BMT: O'zbekiston hali ham qiynoqlar makoni

O’zbekistonda qiynoqqa solinganini da’vo qilib, Germaniyada O`zbekiston sobiq Ichki ishlar vaziri Zokir Almatovni sudga bergan bir guruh o’zbekistonliklarning shikoyati ko’rilsa, deya ta’kidlaydi BMTning Qiynoqlar bo`yicha sobiq elchisi Teo van Boven, barcha ayblovlar ko’rib chiqilishi lozim. Van Boven nazarida, O’zbekistonda qiynoqlar masalasi yanada og’irlashgan.

O`zbekiston Ichki ishlar vazirligi esa BMT sobiq elchisining mamlakatdagi huquqiy islohotlardan bexabar ekanini da’vo qilmoqda.

Van Bovenga ko`ra, O`zbekiston hukumati uning 2002 yilda O`zbekistondagi safari mobaynida qiynoqlar qo`llanilishini bartaraf etishga qaratilgan tavsiyalarini bajarmagan va so`nggi paytdagi vaziyat qiynoqlar qo`llanilishi yanada kuchayganini ko`rsatmoqda.

O`zbekiston Ichki ishlar vazirligining BMT sobiq elchisi bayonotiga nisbatan chiqargan raddiyasiga ko`ra esa mamlakatdagi huquq-tartibot tizimida bir qator islohotlar o`tkazilgan va van Boven bu o`zgarishlardan bexabardir.

O`zbekiston Ichki ishlar vazirligining raddiyasiga ko`ra, sobiq maxsus elchining tavsiyalarini amalga kiritish uchun qiynoqlar qo`llanilishiga qarshi milliy loyiha ishlab chiqilgan va BMT vakili tomonidan berilgan 22 tavsiyadan 18 tasi bajarilgan. O`zbekiston Jinoyat kodeksiga o`lim jazosini bekor qilish, qamoqqa olish sanksiyasini sudlarga topshirish va qiynoqqa olishga oid o`zgartirishlar kiritilgan.

Mahalliy inson huquqlari himoyachilariga ko`ra, qiynoqlarni qo`llanilishiga oid vaziyat yuzasidan O`zbekistonda o`zgarishlar yuz bermagan. Bu haqda O`zbekiston Inson huquqlari tashabbus guruhi raisi Surat Ikromov shunday fikrlar bildiradi:

“Nega o`lim jazosiga maratoriya kirgizmaydi yoki bugundan boshlab kuchga kirgizmaydi? Nega 2008 yildan kuchga kirishi kerak? Bu narsalar siyosiy maqsadlarni ko`zda tutgan. Bu mutlaqo aksildemokratik narsa. O`zbekiston qamoqxonalarida ichki ishlar xodimlari tomonidan qiynoqlar o`tkazilayotgani haqida ma’ruza chiqarilgan edi. Ana shu ma’ruzada O`zbekiston hukumatiga qiynoqlarni yo`q qilish uchun o`ndan ko`p tavsiyalar berilgan edi. O`zbekiston hukumati ichki ishlar, prokuratura , sud xodimlaridan iborat, qiynoqlar masalasini yo`lga qo`yish uchun guruh tuzgan edi. Lekin hech narsa o`zgargani yo`q, qiynoqlar ko`rsatilishi davom etmoqda. Ochig`ini aytganda, qiynoqlarning sistematikligi yanada chuqurlashib borayapti. Qamoqxonalarda xat yuborishadi, bizga. Ularga qiynoqlar o`tkazilayotgani haqida, shular orqali bizga ma`lum qiynoqlar mavjudligi va borgan sari kengayib borayotgani ma’lum bo`ladi, bizga”.

O`zbekistondagi “Siyosat” axborot tahlil markazi eksperti Sharafuddin To`laganovning bu boradagi qarashlari quyidagicha:

“Tavsiyalarning ko`pi O`zbekiston hukumati tomonidan bajarildi. Mahbuslarni kaltaklashdan O`zbekiston hukumati manfaatdor emas, deb hisoblayman. Endi butun dunyo qamoqxonalarida kuzatilganidek, mahbuslar mahbuslarni urushi mumkin. Shulardan joniga tekkani keyin chiqib, meni militsiya urdi degan gaplani tarqatishi mumkindir. Mukammal sud tizimining o`zi biron davlatda yo`q. Masalan, Guantamanoni olasizmi, Iroqda begunoh odamlarni Amerika askarlari tomonidan qanchalik tahqirlanishini olasizmi, bu hamma joyda bor… Masalan, o`lim jazosini bekor qilish haqida prezident farmoni chiqdi. Hibsga olish vakolati sudlarga berildi. Menimcha, bularning hammasi sud sohasidagi ijobiy o`zgarishlar.”

BMT ning Qiynoqlar bo’yicha sobiq elchisi Teo Van Boven tomonidan berilgan bayonotda keltirilishicha, O`zbekiston hukumati qiynoqlar qo`llanilishiga oid holatni yaxshilash haqida bir necha bor va`da bergan, ammo uch yillik xalqaro bosimga qaramay, vaziyat o`zgarmagan.

“O`zbekiston hukumati hamon men tomondan chiqarilgan asosiy xulosa mamalakatda qiynoqlar sistemali ravishda qo`llanilishini tan olishni inkor etib kelmoqda. Berilgan ikki asosiy tavsiya – qiynoqlar qo`llanilishini oliy maqomda turib oshkora tanqid qilish va qiynoq ko`rsatayotganlarni jazolash, hibsga olishning qonuniyligi ustidan tekshiruv o`tkazish haqidagi qonun qabul qilish borasida hukumat biror harakatni amalga oshirmagan”, - deyiladi BMT sobiq elchisining bayonotida.