Sanjar Umarov 10 yildan ko'proq muddatga qamaldi

Jinoiy ishlar bo`yicha Toshkent shahar sudi esa muxolifatdagi “Serquyosh O`zbekistonim” koalitsiyasi raisi Sanjar Umarovni iqtisodiy jinoyatlarda ayblab o’n to’rt yarim yillik qamoq jazosiga hukm qildi. Ammo jazo amnistiya tufayli 10 yildan sal ko'proq davrga tushirilgan.

Sud qaroriga ko`ra qamoq jazosidan tashqari Sanjar Umarov va koalitsiyaning muvofiqlashtiruvchisi Nodira Hidoyatovadan 500 million so`mga yaqin mablag'ni davlat hisobiga undirib olish belgilanadi. Sanjar Umarovning advokati Vitaliy Krasilovskiyga ko`ra Umarovga nisbatan ayblovlar o`z tasdig`ini topmagan va hukm ustidan shikoyat kiritiladi.

“Serquyosh O`zbekistonim” koalitsiyasi vakili, “Ozod dehqonlar” partiyasi rahbari Nigora Hidoyatovaga ko`ra, siyosiy faoliyat uchun chiqarilayotgan hukmning adolatli bo`lishi kutilmagan ham.

- O`zbekiston Konstitutsiyasida 93 modda bor. Unga ko`ra barcha sudyalar Prezident tomonidan tayinlanadi. Bu modda o`z kuchida ekan, O`zbekistonda adolatli hukmga umid qilish mumkin emas. Chunki sud tizimi Prezidentning qo`lida va u qaror chiqaradi, - deydi Nigora Hidoyatova.

“Serquyosh O`zbekistonim” koalitsiyasining muvofiqlashtiruvchisi Nodira Hidoyatova shunday ayblovlar bilan 10 yil qamoq jazosiga hukm qilingan edi.

Kuzatuvchilar xalqaro tashkilotni yopish haqidagi qarorni va muxolifat vakillari ustidan chiqarilgan hukmni qonunbuzarlik sabab emas, balki siyosiy bosimlar orqali amalga oshirilmoqda, deb hisoblashadi.

Yaqinda yana bir xalqaro tashkilot “Evroosiyo” jamg`armasi ustidan ham jamg`arma faoliyatini tugatish borasida mahkama jarayoni boshlanishi kutilmoqda. Mazkur jamg`arma o`z mablag`ini maqsadga muvofiq ravishda ishlatmaganlikda, turli nodavlat tashkilotlarga ko`mak ko`rsatganlikda ayblanmoqda. Mavjud fikrlarga ko`ra hukumat demokratik islohotlar yo`lidagi har qanday hamkorliklarni keskin to`xtatish yo`liga o`tmoqda.

Bu haqda kuzatuvchilardan biri yozuvchi Zohir A`lam shunday deydi:

- Hukumat, bu bilan biz bilan hech qanday munozara qilish mumkin emas, demoqchi. Mening kichkina bir oppozitsiyaga ham qilgan javobim shu – qamoq, ta`qib va boshqa narsa, demoqchi. Kichkinagina oppozitsiyani ham eshitgisi yoq. Xalqaro tashkilotlar ham shu: ular demokratiyaga xizmat qilmoqchi bo`lsa, yopilayapti. O`zbekiston hukumati demokratik islohotlar bo`yicha har qanday muzokaralarni inkor etayapti, - deydi Zohir A`lam.