AQSh: O'zbekiston noto'g'ri yo'nalishda ketmoqda

O’zbekiston hukumati Birlashgan Millatlar Tashkilotining qochqinlar bo’yicha Oliy komissariatiga O’zbekistondagi idorasini yopish uchun bir oy muhlat berdi. BMT ning bu agentligi 2005 yil may oyida Andijonda ro’y bergan siyosiy zo’ravonliklardan qochgan 400 dan ziyod o’zbekistonlikka boshpana berdi. AQSh Davlat departamenti so’zlovchisi Shon Makkormakning aytishicha, Qo’shma Shtatlar O’zbekistonni o’z qarorini o’zgartirishga va agentlikka O’zbekistondagi qochqinlar va boshpana izlovchilarga yordam berishda davom etishga ruxsat berishga chaqirgan.

AQSh Davlat departamentining Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari bo’yicha byurosi direktori Richard Baucherning aytishicha, BMT ning qochqinlar bo’yicha agentligi O’zbekiston hukumati nishoniga tushgan yagona tashkilot emas.

“Qochqinlar bo’yicha Oliy komissariatga anchadan beri bosim o’tkazilayotgan edi va ularning faoliyat olib borishlari uchun sharoit og’ir edi," deydi u. "Nodavlat tashkilotlarga, Fridom Xaus va boshqalarga nisbatan ham anchadan beri bosim uyushtirilayotgan edi. Ulardan ham mamlakatni tark etish so’ralgan. O’tgan yilning o’zida mamlakatda 2 mingga yaqin tashkilot hukumat tomonidan yopilgan.”

AQSh Davlat departamentining inson huquqlari ahvoli bo’yicha yillik hisobotiga ko’ra, O’zbekistonning bu boradagi usiz ham salbiy ko’rsatkichlari 2005 yil davomida yanada yomonlashgan. Ko’plab guvohlarga ko’ra, hukumat xavfsizlik kuchlari o’tgan may oyida Andijonda yuzlab qurolsiz aholini otib o’ldirgan. O’shandan buyon O’zbekiston hukumati bo’lib o’tgan voqealar bo’yicha mustaqil tergov o’tkazilishiga qarshilik ko’rsatib kelmoqda.

O’zbekiston xavfsizlik kuchlari, hisobotlarga ko’ra, ayblanuvchilarni muntazam ravishda qiynoqqa soladilar va ularga nisbatan yomon munosabatda bo’ladilar. Fuqarolar noqonuniy ravishda hibsga olinadilar, sud qilinmasdan uzoq muddat davomida qamoqda saqlanadilar, qamoqdagi sharoit xalqaro andozalarga javob bermaydi. Mamlakatda so’z, matbuot va din erkinligi cheklangan.

AQSh Davlat kotibi muovini Richard Baucherning aytishicha, O’zbekiston hukumatining tobora avjga chiqayotgan tazyiqlari mamlakatning noto’g’ri yo’nalishda harakatlanayotganidan dalolatdir.