Rossiya-Ukraina urushi dunyoda geosiyosiy silkinishlar qilishi barobarida bungacha mavjud savdo tizimini ham izdan chiqardi.
Bu urushga tortilmagan davlatlar ham iqtisodiy siyosatni qayta shakllantirish, tijorat uchun yangi yo`llar topishga majbur qoldi, ayniqsa, logistika jihatdan imkoniyatlari cheklangan Markaziy Osiyo.
Urushgacha mintaqa Yevropa bozoriga chiqish uchun asosan Rossiya, qisman Ukraina va Belarus orqali o`tuvchi shimoliy koridordan foydalanardi.
Urush bois Rossiyaga nisbatan keskin sanksiyalar va notinchlik Kaspiy dengizi, xususan Qozog’iston-Kavkaz-Turkiya orqali Yevropaga chiquvchi O`rta koridor tranzit yo`lagiga ehtiyojni oshirdi.
Qozog’istonlik iqtisodchi Saparboy Jubaveyning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, O´rta koridor hozirgi sharoitda Markaziy Osiyo, Xitoy va Yevropa uchun xavfsiz, muqobilsiz variantga aylanmoqda.
“Markaziy Osiyo ochiq dengizdan mahrum. Hozirgacha asosan sovet davrida shakllangan logistika ishlardi, barcha tovarlar shimoliy yo`nalishda Rossiyaga jo`natilardi, eksport asosan shunga tayanardi. Hatto mintaqa yaqinidagi Hindistonga ham faqat shimol orqali chiqilgan", - deydi Jubayev.
"Bugungi geosiyosat jiddiy o’zgardi. Rossiya, Belarus sanksiya ostida, Ukraina urush ichida. Bu esa avval TRACEKA deb atalgan, 90-yillarda G´arb dastaklagan, hozir O’rta yo`l deb atalayotgan koridorni qayta jonlantirdi. Transsibir yo`li mavjudligi bois bu yo`l rivojlanmay kelayotgan edi. Albatta, bu yerda Xitoy o`rnini alohida ta`kidlash kerak, bu koridor aynan “Bir belbog’, bir yo`l” tashabbusi doirasida rivojlandi. Ya`ni maqsad Markaziy Osiyo orqali Xitoy yuklarini Yevropaga, Yevropa yuklarini esa Xitoyga yetkazish. Tabiiyki, shu o’rinda mintaqaviy logistikani ham rivojlantiradi. Mahalliy yuklar ham Xitoyga, Yevropaga yetkaziladi. Xitoy shimoldagi muammolar bois aynan shu yo`lni rivojlantirmoqda. Shu ma`noda O´rta yo`l Xitoy, Markaziy Osiyo, Kavkaz, Turkiya va Yevropa manfaatlariga javob beradi”, - deydi qozoq ekspert.
O´rta koridor orqali yuk tashish asosan temir yo`l, Kavkaz va Turkiyadagi dengiz portlari orqali amalga oshadi. Yevropaga yuk yetkazilishi shimoliy yo`nalishga nisbatan ancha qisqargan, kemalarda yuk tashish avvalgi bir oy o`rniga ikki haftadan sal oshiq vaqt oladi.
Bu koridorning asosiy qismi Markaziy Osiyoda Qozog’iston, Kavkazda esa Ozarbayjon orqali o`tadi. Koridorga yuklama jiddiy oshishi infratuzilmani kengaytirishni talab etadi.
“Ozarbayjonning o`rni siyosiy, iqtisodiy jihatdan ham muhim. Yevropaga yuklar Ozarbayjon orqali o`tadi. Boku sarmoya yotqizmoqda, infratuzilmani kengaytirmoqda. Gap nafaqat yuk tashishda, shuningdek mintaqa energetikasini Yevropaga chiqarishda ham Ozabayjon imkoniyatini kengaytirish haqida bormoqda. Yevropa mintaqadan energetika eksportidan manfaatdor, ayniqsa Rossiya sanksiyalar ostida qolar ekan. Shu sababli O’rta yo`l mintaqa iqtisodini shimolga qaramlikdan xalos qilishda ham muhim orin tutadi”, - deydi Jubayev.
Turkiya mintaqadan, xususan Turkmanistondan gaz sotib olish hajmini oshirishga tayyor, ammo muammo transportirovkada. Ozarbayjon orqali amaldagi marshrut bunga imkoniyat bermaydi, yangi quvurlar yotqizilishi jiddiy mablag´, Turkiya, Kavkaz, mintaqa davlatlarini hamkorligini talab etadi.
O’zbekiston 30 yildirki dengizga chiqishning turli muqobil yo`llarini rejalab keladi, hozircha samarasiz. Ammo yaqinda qurilishi boshlangan Xitoy-Qirg’iziston-O’zbekiston temir yo`l qurilishi o`zgarishlar qilishi mumkin.
“Agar bu yo`l qurilsa, O´zbekiston va Qirg’izistonning O'rta koridordagi imkoniyatlari oshadi. Xitoydan mintaqaga keluvchi muqobil yo`lga aylanadi. Nazarimda, loyihaga Turkmanistonni, Tojikistonni ham tortish kerak, butin mintaqani O´rta yo`lga bog’lovchi logistika tizimi yaratilishi zarur. Bundan mintaqa yutadi, Markaziy Osiyo iqtisodi uchun jiddiy imkoniyatlar beradi”, - deydi Jubayev.
Markaziy Osiyo energetik zahiralarga, boshqa qazilmalarga ham boy. O'zbekiston O'rta koridorning ahamiyatini e'tirof etgan, lekin shu kungacha undan foydalanish uchun salmoqli qadamlar tashlamagan.
Qirg'iziston va Tojikiston rahbariyatlari ham mintaqaviy birdamlik va iqtisodiy bog'liqlik xususida gapirganida Kaspiy dengizi orqali mavjud imkoniyatlarga uncha e'tibor qaratmaydi.
Rossiya hamon mintaqaning ikki eng yirik biznes hamkorlaridan biri. Birinchi o'rinda Xitoy.
Yevropa davlatlari bilan ham iqtisodiy aloqalar kengaygani kuzatiladi, biroq mutaxassislar O'rta koridor kelajagi avvalo Kaspiy dengizi atrofidagi davlatlar qo'lida va irodasiga bog'liq, deya eslatadi.
O'rta koridorda tranzit faollashishi uchun O'zbekiston kabi aholisi ko'p mamlakatlarning roli ham muhim ekani ta'kidlanadi.