Shu yilning 10 iyul kuni muddatidan avval o'tkazilgan saylovlarda Qirg'iziston prezidenti etib saylangan Qurmanbek Bakiyev 14 avgust kuni prezidentlik vakolatini rasman qabul qildi. Qirg'iziston poytaxti Bishkek shahridagi Olatog' bosh maydonidagi inauguratsiya marosimi vaqtida qirg'iz xalqining an'analariga ko'ra, archa tutatilib, prezidentni poklash marosimi bo'lib o'tgach, Qurmanbek Bakiyev qasamyod qabul qildi.
Qurmanbek Bakiyev: "Men Qurmanbek Bakiyev, Qirg'iz Respublikasi prezidenti sifatida ish boshlarkanman, Konstitutsiya va qonunlarga amal qilishga, Qirg'iz Respublikasining mustaqilligi hamda daxlsizligini saqlashga, Qirg'iz Respublikasining barcha fuqarolarining huquqlarini hamda erkinliklarini ta'minlash va himoya qilishga, el ishonib topshirgan prezidentlik vazifasini sidqidildan bajarishga o'z xalqim oldida, muqaddas ota yurtim hamda Olatog' oldida qasam ichaman."
Shundan so'ng prezident Qirg'iziston Markaziy Saylov Komissiyasi raisi Tuyg'unali Abduraimovdan prezidentlik guvohnomasi, nishoni hamda tug'ni qabul qilib oldi.
Mustaqil Qirg'izistonni 15 yil boshqargan birinchi va sobiq president Asqar Akaev parlament saylovlaridan so'ng, shu yilning 24 mart kuni xalq g'alayonlari natijasida hokimiyatni tark etishga majbur bo'lgan edi. Qirg'iz muxolifati hamda xalq g'alayonlariga boshchilik qilgan Qurmanbek Bakiyev parlament saylovlari natijalari sobiq prezident va uning tarafdorlari tomonidan soxtalashtirilganini da'vo qilgan. Mart voqealarini kechagi muxolifatchilar bo'lgan bugungi hukumat rasmiylari "qizg'aldoq inqilobi" deb nomladilar.
24 va 25 mart kunlari Asqar Akaev oilasi bilan Qirg'iziston hududini tark etgach, Bishkek shahrida talon-taroj va kafaduzdlik avj olgan edi. Yangi hukumat shu yil bahoridan buyon mamlakatda tartib o'rnatish hamda xalq ishonchini qozonishga urinmoqda.
10 iyul kuni o'tgan prezidentlik saylovlari natijalari xalqaro jamoatchilik tomonidan ijobiy baholandi. Mustaqil Qirg'iziston tarixida ikkinchi prezident etib saylangan Qurmanbek Bakiyevning 14 avgust kuni bo'lib o'tgan qasamyod marosimida 11 davlat hamda 10 xalqaro tashkilot vakillari qatnashdilar. Davlat rahbarlaridan Qozog'iston prezidenti Nursulton Nazarboev hamkasbining qasamyod marosimida shaxsan ishtirok etdi. O'zbekistondan Qonunchilik palatasining raisi Erkin Xalilov ishtirok etdi.
Tahlilchilar Markaziy Osiyo davlatlarining boshqa prezidentlari Qurmanbek Bakiyevning qasamyod marosimiga shaxsan tashrif buyurmaganlari sababini turlicha izohlaydilar. Qirg'iziston yoshlar partiyasining raisi Aydar Bakiyevga ko'ra, O'zbekiston, Tojikiston kabi davlatlar prezidentlari Bishkekka tashrif buyurish orqali mart oyida Qirg'izistonda yuz bergan hukumat o'zgarishiga hayrihohlik bildirmoqchi emaslar. Chunki, Tojikiston va O'zbekistonda iqtisodiy, siyosiy, diniy va boshqa muammolar yetarli.
Siyosatshunos Iqbol Mirsaitov esa Qurmanbek Bakiyev shaxsi ayni paytda postsovet davlatlarida jiddiy qabul qilinmayotganini, yaqin qo'shnilarda unga nisbatan ishonchsizlik bor ekanini aytadi.
Bishkekdagi Fridom Xaus (Freedom House) vakolatxonasining ommaviy-axborot vositalari masalalari bo'yicha maslahatchisi Ulug'bek Boboqulov xulosa chiqarishda shoshmaslik kerak, degan fikrda.
Ulug'bek Boboqulov: "Qurmanbek Bakiyev endigina qasamyod qabul qildi. Voqealar rivoji, qo'shnilar bilan aloqalar, ichki va tashqi siyosat qanday davom etadi, buni vaqt ko'rsatadi. Avvaldan bir narsa deyishga hali erta. 1 yil ichida sezilarli o'zgarishlar yuz bermaydi, deb o'ylayman. 1 yildan so'ng Qurmanbek Bakiyev siyosati va uning natijalari haqida gapirish mumkin."