Bundan to’rt yil avval xuddi shu kuni Amerika Qo’shma Shtatlariga qarshi terror hujumlari sodir etilgan edi. Amerika xalqi bugun 2001 yilning 11 sentyabrdagi qonli voqealarda Nyu York, Vashington shaharlarida hamda Pensilvaniya shtatida halok bo’lgan minglab kishilarni yodga oldi.
Vashingtonda prezident Bush erta tong cherkovga borib, marhumlar ruhi uchun ibodat qildi. Shundan so’ng, Oq Uyda 11 sentyabr kuni qilingan birinchi hujum, ya’ni Nyu Yorkdagi Jahon savdo markazining birinchi binosiga samolyot urilgan paytda, ertalabki soat 8:46 da sukut saqlandi.
Xotira marosimlari AQSh mudofaa vazirligi, ya’ni Pentagon qarshisida, hamda Pensilvaniyada ham bo’lib o’tmoqda. Nyu Yorkda esa bir paytlar Jahon savdo markazi qad ko’targan joyda 11 sentyabrda o’lgan uch migga yaqin kishining ism-sharifi yod olinmoqda.
Katolik dunyosi rahbari Rim papasi Benedikt XVI ham, 11 sentyabr voqealarini yodga olar ekan, bu kun butun jahon bo’ylab, terrorizm qurbonlarini eslaydigan kun bo’lmog’i lozim, dedi. Bugungi murojaatida Rim papasi, dunyo xalqlarini nafratni qoralab, adolat, birdamlik va tinchlik uchun intilishga chorladi.
Muxbirimiz Kerolin Viverning hikoya qilishicha, qanday qilib amerikaliklarning haq-huquqini poy-mol qilmasdan, terrorchilikni oldini olish – hozirda katta masala. Hujumlardan to’rt yil o’tgach, Nyu York tiklandi, iqtisodiyoti rivojlanmoqda. Bruklin tumanida yashovchi musulmon muhojirlarning aytishicha, shahar xavfsiz, hech kim ularning haq-huquqini cheklamayapti. Shaharda hamma o’z ishi bilan band, ammo 11 sentyabr voqealari odamlar xayolidan ko’tarilgani yo’q.
- Menimcha shaharda hamma narsa yangicha tusda. Hech narsa avvalgidek bo’lmaydi, albatta, chunki ruhimiz avvalgidek erkin va tinch emas, Nyu Yorkda yashovchi kishi.
Amerika Ovozi bilan suhbatlashgan boshqa Nyu Yorkliklar ham shunga o'xshash fikrlarni bildirishdi.
- Hayot davom etayapti, biroq endi odamlar ancha ehtiyotkor, deydi bir ayol. Tunnel ichidan yoki ko’prik ustidan o’tayotganda, deydi u, o’sha voqealar kishi ko’nglidan o’tadi.
Londondagi terrorchilik hujumlaridan so’ng, Nyu Yorkning ba’zi metro bekatlarida tavakkal tanlangan kishilarni to’xtatib, ularning sumkasini tekshirish yo’lga qo’yildi. Fuqaro huquqlari faollari bu harakatlarni tanqid ostiga olib, ular kishilarning konstitutsion huquqlarini poy-mol qilmoqda, deya bong urishdi. Nyu York fuqaro erkinliklari uyushmasi raisi, Donna Liberman, tekshirish dasturiga qarshi sud jarayoni boshlagan.
- Nyu Yorkliklar 11 senyabrdan so’ng o’zlarini tiklab olishdi, o’sha kuni va undan keyin ham qo’rquvda yashashdi, tushkunlikka tushishdi. O’sha og’riqning takrorlanishini hohlamaymiz, deydi Liberman xonim. Bizga haqiqiy xavfsizlik kerak, terrorizmga qarshi soxta choralar emas. Politsiyamiz bundanda samarali choralar ko’rishga qodir, deydi uyushma raisi.