriyatining 30 kunlik sulh taklifini qabul qilgan.
Amerika hukumatining umidi shuki, Moskva ham unga rozi bo'ladi va sulh muddati har ikki tomon xohishi bilan cho'ziladi.
AQSh Davlat kotibi Marko Rubio va Oq uyda Milliy xavfsizlik bo'yicha maslahatchi Mayk Volz deydiki, Jidda shahridagi dastlabki kelishuv tafsilotlari Rossiyaga bayon etiladi va undan ham hamkorlik kutiladi.

Chapdan Ukraina Tashqi ishlar vaziri Andriy Sibixa, prezident idorasi boshqaruvchisi Andriy Yermak, Mudofaa vaziri Rustem Umerov, Jidda, 11-mart, 2025
Uchrashuv yakunidagi e'longa ko'ra, AQSh Ukrainaga bir necha kun oldin to'xtatib qo'ygan harbiy yordam va razvedka almashinuvi tiklangan.
Prezident Donald Tramp fikricha, uch yillik qonli urushni nima qilib bo'lsa-da tugatish - birlamchi vazifa.
Ukraina rahbari Volodimir Zelenskiy kuni kecha Saudiya Arabistoniga borgan bo'lsa-da, bugungi muloqotda qatnashmagan. Uning idorasi boshqaruvchisi Andriy Yermak deydiki, uning davlati va xalqi tinchlik istaydi va buning uchun barcha imkoniyatini ishga soladi.
Jiddaga Yermak bilan Ukraina Tashqi ishlar vaziri Andriy Sibixa, Mudofaa vaziri Rustem Umerov va harbiy qo'mondon Pavlo Palisa borgan.

AQSh va Ukraina rasmiylari, 11-mart, 2025
Ukraina xavfsizlik kafolatini talab qiladi, deydi Kiyev delegatsiyasi, chunki Rossiya so'zida turmasligi va yana agressiyaga berilishi mumkin.
Davlat kotibi Rubio ta'kidlashicha, Amerika tomonlarni tinglaydi, ularni tinchlik bitimi tomon yetaklashga bel bog'lagan. Har ikki tomondan murosa kutiladi, deydi Rubio.
“Bu urushni harbiy yo'l bilan yakunlay olishmaydi, bu aniq. Shunday ekan, Rossiya va Ukraina qiyin qarorlar qilishiga to'g'ri keladi",- deydi Rubio.
AQSh bosh diplomati Saudiya Arabistonining yuqori lavozimli rasmiylari bilan ham so'zlashgan. Qirollik Amerika va Ukraina orasida vositachilik qilayotganidan mamnun.
Chapdan AQSh Davlat kotibi Marko Rubio va Oq uyda Milliy xavfsizlik bo'yicha maslahatchi Mayk Volz, Jidda, 11-mart, 2025
28-fevral kuni Oq uyda imzolanishi kutilgan, ammo Tramp va Zelenskiyning achchiq so'zlar bilan erta tugagan uchrashuvi sabab chetga surilgan mineral bitimi yaqin orada hal bo'lishi kutilmoqda. Jiddada delegatsiyalar bu ma'lumotni tasdiqlagan.
AQSh hukumati Ukrainaga bergan ko'magi evaziga uning tabiiy boyliklarining bir qismini so'ramoqda va Kiyev bunga rozi.
Oq uyga ko'ra, noyob moddalarni qazish uchun sarmoya har ikki davlat manfaatlari uchun xizmat qiladi. Amerika shu tariqa Ukrainaga uzoq muddatda ham madad ko'rsatgan bo'ladi, deydi Prezident Tramp.
18-fevral kuni Riyodda AQSh Rossiya bilan muloqot olib borgan edi. U uchrashuv ham ijobiy ruhda tugagan.
Kreml nazarida, hozirda Oq uy va uning pozitsiyasi "ancha uyg'unlashgan".