Prezident Bush to’fondan zarar ko’rgan hududlarni yana bir bor ko’zdan kechirdi. Muxbirimiz Stefani Honing xabar berishicha, talofatda o’lganlar soni ko’payar ekan, minglab qutqaruvchilar omon qolganlarga yordam berish uchun mamlakat janubiga jo’natilgan.
Yangi Orlean shahridan odamlarni keng miqyosda evakuatsiya qilish nihoyasiga yetdi. Rasmiylar qolganlarni ham shaharni tark etishga undamoqdalar. Shu bilan birga, shahardagi binolar ichida omon qolganlarni qidirish ishlari davom etmoqda.
Rasmiylarning bildirishicha, o’lganlar soni minglab kishilarni tashkil etishi aniq. Jasadlarni shaharning barcha burchaklarida, jumladan suv havzalarida, yo’llarda va uy tomlarida ko’rish mumkin.
Xududga ikkinchi marotaba safar qilayotgan prezident Bush kecha shtat va mahalliy rasmiylar bilan uchrashdi. Luiziana shtatida, dedi u, eng dolzarb masala – omon qolganlarni qutqarishdir. Mississippi ham hukumatning yordamidan chetda qolmaydi.
- Ko’rilgan zarar, vayronalik, tushkunlik – hammasini tushunaman. Tiklanish vaqt talab qilishini ham tushunaman. Sizga albatta yordam beramiz, shuni bilib qo’ying, dedi Bush hudud aholisiga.
Sobiq prezidentlar Jorj Bush va Bill Klinton ko’rilgan zararni qoplash va tiklanish uchun mablag’ to’plamoqdalar. Ular boshchilik qilayotgan jamg’arma, to’plangan moliyaviy ko’makni to’g’ridan-to’g’ri Alabama, Luiziana va Mississippi shtatlarining hokimlariga yo’llaydi. Janob Klintonning aytishicha, dasturni boshqarayotgan ikki president, o’zlarining shu yilning boshida tsunami qaqshatgan Osiyo mamlakatlari uchun pul to’plash harakatlaridan ilhomlangan.
- Dasturni yo’lga qo’yganimizga sabab – dunyo bo’ylab tsunami keltirgan talofat, to’satdan o’z davlatimizda ham ro’y berdi. Kulfat hammaning boshiga tushadi, dedi janob Klinton.
Yangi Orlean aholisi Bush rahbariyatini ofatga qarshi juda sekinlik bilan chora ko’rganlikda ayblab, qattiq tanqid qilmoqda. Ammo ko’mak harakatlari ikkinchi hafta davom etar ekan, ba’zi yutuqlarga erishildi. Hozirda bir suv dambasi tiklanib, yirik nasoslar yordamida ko’chalardan suvni chiqarib tashlash boshlangan. Ba’zi hududlarda elekr quvvati tiklangan, minglab aholiga hududga qaytishga ijozat berilgan, ammo bu yerda qolib, yashash uchun emas.
Rasmiylarning ta’kidlashicha, hatto faqatgina qisman suv bosgan joylarda ham ahvol haligacha xavfli. Shu sabab, odamlar faqatgina uylaridan ba’zi buyumlarini olib ketish va zararni ko’zdan kechirish uchun kelishlari mumkin.