Rossiya, Qozog’iston va Belarus umumiy iqtisodiy zona, ya’ni savdo bloki yaratish uchun zarur bo’lgan 38 hujjatning birinchi majmuasiga imzo qo’yishga tayyor, deya xabar beradi Yu-Pi-Ay (UPI) axborot agentligi. Rossiya prezidenti Vladimir Putinga ko’ra, mazkur hujjatlar yaqin kelajakda imzolanadi.
“Agar ukrainalik hamkorlarimiz bunga qo’shilsa, biz bundan faqat mamnun bo’lamiz. Mutaxassislarga ko’ra, ukrainalik do’stlarimiz butun majmuani bo’lmasada, uning ayrim qismlarini imzolashga tayyor”, - dedi Putin kecha Moskvada bo’lib o’tgan matbuot anjumanida.
Umumiy iqtisodiy zona asosida, tovar va xizmatlar, sarmoya, hamda fuqarolarning davlatlar orasida erkin harakat qila olish imkoniyati yotadi. Undan asosiy maqsad, tariflarni bekor qilib, xususan transport va energetika sanoatlarini takomillashtirish.
Umumiy iqtisodiy zonani yaratish taklifi 2003 yilning 23 fevralida Rossiya, Ukraina, Belarus va Qozog’iston tomonidan e’lon qilingan edi.