Xotin-qizlar masalasi bilan shug'ullanuvchi nohukumat tashkilotlari va mutaxassislar O’zbekistonda ayollarga nisbatan zo’ravonlik holatlari hamon dolzarb bo’lib qolayotganini aytishadi. Qonunlar ayollarning erkak bilan teng huquqliligini e’tirof etsa-da, jamiyatdagi urf-odatlar ayolga munosabat buning aksini ko’rsatayotgandek.
Ayolga nisbatan zo’ravjnlik ishlatish xalqaro hamjamiyat tomonidan jinoyatning bir turi deb qaraladi. O’zbekistonda qabul qilingan qonunlar ham ayollarning erkaklar bilan teng huquqli ekanini e’tirof etadi. Biroq jamiyat va omma ongida ayolga ikkinchi darajali shaxs sifatida qarash saqlanib qolgan.
Advokat Gulchehra Matkarimova fikricha, erkakning ayolga past nazar bilan qarashidan tashqari huquqiy savodsizlik hamda oiladagi ayolning erkakka iqtisodiy qaramligi ham ayollarga nisbatan zo’ravonlikning asosiy sababidir.
“Ayolning ham inson ekanligini, ayolning reproduktiv huquqlarini himoya qilish har bir jamiyatning oily maqsadi ekanligini o’rgatib, targ’ibot qilib boorish kerak. Ba’zida sud jarayonida ayollar o’z-o’zini yoqqanligi haqida sud prosseslari ham o’tadi. Hamza tumani sudida shunaqa bir ish ko’rilgandi. Asosiy sabab, oilasidagi qaynona yoki erning zug’umi. Aksariyat bu xil holatlar oiladagi notenglik oqibatida vujudga keladi”, -deydi advokat G. Matkarimova.
Mutaxassislarga ko’ra, zo’ravonlikka uchragan o’zbek ayollari ruhiy, jismoniy, ma’naviy shikastlansalar-da, huquq-tartibot organlariga kamdan-kam murojaat etishadi. Ruhshunos Eshmat Ishoqovning bildirishicha, zo’ravonlik natijasida murojaat etayotgan ayollarning aksariyati ruhiy sinishdan chiqish yo’llarini izlashadi.
“Eng ko’p muammolar bo’yicha bizga asosan qaynona bilan kelin o’rtasidagi vunosabatlar, yoki ruhiy tushkunlikka tushish muammolari bo’yicha murojaat qilishadi. Ayollarga nisbatan psixologik zo’ravonlik, ya’ni oilada ruhan ayolni kamsitish hollari uchrasi mumkin. Erkaklarning ishxonada ayollarga nisbatan yaqinlik qilishga shama qilish hollarida ham bizga murojaat qilishadi”, -deydi ruhshunos Eshmat Ishoqov.
Toshkent mardikor bozoridagi turli viloyatlardan kelgan ayollar esa ularning mehnat qilish huquqi paymol etilayotganiyu, o’zlariga nisbatan zo’ravonliklar ham qo’llanilanilishini aytishadi. “O’g’rilarni ushlagandek yoki g’arlarni ushlagandek ushlab, ko’chada sudrab, tortib avtobuslariga chiqarib, majburiy panelniyga olib borib O’zbekiston fuqarosi bo’lsayam, propiskang yo’q deb qamab qo’yadi. Agar puli bo’lmasa, ayollar qamalib yotaveradi. Ular bilan hech kimning ishi yo’q”, -deyishadi Toshkentdagi mardikor ayollar.
Ba’zi ziyolilar esa mustaqillikdan so’ng urf-odat, an’analarni tiklash shiori ostida ayollarni tahqirlovchi ayrim odatlar ham tiklanayotganini aytishadi. Bu holat qizlarni yosh turmushga uzatish, qo’shxotinlilik, ayol erdan bir pog’ona pastda bo’lishi lozim degan aqidalarning amalda qo’llanilayotganida bo’y ko’rsatayotgani urg’ulanadi.
“Ayollar resurs markazi” nodavlat tashkiloti rahbari Marfua Tuxtaxo'jayevaga ko’ra, ayolga nisbatan zo’ravonlik holati asosan iqtisodiy nochor va qashshoq oilalarda ko’paygani kuzatiladi. "Agar o’ziga to’q, boy tabaqadagi oilalarda ayolga nisbatan zo’ravonlik o’nta oila ichidan bittasida sodir bo’lsa, qashshoq oilalarda o’ntadan beshtasida sodir bo’liadi,"- deydi Marfua Tuxtaxo'jayeva.
Ba’zi hijobdagi namozxon ayollar so’nggi yillardagi huquq-tartibot idoralarining ularga nisbatan munosabatlarini ham ayolga nisbatan zo’ravonlikning bir turi deb hisoblashadi. 35 yoshli muslima ayol Xadicha o’zining hijobda, ya’ni boshida iyagi tang’ilgan rumol, yengi uzun ko’ylak va lozimda yurgani uchun unga militsiya xodimlari to’yga borishni ham man etishganini aytadi.
“Men o’zim magazinda ishlayman. Bir marta xatolik qilib hokimiyat yonidagi mitingga chiqqanman. Mitingga chiqqanligim uchun 7 ming so’m jarima ham to’ladim. Hozir meni ro’yxatga olib qo’yishgan. Endi sal u yer bu yerda bir nima “ting’” etsa, yo bayram bo’lsa yoki hayit bayramlari bo’lsa meni eslab qolishadi. Masalan, yaqinda oldimga uchastkavoy keldi qo’lida qog’ozi bilan. Mana bunga qo’l qo’yib bering, dedi. Olib qarasam, prokurorga, men bu ayol bilan gaplashdim, hech qayoqqa bormasligi to’g’risida, hech kim bilan aloqa qilmasligi, ya’ni bebiliska ko’chaga chiqmasligi to’g’risida deb yozilgan. O’g’lim qamoqda bo’lsa, men ham uy qamog’idamanmi hisob? Na to’yga borolsam. Oldiniga to’yga ham yuborishmadi. Yo’q, bormaysiz, bu libosingizda chiqmay qo’ya qoling, deyishdi. Libosimga nima qilibdi, dedim. Men musulmon libosida bo’lsam kerak. Agar yalang’och yoki lyamkada, yo kindigimni ochib yursam chiqishim mumkin-a? Mening bu libosimdan hazar qildinglarmi, dedim. Co’ng, yonimda militsiya xodimlari bilan to’yga bordim”, -deydi muslima Xadicha.
O’zbekiston Xotin-qizlar kamsitilishining barcha turlariga barham berish bo’yicha Xalqaro Konvensiyaga a’zo va bu masalada milliy konsepsiyani ham qabul qilgan.
Prezident farmoni bilan o’tgan yildan boshlab respublikada xotin-qizlar siyosiy faolligini oshirishga qaratilayotgan ishlar ham ayolning mavqeini ko’tarishga, uning erkaklar tomonidan kamsitilishiga qarshi qarshi choralardan ekani aytiladi.
Ayrim kuzatuvchilar fikricha esa, har qanday jamiyatning ma’naviy butunligi ayolga munosabat bilan belgilanarkan, respublikada ayni paytdagi ayollarga nisbatan zo’tavonlik holati faqat urf-odatlar negizi bilangina cheklanmayotgandek.