Xelsinki Komissiyasi vakilining Amerika Ovoziga bergan intervyusi

"Xelsinki Komissiyasi" nomini olgan Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Komissiyasi vakillaridan biri Maykl Oks (Michael Ochs) komissiyaning O'zbekiston bo'yicha faoliyati hamda Andijon voqealariga nazar tashlab, Amerika Ovozi radiosining o'zbek tilidagi dasturiga intervyu berdi. Xelsinki Komissiyasi AQSh hukumatining mustaqil agentligi bo'lib, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti hamda Xelsinki Aktining majburiyatlari bajarilishini kuzatish va bajarishga undash maqsadida 1976 yil tashkil topgan.

Senat va Vakillar Palatisining to'qqiztadan a'zosi va Davlat departamenti, Mudofaa va Savdo vazirliklaridan bittadan vakil Komissiya komissarlari vazifasini bajarmoqda. Ularning ichida o'zbekistonliklarga yaxshi tanish senatorlar Sem Braunbek va Xillari Klinton ham bor.

O'zbekiston Xelsinki Jarayonida qatnashayotgan mamalakat bo'lganligi sabab, komissiya Andijon voqealariga bevosita e'tibor qaratgan.

Amerika Ovozi: Janob Oks, dasturimizga xush kelibsiz.

Maykl Oks: Men Amerika Ovozi radiosining o'zbek tilidagi eshittirishlarining efirga qaytganidan xursandman. O'zbekistonda ko'plab voqealar sodir bo'lmoqda. Balki bundan ko'proq sodir bo'lar. Hali bu voqealar bo'yicha Toshkentda ham, Vashingtonda ham qarorlar chiqishi kerak - qonun chiqaruvchilik hokimiyatida ham, ijroiya hokimiyatida ham. Barchaga qo'shimcha axborot kerak bo'ladi va bizning bu jarayonda ishtirok etish imkoniyatiga ega bo'lishimiz ijobiy hol.

Amerika Ovozi: Komissiyangizning O'zbekiston bilan hamkorlik tarixiga to'xtalib o'tsangiz. Hisobotlaringizdan O'zbekiston qanday o'rin olgan?

Maykl Oks: Xelsinki Komissiyasi 15 yildan beri O'zbekistonni kuzatib boradi. Balki undan ham ko'proqdir. Shaxsan men O'zbekistonga ilk bor 1991 yilning dekabr oyida prezidentlik saylovlarini kuzatish uchun borganman. Shundan so'ng mintaqaga ko'p marotaba bordim. Ba'zi hamkasblarim u yerda yaqinda bo'lib qaytdilar. O'zbekiston mavzusida ko'plab tinglovlar uyushtirganmiz. So'nggisi, yanglishmasam, o'tgan yilning iyun oyida bo'lib o'tgan. Andijon voqealaridan so'ng esa, biz brifing uyushtirdik, va, taajubimizga, ko'plab vakillarimiz unda qatnashdilar. Komissiya raisi Senator Braunbek, hamraisi kongressmen Kris Smit va boshqa Kongress a'zolari shular jumlasidandir. Shu holning o'zigina O'zbekistonda bo'lgan voqealarga Kongressdagi qiziqishni ko'rsatadi. O'zbekiston ayni paytda judayam qiyin ahvolni boshdan kechirayotgan, strategik jihatdan juda muhim mamlakatdir.

Amerika Ovozi: Andijonda bo'lib o'tgan voqealardan so'ng Xelsinki Komissiyasi birinchilardan bo'lib tinglov uyushtirgan edi. Yana qanday reja va tadbirlarni ko'zda tutyapsiz?

Maykl Oks: Shunga o'xshash tadbirlarni o'tkazishni ko'zlayapmiz. Yaqin kelajakda yana bir tinglov o'tkazishimiz mumkin. Bizning vakillarimiz O'zbekistondagi voqealarni har kuni va yaqindan kuzatadilar. Biz ko'plab axborot manbalariga egamiz. AQSh hukumatining boshqa hukumat organlari bilan ham yaqindan aloqadamiz. Shuningdek, Vashingtondagi O'zbekiston elchixonasi bilan ham aloqada bo'lib, bizni qiziqtirayotgan va tashvishga solayotgan masalalarni ular bilan muhokama qilamiz.

Amerika Ovozi: O'zbekiston bilan aloqalaringiz qanday?

