BMT Bosh kotibi karikaturalarni chop etgan gazetalarni tanqid qildi

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh kotibi Kofi Annan gazetalar payg’ambarni tasvirlagan haqorat-omuz chizgilarni bosib chiqarganidan ajablanganini aytadi.

"Bu beparvolik, haqoratli va provokatsion harakat. Qarang dunyo bo’ylab nimalar sodir bo’ldi," -deydi Kofi Annan.

Kecha jurnalistlarga gapirar ekan, Annan so’z erkinligiga qarshi emasligini, ammo karikaturalar musulmonlar orasida g’azab va nafratga sabab bo’lganini aytdi.

"So’z erkinligi bu xohlagan ishni qil degani emas. U javobgarlikni va mulohaza yuritishni talab qiladi. Muharrirlar karikaturalarni bosib chiqarishga nega qaror qilganiga tushunolmayapman," -deydi BMT bosh kotibi.

Chizgilar dastlab Daniya gazetalarining birida chop etilgan edi. O’shandan beri ular 20 dan ortiq mamlakatda bosib chiqarilgan, va hozirda internetda ham keng tarqalgan.

Chizgilarga qarshi norozilik namoyishlari kecha 10 dan ortiq mamlakatda o’tkazildi. Janob Annan prezident Bush va boshqa rahbarlarga qo’shilib, zo’ravonliklarni qoraladi va tinchlik saqlashga chaqirdi.

Muxbirimiz Piter Xaynlaynning xabar berishicha, Kofi Annan umuman matbuotni emas, balki aynan karikaturalarni bosib chiqargan gazetalarni tanqid ostiga olgan.