Elchi Zamira Sidiqova: Qirg'izistonning AQShdagi mavqei ortmoqda

Qirg’izistonning AQShdagi elchisi Zamira Sidiqovaning fikricha, so’z erkinligi, korruptsiya va boshqa muammolar tufayli keyingi yillarda AQSh nazdida obro’si tushib ketgan Qirg’iziston 2005 yilda o’z mavqeini ancha tiklab oldi.

Qirg’izistonning AQShdagi elchisi Zamira Sidiqovaning Bishkekda o’tgan matbuot anjumanida jurnalistlarga ma’lum qilishicha, Qirg’izistonda 2005 yil mart oyida hokimiyat almashgach, AQSh bilan munosabatlarda iliqlik kuzatila boshlandi.

Zamira Sidiqovaga ko’ra, 2004 yilda Qirg’iziston AQShdan 40 million dollar miqdorida yordam olgan, shuningdek, amerikalik tadbirkorlar tomonidan Qirg’iziston iqtisodiyotiga 19 million dollar sarmoya yotqizilgan. 2006 yilda bu ko’rsatkichning ikki hissa oshishi kutilmoqda.

- Bu yil ham, biz kutyapmiz, katta yordam olamiz. Hozir AQSh Kongressi Gruziya va Qirg’izistonga yordam berish uchun ulkan bir qonun loyihasi ustida ishlayapti. Agar bu qonun loyihasi qabul qilinsa, yordam olishimiz mumkin, – dedi Qirg’izistonning AQShdagi elchisi Zamira Sidiqova.

Ammo elchi AQSh kongressmenlari Qirg’izistonga yordam ko’rsatish uchun aynan qanday qonun loyihasi ustida ishlayotganlarini aytmadi.

Elchining aytishicha, 2005 yilda Qirg’izistonda o’tgan prezidentlik saylovlari, qirg’iz parlamenti tomonidan korruptsiyaga qarshi kurash bo’yicha konventsiyaning imzolanishi, 13 may voqealaridan keyin Qirg’izistonga qochib chiqqan andijonlik qochqinlarning ekstraditsiya qilinmay uchinchi davlatga jo’natilishi – bular hammasi AQSh nazdida Qirg’izistonning mavqei tiklanishiga sezilarli hissa qo’shgan. “Freedom House” tashkilotining erkinliklar bo’yicha hisobotidan Qirg’iziston munosib olgan, korruptsiya indeksi bo’yicha ko’rsatkich ham yaxshilangan.

Zamira Sidiqovaga ko’ra, 2005 yilda Qirg’iziston grant olishga huquqli boshqa davlatlar qatorida AQSh prezidenti Jorj Bush tashabbusi bilan tuzilgan “Ming yillik chaqirig’i” dasturiga kiritilgan.

- Gruziya AQShdan o’tgan yilning sentyabr’ oyida 280 million dollar oldi. Agar biz bir yildan keyin shu miqdorda yordam oladigan bo’lsak, o’ylaymanki, biz bu mablag’ni yangi ishchi o’rinlarini yaratish, sanoatni rivojlantirish uchun sarflay olamiz, – dedi Zamira Sidiqova.

Zamira Sidiqovaga ko’ra, keyingi yarim yil ichida Qirg’izistonga kelib ishlash, sarmoya yotqizish, turli loyiha va dasturlar ishlab chiqishda yordam berish istagini bildirgan amerikaliklar soni 3 barobar ortgan.