Maykl Oks: Biz O'zbekiston elchixonasi bilan anchadan beri muloqotdamiz. Elchixona ochilgandan beri unda ishlagan har bir elchi bilan hamkorlik qilganman. O'tgan iyun oyida o'tkazilgan tinglovda elchi Abdulaziz Komilov ham so'zlagan. U bilan yaqinda mazkur masalalarni muhokama qilish uchun yana uchrashdik. Elchixona, oz'ingizga ma'lum, mamlakatning ko'zgusi. Biroq yakuniy qarorni elchixona chiqarmasligini ham yaxshi bilamiz. Shunday bo'lsada, umid qilamizki, elchi va uning xodimlari bilan bo'lgan uchrashuvlarimizda ko'tarilgan masalalarni ular O'zbekiston hukumatiga yetkazadilar. Ba'zida bular demokratlashtirish kabi keng va umumiy ma'nodagi masalalar bo'lishi mumkin, ba'zida esa, Andijon voqeasiga doir, konkret va tor doiradagi masalalar bo'lishi mumkin. Bizning o'ylashimizcha elchixona biz ulardan kutgan narsani qo'llaridan kelgancha bajarishga harakat qilishadi. Biroq hech qaysi elchixona bu vazifaning uddasidan yuz foiz chiqa olmaydi.

Amerika Ovozi: Hozirda NATO, AQSh, Yevropa Ittifioqi kabi mamlakatlar va yirik tashkilotlar Andijondagi voqealar borasidan mustaqil xalqaro tekshiruv o'tkazishga chaqiryaptilar. Biroq BMT Xavfsizlik Kengashining ikki doimiy a'zosi bunga qarshi chiqmoqda. Sizning fikringizcha, nega? Ular qanday manfaatlarni ko'zlamoqdalar?

Maykl Oks: Andijon voqealariga va ularni tergov qilish uchun mustaqil tekshiruv o'tkazish chaqiriqlariga kelsak, biz ham xuddi shunday fikrdamiz. Komissiyamiz raisi Senator Braunbek va hamraisimiz kongressmen Smit ham shunga chaqirganlar. Biz buning ustida ish olib bormoqdamiz.

Moskva bilan Pekinning siyosatini olsak, men, ularning nomidan gapira olmayman, biroq har birining bu masalaga yondashuvi bir-biridan farq qiladi. Shuni yaxshi bilamizki, Andijon voqealaridan so'ng prezident Karimov Pekingga borgan. U yerda uni nafaqat yaxshi kutib olishgan va, hattoki, mojaroni o'zicha hal qilgani uchun olqishlashgan ham. Moskvani oladigan bo'lsak, ko'p yillik tajribamiz asosida shunday xulosaga keldikki, Moskva demokratiya va demokratlashtirish jarayoniga geostrategik masala sifatida qaraydi. Agar Vashington O'zbekiston borasida o'zining tashvishlanishini bildirsa, Moskva bundan Vashingtonning mintaqadagi mavqeiga putur yetkazishga imkoniyat sifatida foydalanishga va o'zining mavqeini mustahkamlashga urinadi. Bu hol afsuslanarlidir. Qani endi Moskva qo'shni davlatlarga demokratiyaning qanchalik kerakglini tushunganda edi! Axir sobiq Sovet davlatlarining demokratlashishi Moskvaning bevosita manfaatidir.

Amerika Ovozi: O'zbekiston hukumati agar tekshiruvga rozi bo'lmagan taqdirda unga nisbatan qanday choralar ko'rilishi mumkin? Bayonotlardan tashqari qanday konkret choralar bo'lishi mumkin?

Maykl Oks:Hozircha rasmiy Toshkent ko'plab xalqaro tashkilotlarning Andijondagi voqealar ustidan mustaqil tekshiruv o'tkazish borasidagi chaqiriqilarini ijobiy hal qilishga hech qanday ishtiyoq bildirganicha yo'q. AQSh matbuotiga nazar tashlasak, O'zbekiston so'nggi bir necha hafta ichida AQSh gazetalarining diqqat markazida bo'ldi. Bu hol AQSh hukumati doiralari ichida ko'plab munozalarga sabab bo'lmoqda. Turli hukumat idoralarida hozir hamma, vaziyatga qanday qilib to'g'ri baho berish haqida bahs qilmoqda. Bahslar, albatta, bundan keyin ham davom etadi. Xelsinki Komissiyasi va boshqa idoralarning tinglov va brifinglar o'tkazishidan asosiy maqsad ham mazkur vaziyatda qanday chora tutmoq va siyosat yuritmoq kerakligini aniqlash uchun munozaralar yuritish va yangi g'oyalar bilan bahamlashishdir. Bu masala eskirmaydi. Hali beri eskirmaydi. O'ylaymanki, kelasi bir necha hafta yoki oy ichida AQSh hukumatining yaxlit va yakdil siyosati aniqlanadi.