Fridom Xausning Toshkentdagi vakolatxonasi yopiladi

Fridom Xaus (Freedom House) tashkilotining Toshkentdagi vakolatxonasini yopish haqidagi Toshkent shahar prukuraturasi tomonidan kiritilgan ariza qanoatlantirildi.

Toshkent shahar Fuqarolik sudi inson huquqlari bilan shug`ullanuvchi xalqaro tashkilotning O`zbekistondagi vakolatxonasini tugatish haqida qaror chiqardi.

Prokuratura tomonidan vakolatxonaga qoyilgan ayblovlar litsenziyaga ega bo`lmasdan internet xizmati ko`rsatish, inson huquqlari bo`yicha o`tkazilgan seminarlarga ro`yxatdan o`tmagan inson huquqlari himoyachilarini jalb etish va tashkilotning moliyaviy hisobot taqdim etmaganidir.

Vakolatxona rahbari Branko Shestoga ko`ra Toshkent shahar fuqarolik sudining qarori ustidan shikoyat berilmasligi mumkin.

- Bunday shikoyatdan biron ijobiy natija bo`lishiga shubha qilamiz, - deydi u.

Vakolatxona bundan avval adliya boshqarmasining xuddi shu ayblari bilan sud qaroriga ko`ra, olti oy muddatga o`z faoliyatini to`xtatishga majbur bo`lgan edi.

Vakolatxona rahbari bu ayblovlarni rad etgan, jumladan, xalqaro qonunlarga ko`ra inson huquqlari himoyachilarining ro`yxatdan o`tishlari shart emasligini ta'kidlagan edi.

Vakolatxona rahbari Branko Shestoga ko`ra O`zbekiston hukumati o`z qonunlarini o`zi tomonidan imzolangan xalqaro bitimlarga moslashi kerak:

- Axborot olish erkinligi va o`z fikrini erkin aytish huquqi barcha xalqaro bitimlar tomonidan kafolatlangan. Bu bitimlarga O`zbekiston hukumati imzo chekkan. Albatta, mamlakat o`z ichki qonunlarini imzo chekilgan bitimlarga muvofiqlashtirishi kerak. Bu ayblovlarni, jumladan, internet xizmatini ko`rsatish haqidagini ham, birorta xalqaro ekspert ko`rib chiqqanda edi, ishonch bilan aytamanki, bu yerda hech qanday qonunbuzarlik topmagan bo'lardi, - deydi Shesto xonim.

O`zbekiston jurnalislar klubi saytida keltirilishicha, prokuratura vakolatxonaning ikki nafar xodimiga nisbatan litsenziyasiz faoliyat ko`rsatganlik aybi bilan javobgarlik ishi qo`zg'atgan, biroq mamlakatda e`lon qilingan amnistiya tufayli bu ish to`xtatilgan.