Ko’pchilik nazarida, mustaqillik yillarida O’zbekistonda yoshlar orasida jinoyatchilik ko’paygan. Mutaxassislar va kuzatuvchilar nazarida, yoshlar o’rtasida huquqbuzarlik hollarining ortishiga iqtisodiy nochorlik, ishsizlik, ruhiy tanglik, maktablarda diniy ta’limning yo’lga qo’yilmagani sabab bo’lmoqda.
O’zbekistonda so’nggi yillarda yoshlar o’rtasida jinoyatchilikning ortib borayotgani rasmiy doiralarda ham, huquq-tartibot organlari nashrlarida ham qayd etiladi.
Mutaxassislar bu hol sababini turlicha izohlaydilar. Advokat Baxtiyor Shohnazarov fikricha, yoshlar tomonidan sodir etilayotgan huquqbuzarliklarning asosiy qismi ishsizlik va bekorchilikdan kelib chiqmoqda.
“Bugungi kunda yoshlar o’rtasida asosan O’zbekiston respublikasining jinoyat kodeksining 169-moddasida ko’rsatilgan o’g’rilik jinoyatlari sodir etish ko’plab uchrayapti. Yana shu moddada ko’tsatilgan talonchilik jinoyatlari, ya’ni ko’cha-ko’yda fuqarolarning qimmatbaho buyumlarini, taqinchoqlarini talonchilik yo’li bilan olib ketish kabi jinoyatlar ko’plab uchrayapti. Bu jinoyatlarning eng ko’p uchrashiga sabab, mana shu yoshlarning o’rtasida hozirgi paytda bo’sh yurganlar, o’qishga bormasdan, o’qishni bitirgandan keyin ish topolmasdan yoki oliy yoki boshqa o’quv yurtlarida o’qishni davom ettirish uchun imkoni bo’lmagan shaxslar, ko’proq mana shunday bekorchi yurgan yoshlar tomonidan jinoyatlar sodir etilyapti”, - deydi advokat Baxtiyor Shohnazarov.
Ayrimlarga ko’ra, O’zbekistondagi bozor iqtisodiyoti sharoitida vujudga kelgan muhit ham o’smirlar jinoyatchiligining ko’payishiga bois bo’lgan. Tadqiqotchi Salomat Niyozova deydiki, “Oiladagi ichkilikbozlikka berilib ketgan otaning tarbiyasi bo’lmaydi, yoki bo’lmasa oilada maishiy… shug’ullanib ketgan onaning tarbiyasi bo’lmaydi. Buning oqibatida bola qarovsiz qoladi, ko’chada tentirab yurishiga to’g’ri keladi. Va qanaqadir yo’llar bilan pul ishlab topish harakatini qiladi. Yoki bo’lmasa, oila boshlig’i bo’lgan ota-onalarning tijorat bilan shug’ullanaman deb xorijiy davlatlarga ketishi ham, natijada bolalarning qarovsiz qolishi va buning oqibatida ham jinoyatlar ko’proq 13-14 yoshda bo’lgan voyaga yetmagan o’smirlar tomonidan sodir qilinmoqda”, -deb hisoblaydi tatqiqotchi Salomat Niyozova.
Salomat Niyozova bugungi kunda katta yoshdagilar bilan birga, voyaga yetmaganlar orasida ham jinoyatchilik ko’payganini aytadi. Unga ko’ra, o’smir yoshlar o’zgalar mulkini talon-taroj qilish bilan bog’liq jinoyatlar bilan birga birovning joniga qasd qilish va uyushgan jinoyatchilikka ham qo’l urmoqda.
“Mana shu jinoyatlarning bugungi kunda kelib chiqishining o’ziga xos sabablari mavjud. Ko’pgina holatlarda iqtisodiy jihatlar bilan bog’lab olib ko’rishimiz ham mumkin, lekin ko’proq shu tadqiqot ishlari natijasida shu narsa ma’lum bo’ldiki, atrof-muhitdagi shaxslarning ta’siri, yoki katta yoshdagi shaxslarning voyaga yetmaganlarni jinoyatga jalb qilish holatlari ko’proq uchrarkan. Bir misol ko’rib o’tadigan bo’lsak, qamoqxonalardan qaytib kelgan katta yoshdagi shaxs atrofiga bir to’da o’smir yoshlarni to’plab olib, ularga o’zining jinoyat olamidagi bo’lgan qiziq-qiziq voqealarni so’zlab beradi, yoki bo’lmasa ularga turli xil jinoyatlarni sodir qilish usullarini o’rgatib, ularni qiziqtira boshlaydi. Natijada yoshlar o’rtasida uyushgan guruh tuzilib, bu guruh esa o’zgalar mulkini talon-taroj qilish bilan bog’liq bo’lgan oldin mayda jinoyatlarni, keyinchalik esa katta-katta jinoyatlarni sodir qilish holatlarini keltirib chiqarishadi”, - deydi Salomat Niyozova.
Ba’zi yoshlar fikricha, kattalarning bolalarga shaxs o’laroq munosabatda bo’lmasliklari ham yoshlarni jinoyatga boshlovchi omillar sanaladi.
“Ota-ona agar bolani har doim urushib, ko’chaga haydab yuborsa uni, urib-so’ksa, bola, albatta, yomon yo’lga kirib ketadi. Har xil yomon narsalar qilib, chekishni ham boshlaydi siqilganidan, ichishni ham boshlaydi, yomon bolalarga qo’shiladi. Bizning mahallada bir bola turadi, u o’g’rilik qilganda uni qamoqqa o’tqazishgan. Qamoqdan ikki yildan keyin chiqib onasini o’ldirib ketgan”.
“Ota-onasi ko’p pul beradi. Bermay qo’yganda, u o’rganib qolgandan keyin boshlaydi-da o’g’rilik qilishni”.
“Misol uchun o’quvchi dars qilib kelmasa o’qituvchilar ham ba’zida “san hayvonsan... isqirtsan”, - deydi. Shu ham psixologiyasiga ta’sir qiladi va bola ko’ngli ranjiydi va yomon yo’lga kirib ketishi mumkin”, - deyishadi ayrim o’smir yoshlar.
Yoshlar o’rtasida jinoyatchilikning ko’payishi sabablari turlicha bo’lsa-da, shularning biri yoshlar ruhiyatida diniy bo’shliqning paydo bo’lganida, deb hisoblaydi ba’zi dindorlar.
Adabiyotshunos olim Sayfiddin Rafiddin fikricha, o’quv maskanlarida diniy tarbiyaning yo’lga qo’yilishi yoshlarni jinoyatchilikdan qaytarishning bir yo’li bo’lishi mumkin.
“Qur’on oyatlari orqali, Hadisdagi odob-ahloqqa oid juda kop pandu-nasihatlar borki, bugungi kunda bularni yoshlarning ongiga singdirish kerak. Ya’ni, yoshligidan ruhiyatiga qaysi savob, qaysi gunoh kabi bir qancha ilohiy so’zlarni singdirish kerak. Islom ahloqi va odobi, islom madaniyati degan juda katta tushunchalarni bog’chalar, maktablarda, oliy o’quv yurtlariga kiritilib, shular orqali yoshlarni tarbiyalash kerak. Diniy ta’lim, dunyoviy ta’lim har ikkalasi qaysi insonda mujassam bo’lsa, o’shanda bir komillik, kamolot paydo bo’ladi. Xudodan qo’rqmagandan qo’rq, degan bizda bir maqol bor. Demak, yoshlarni avval Xudodan qo’rqitish kerak. Birovning haqini yema, birovni so’kma, birovni urma, Xudo jazo beradi deyish kerak. Masalan yolg’izlikda ham Xudoning ko’rib turgani, bilib turgani, eshitib turganini bola agar his qilsa, u hech qachon jinoyat qilmaydi”, - deydi adabiyotshunos olim, taqvodor Sayfiddin Rafiddin.
O’zbekiston shahar va qishloqlarida ham yoshlar huquqbuzarligining ko’paygani aksar holda iqtisodiy yetishmovchilik bilan izohlanadi.
Biroq dindorlar bu hol yana iymon-e’tiqod bilab bog’liq masala ekanini aytadilar.
"Masalan, har xil yetishmovchilik deymiz, lekin qishloqlarda bugungi kunda qancha hayot og’ir bo’lgani bilan to’ylar qadimgiday o’tyapti",-deydi Sayfiddin Rafiddin. "Hech kimning ochlikdan o’lgan joyi yo’q. Faqat bu yerda iymon susayib ketgan. Bu yerda ishonch, mehr, vafo degan narsalar susaygan. Payg’ambarimiz zamonlarida sahobalar hayotiga nazar solsak, shunday bir yetishmovchiliklar bo’lgan ekanki, masalan bitta turshakni, 20 kishi o’tirsa, bir-bir shimib chiqarkan, shunga qanoat qilarkan. Bilasizmi, iymon-e’tiqod haqqatam mustahkam bo’lsa, har qanday holatda inson gunohga qo’l urmaydi. Chunki bu sahobalar hayotida, yo bo’lmasa ma’lum bir jamiyatlarda, o’sha iymon mustahkamlangan, iymon odamlarning qalbiga, ongiga, shuuriga kirgan payrlar bo’lganki, bu isbotlangan”, - deydi Sayfiddin Rafiddin.
Birinchi marta ijtimoiy xavfi uncha katta bo’lmagan jinoyat sodir etganlarga nisbatan ozodlikdan mahrum etish jazosini tayinlash, o’sha yosh ruhiyatiga salbiy ta’sir etishi mumkin, deb hisoblaydi ba’zi mutaxassislar.
Qamoq hech qachon kishilarni ijobiy tomonga o’zgarishiga xizmat qilmasligi, bu esa ularning keyingi hayotlarida o’z aksini ko’rsatishi aytiladi. Advokat Baxtiyor Shohnazarovning fikricha, “Mana shu voyaga yetmaganlarning, yoshlarning ruhiyati hali to’la shakllanmaganligi, ularni qandaydir qaltis harakatlar bilan sindirib qo’yish ham hech gap emasligini e’tiborga olgan holda ularning ustidan tergov, sud harakatlarini olib borish kerak. Chunki bilamiz, yoshlar ruhiyati juda ta’sirchan bo’ladi. Ularni sindirib qo’yish ham hech gap emas. Shuning uchun tergov organlari xodimlari ham, qolaversa sud majlisida ham ularning yoshidan kelib chiqqan holda, mana shu jarayonlarga ruhshunoslarni taklif qilgan holda o’tkazish kerak",-deydi advokat Shohnazarov.
Mutaxassislarga ko’ra, qamoq muddatini o’tab chiqqan ba’zi yoshlarning qayta jinoyat sodir etish hollari kuzatilmoqda. Advokat Baxtiyor Shohnazarov fikricha, buning boisi ularning jamiyatda o’z o’rinlarini topishlari qiyin kechishidadir.
“Haqiqatdan ham kishi qamoqdan chiqqandan keyin unga nisbatan atrofdagilarning munosabati o’zgarib qoladi. Qamoqdan chiqqan shaxslar ham o’zlarini boshqacharoq tutishga harakat qilishadi, odamlarning oldida. Xuddi ular hayotning achchiq-chuchugini ta'tib kelishganu, ularga ortiqcha gap gapirish mumkin emas, degan fikr ham o’rnashib qoladi. Shuning uchun odamlar ham ular bilam ehtiyotkorlik bilam muomala qilayotganining guvohi bo’lamiz. Lekin hozirgi vaziyatda bilamiz, ish topish ancha muammo, ayniqsa qamoqda o’tirib chiqqan shaxsni ishga olishga hamma korxona-tashkilotlar rahbarlari moyillik ko’rsatavermaydi. Shuning uchun bularni ishga joylashda katta muammolar kelib chiqadi. Bir tomondan ularga taklif qilingan ishlar ham ko’pincha ana shu shaxslarni qanoatlantirmaydi. Maoshi kam bo’ladi, sharoitlari ularga to’g’ri kelmaydi. Shuning uchun oxir-oqibatda ularning yana jinoyat yo’liga kirishi hollari ham uchraydiki, bularning hammasini iqtisodiyotga, iqtisodiy sabablarga bog’lasa bo’ladi”, - deb hisoblaydi Shohnazarov.
Ba’zi mutaxassislar fikricha, xorijdan kirib kelayotgan jangari filmlar ta’siri ostida ham o’smir yoshlar turli jinoyatlarga qo’l urishmoqda. Ayrim boy oila farzandlarining turli huquqbuzarliklar sodir etishi, iqtisodiy to’q oiladagi ma’naviy qashshoqlik bilan izohlanadi. So’nggi paytlarda o’smir yoshidagi qizlar orasida jinoyatchilikning ko’payayotgani esa, iqtisodiy nochorlik bilan bog’liqligi aytiladi.