Richard Baucherning (Richard Boucher) AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari bo'yicha muovini etib tayinlaganiga qadar departamentda O’zbekistonga, qolaversa butun Markaziy Osiyoga nisbatan siyosat bo’yicha Daniel Frid javobgar edi.
Daniel Frid (Daniel Fried) o’tgan yil O’zbekistonga borganida Vashingtonga prezident Karimovning, AQSh harbiylari Xonoboddan chiqib ketsin, degan buyrug’i bilan qaytgan edi. Sal keyin janob Frid Kongressda O’zbekistonga nisbatan siyosat borasida hisobot berar ekan, AQSh-O’zbekiston aloqalarini salbiy deb ta’riflab, Xonoboddan chiqish AQSh uchun ma’qul yo’l, deya tushuntirgan edi.
“Biz O’zbekistonda islohotlar olib borilmayotganidan va bu jamiyatda demokratiya yetishmayotganidan tashvishdamiz. O’zbekiston islohotlarni jadallashtirish imkonini boy berdi,”- deydi janob Frid.
AQSh-boshchiligidagi harbiy harakatlar Afg’onistonda O’zbekiston Islomiy Harakatini yakson qildi. Bu prezident Karimovga islohotlarni tezlashtirish uchun katta imkoniyat ochdi, deydi AQSh diplomati. “Ammo islohotlar tezlashmadi. Iqtisodiyot yanada susaydi va siyosiy erkinliklar yanada cheklandi,”-deya izohlaydi Daniel Frid.
“Andijonda yuzlab begunoh kishilarning qoni to’kilgani ham mamlakatda ahvol qanchalik salbiylashganidan dalolatdir. Biz O’zbekistonga yomonlik ravo ko’rmaymiz. Biz bu xalqning yanada yuksalishini istaymiz, ammo islohotsiz bunga erishib bo’lmaydi,”- deydi AQSh Davlat kotibi muovini.
Janob Fridning aytishicha, AQSh Rossiya O’zbekistonda islohotlar boshlanishi uchun turtki beradi, bu borada unga yordamlashadi, deb umid qilmoqda. Chunki, deydi u, islohotlar O’zbekistonga iqtisodiy barkamollik qatorida, barqarorlik ham olib keladi.
Daniel Frid O’zbekistonga va mintaqadagi boshqa davlatlarga sobiq Sovet davlatlari deb qarash noto’g’ri deb hisoblaydigan diplomat. AQSh Davlat kotibi muovinining Yevropa va Yevrosiyo bo’yicha muovini sifatida u bu davlatlar bilan yaqindan tanish. Janob Frid O’zbekistonni ham, mintaqadagi boshqa davlatlarni ham G’arbda sobiq Sovet respublikasi emas, o’z mustaqil nomlari bilan atashni tavsiya qiladi.
“Bu respublikalarni sobiq Sovet davlati deb izohlashning davri o’tib ketdi. AQShni anchadan beri Britaniyaning sobiq mustamlakasi demaymiz-ku, axir. Sovet imperiyasi endi yo’q. Bu imperiya ostidan qaddini ko’targan barcha davlatlar bugun islohotlar muammosi va o’tish davri, mustaqillik va xavfsizlik hamda o’zliklarini topish kabi qiyinchiliklar bilan yuzlashmoqda. Ularning hammasi o’z yo’liga ega va har biri turli darajada taraqqiy etayotgan suveren respublikalardir,”- deydi AQSh Davlat kotibi muovini Daniel Frid.