Markaziy Osiyo xabarlari-2 mart

POKISTON-O’ZBEKISTON

Pokiston ommaviy axborot vositalariga ko’ra, mamlakatning shimoliy Vaziriston viloyatida xavfsizlik kuchlari tomonidan o’zbek jangarilari qo’mondoni o’ldirilgan.

Xavfsizlik kuchlari qo’mondon ismini Asad Yo’ldoshev deya bildirib, u O’zbekiston Islomiy Harakati rahbari Tohir Yo’ldoshevning yaqin safdoshi bo’lgan, deya ta’kidlamoqdalar.

Pokiston xavfsizlik kuchlari mamlakat shimolida to’plangan jangarilar va tolibon qoldiqlariga qarshi maxsus amaliyot olib borganlar. Amaliyot davomida 45 nafar jangari o’ldirilgan. Ular orasida Asad Yo’ldoshevdan tashqari, shuningdek Imom ismli chechen jangarisi ham bo’lgan.

QOZOG’ISTON

AQSh Davlat departamenti so’zlovchisi Adam Ereli Qozog’istonda muxolifat raxbarining o’ldirilganini qoralab, namoyishlarni tinch holda o’tishga chaqirdi.

“Muxolifatdagi siyosatchilarning o’ldirilishi jiddiy jinoyatdir,” dedi so’zlovchi matbuot brifingida. Shuningdek, janob Ereli, jinyoatni tergov qilishda AQSh agentlari Qozog’iston xavfsizlik vakillari bilan yaqindan ishlayotganini ta’kidlab, Oltinbek Sarsenbayev tarafdorlarini ortiqcha provokatsiyaga berilmaslikka undadi.

Bugun Qozog’iston Senati esa Davlat xavfzilik xizmatining yangi rahbarini sayladi. Bu lavozimga, bundan avval prezident Nazarboyevning shaxsiy soqchilari boshlig’i bo’lib ishlagan Amangeldi Shabdarbayev tayinlandi.

QIRG’IZISTON

Qirg’iziston parlamenti o’z spikerini sayladi. Bu lavozimga parlament a’zosi, sobiq moliya vaziri, 46 yoshli Marat Sultonov egalladi. Saylov jarayoni uch bosqichda o’tib, 45 deputatning quvvatlovi ostida Marat Sultonov parlament spikeri etib saylandi. Xabaringiz bor, parlamentning sobiq spikeri Omurbek Tekebayev mamlakat prezidenti Kurmanbek Bakiyev bilan kelisha olmay iste’foga chiqqan edi.