Breaking News

Tramp Ukrainaga yordamni to'xtatdi


Ukraina rahbari Volodimir Zelenskiy Yevropa liderlari sammitida, London, 2-mart, 2025
Ukraina rahbari Volodimir Zelenskiy Yevropa liderlari sammitida, London, 2-mart, 2025

Prezident Donald Tramp Ukrainaga madadni to'xtatdi. Maqsad tinchlikka erishish, deya bildiradi Oq uy, "ammo bizning hamkorlarimiz ham unga bel bog'lagan bo'lishi kerak".

"Berayotgan yordamimiz yechim tomon yetaklayaptimi yo'qmi, shuni aniqlab olish uchun tanaffus olayapmiz", - deyiladi bayonotda.

Tramp nazarida Ukraina rahbari Volodimir Zelenskiy Rossiya bilan urushni tugatish ehtimoliga ishonmaydi. Amerika bunday yondashuvga chidab o'tirmaydi, deydi u.

28-fevral kuni Oq uydagi uchrashuv shu bois ham janjal bilan tugagan, rejalangan kelishuv chetga uloqtirilgan.

Zelenskiy Vashingtondan Londonga borib, Yevropa liderlari sammitida qatnashdi. Ukraina prezidenti urush yaqin orada tugashiga ishonmasligini aytarkan, yurti tashqi yordamga muhtoj ekanini qayta-qayta eslatgan. Yevropa davlatlari va Amerika madadni ayamaydi, deya umid bildirgan.

Eng ko'p qurolni Ukrainaga Amerika uzatib kelmoqda. Zelenskiy oradagi achchiq so'zlarga qaramay Vashington bilan aloqalar mahkam, degan fikrda.

Tramp fikricha esa Ukraina rahbari yordamni shartsiz va muddatsiz deb o'ylaydi. Zelenskiy AQShsiz uzoqqa bora olmasligini ham biladi, deydi prezident.

Londonda Yevropa liderlari sammiti, 2-mart, 2025
Londonda Yevropa liderlari sammiti, 2-mart, 2025

Zelenskiy esa diplomatiya kuchiga tayanishini aytadi.

"Tinchlikka imkon qadar tezroq erishishni xohlaymiz. Ukraina Amerika va Yevropadagi sheriklari bilan yaqindan ishlayapti. AQSh yordami beqiyos", - deydi u.

Tramp urushda yuzlab ming insonning yostig'i quriganini qayd etib, tinchlik muzokaralari boshlashga undamoqda. Lekin Zelenskiy Rossiya rahbari Vladimir Putinga aslo ishonmasligini, u oldingi sulhlarni buzganini, kuchli xavfsizlik kafolatisiz tinchlik bo'lmasligini bildiradi.

Zelenskiy murosa uchun Ukraina manfaatlarini qurbon qilinmasligi kerak, agressor Moskva o'z talablarini o'tkaza olmaydi, deydi.

Rossiya ayni damda Ukrainaning 20 foizini egallab olgan. Sharqiy hududlarda uning nazorati kengayib borayotgani kuzatiladi.

Tramp Ukrainaga yordam evaziga uning tabiiy boyliklarini so'ramoqda. Bu borada kelishuv 28-fevral kuni imzolanishi kerak edi, ammo Oq uyda Zelenskiy va Tramp hamda Vitse-prezident Jeyms Vens orasidagi keskin bahs sabab tadbir o'tkazilmadi.

“Bizga yordamni to'xtatish Putinga dalda bo'ladi", - deydi Zelenskiy.

Shu bois ham, deydi u, Amerika va erkin dunyo, Putinni quvvatlamaydi.

Tramp Zelenskiyni noshukurlikda va Amerikadan hech qanday shartsiz madad kutayotganlikda ayblaydi. Ukraina rahbari esa u va uning xalqi AQShdan cheksiz minnatdor ekanini aytadi.

Ukraina rahbari Volodimir Zelenskiy, Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer va Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Londonda suhbatda, 2-mart, 2025
Ukraina rahbari Volodimir Zelenskiy, Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer va Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Londonda suhbatda, 2-mart, 2025

Tramp Kreml bilan aloqada ekanini aytib, Vashington muzokaralarda vositachilik roliga tayyor, deydi. Uningcha, Putinni tanqid qilish bilan tinchlikka erishilmaydi.

Londonda 18 davlat ishtirokidagi sammitga mezbonlik qilgan Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer nazarida, Yevropa zimmasida tarixiy vazifa turibdi.

AQSh yordami to'xtab qolishidan xavotirda ekan, Starmer Ukraina tinchligi va butun qit'a barqarorligi Yevropaning o'ziga qolayotganini aytgan.

Trampning milliy xavfsizlik bo'yicha maslahatchisi Mayk Volz deydiki, bu - muhim burilish.

"Yevropa hamjamiyati o'z xavfsizligi yo'lida jonbozlik ko'rsatayotganidan mamnunmiz. Ular o'z salohiyatini kuchaytirish uchun sarmoya qilayotgani ijobiy o'zgarish. Buning uchun iroda yetarli ekanini ko'rayapmiz", - deydi Volz.

Sammit qatnashchilari Ukraina va Zelenskiy tarafida ekanini bayon etgan, jumladan Kanada Bosh vaziri Jastin Trudo va NATO Bosh kotibi Mark Rutte.

Yevropa Komissiyasi raisi Ursula von der Leyen qit'ani qurollanishga, o'z tinchligi uchun kurashishga tayyor turishga undamoqda.

London Ukrainaga qariyb 3 milliard dollarlik qarz ajratmoqda. U bevosita Kiyevdan qaytarilmaydi, balki Rossiyaning muzlatilgan mulklaridan undiriladi.

Britaniya, Fransiya va Ukraina sulh rejasi ustida ishlab, uni AQShga taqdim etmoqchi.

Kremlga ko'ra, AQSh pozitsiyasi o'zgargani uni Moskvaga yaqinlashtirmoqda, Vashington va Moskva siyosiy jihatdan uyg'unlasha boshlagan, deydi Putinning so'zlovchisi Dmitriy Peskov.

Oq uy rasmiylari bu haqda so'ralganida, AQShning pozitsiyasi tinchlik, uch yillik urushga yakun yashash, deya javob beradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG