AQSh Davlat kotibi Kondoliza Raysning 11 oktyabr kuni Qirg’izistonga qilgan safari davomida Qirg’izistondagi harbiy bazadan foydalanishni davom ettirishga qaratilgan shartnoma imzolandi. Gansi havo bazasi AQSh kuchlariga Afg’onistondagi harbiy operatsiyalar olib borishda yordam ko’rsatadi. AQSh Mudofaa vazirligi mazkur shartnomani olqishlamoqda. Pentagon matbuot kotibi Lorens DiRita shartnomani Afg’onistonda barqarorlikni ta’minlash va terrrozimga qarshi kurashish uchun qilinayotgan AQSh harakatlarining muhim qismi deb atadi.
Lorens DiRita: "Duyoning mana shu mintaqasida hali ham ko’plab operatsiyalar o’tkazilmoqda, shuning uchun mintaqadagi davlatlar yordamidan foydalanish ehtiyoji hali beri tugamaydi. Bu borada Qirg’iziston hukumatining yordamidan minnatdormiz, chunki ularning mintaqadagi vaziyat haqida tushunchaga ega ekanliklari ko’rinib turibdi."
AQSh va koalitsiya kuchlarining mamlakatdagi Manas aviabazasidan foydalanishlarini ko’zda tutadigan shartnomaga Davlat kotibi Kondoliza Rays va Qirg’iziston prezidenti Qurmanbek Bakiyevlar seshanba kuni imzo chekdilar. Rays xonimning Bishkekka safari davomida ikkala tomon qo’shma bayonot chiqardi. Bo’lib o’tgan matbuot anjumanida prezident Bakiyev Afg’onistonda barqarorlikning tiklanishi uchun qancha vaqt kerak bo’lsa, AQSh aviabazadan shuncha vaqt foydalanishi mumkin, dedi.
Qirg’izistondagi bazaning muhimligi iyul oyida O’zbekiston AQShdan Xonobod bazasini tark etish talabi bilan chiqqandan so’ng ayon bo’ldi. Shundan so’ng AQSh mudofaa vaziri Donald Ramsfeld Bishkekka kelib, mahalliy hukumat bilan Manas aviabazasidan foydalanish to’g’risida og’zaki kelishib oldi. Seshanba kuni imzolangan shartnoma, Bakiyevning so’zlari bilan aytganda, ikkala tarafning roziligi bilangina bekor qilinishi mumkin.
Shartnomadan, shuningdek, baza uchun to’lovlarni qayta ko’rib chiqish talabi ham o’rin olgan. Qo’shma Shtatlar Qirg’izistondagi harbiy baza uchun yiliga 50 million dollar to’laydi. Amaldagi qirg’iz hukumatining gumon qilishicha, mamlakatni mart oyidagi inqilobdan oldin boshqargan Akayev boshliq sobiq hukumat baza uchun to’lovlarning bir qismini o’zlashtirgan bo’lishi mumkin.
AQShning Xonobod bazasi uchun to’lov masalasi tortishuvga sabab bo’lmoqda. Pentagon O’zbekiston hukumatiga 20 million dollar qarz ekanligini tan olayotgan bir paytda, AQSh Senati to’lovga qarshi chiqmoqda. Senatning bir necha nufuzli a’zolarining aytishicha, AQSh harbiylarini bazadan haydab chiqarayotgan va inson huquqlarini poy-mol etganlikda ayblanayotgan hukumat uchun pul berilmasligi kerak.
Biroq Pentagon matbuot kotibi Lorens DiRitaning aytishicha, mudofaa vazirligi qarzdor bo’lishni istamaydi.
Lorens DiRita: "O’zbekiston hukumatining to’lov bo’yicha talabini tekshirib chiqish va aynan qaysi xizmatlar uchun qarz ekanligimizni aniqlash o’ta muhimdir. AQSh o’z qarzlarini uzadigan davlat sifatida qabul qilinishi juda muhimdir, ayniqsa AQSh bilan uzoq muddatli aloqa qilmagan davlatlar tomonidan. Biz tobora ko’proq davlatlarga koalitsiyaga qo’shilishni taklif qilmoqdamiz, shuning uchun ham majburiyatlarimizni bajarish boshqa mamlakatlarning “Biz AQSh bilan birga bo’lmoqchimiz” deyishi uchun juda-juda kerakdir."
Ayni paytda Manas aviabazasida AQShning mingga yaqin qo’shini joylashgan. Ular hozircha Afg’onistondagi harbiy operatsiyada ishtirok etayotgan samolyotlarga texnik xizmat ko’rsatib turibdi. Afg’onistonga nisbatan Qirg’izistondagi baza Xonoboddagi bazadan ancha uzoqdir. Biroq Pentagon rasmiylarining aytishicha, agar Xonobod bazasidan qo’shinlar chiqib ketadigan bo’lsa, u holda uning imkoniyatlarini Manas hamda mintaqadagi yana bir necha ob’yektlarning qo’shma faoliyati qoplaydi.