O'zbekiston yoshlarining xalqaro tashkilotlar yopilishiga munosabati

So’nggi bir yil ichida O’zbekistonda AQShga tegishli o’ndan ortiq tashkilot hukumat tomonidan turli sabablar bilan yopilgan. Ana shunday tashkilotlarning biri ACCELS (AKSELZ) AQSh hukumatining ta’lim dasturlari bilan shug’ullangan va u orqali bir necha ming o’zbekistonlik o’quvchi, talaba va mutaxassislar so’nggi 13 yil ichida AQShda grantlar hisobiga o’qigan va malakalarini oshirgan. Yaqinda Toshkent sudi ACCELS ni yopish haqida qaror chiqargan.

O’zbekistonda faoliyati tugatilgan AQShning yana bir tashkiloti, Soros Jamg’armasining ta’lim dasturi bo’yicha Qo’shma Shtatlarda tahsil olgan Mohira ismli qizning aytishicha, ACCELS ning yopilishi uni taajubga solmagan.

Mohiraning aytishicha, o’zbek-amerika munosabatlarining sovuqlashishi O’zbekistonda faoliyat yuritayotgan Amerika tashkilotlari vakolatxonalarining yopilishiga asosiy sababdir. Mohira 1990 yillar boshida Turkiya bilan munosabatlar shakllanganidan so’ng O’zbekistonda ko’plab turk litseylarining ochilganini, biroq keyinchalik aloqalar sovuqlashgach litseylarning yopilganini va Turkiyada tahsil olayotgan o’zbekistonlik talabalarning vataniga chaqirib olinganini misol tariqasida keltiradi.

Biroq ba’zi o’zbekistonliklarga ko’ra, AQSh tomonidan moliyalangan ta’lim dasturlari beg’araz emas va AQShning ma’lum maqsadlarini ko’zlaydi. Sardor ismli yigitning aytishicha, o’zbekistonlik talabalar AQShga borib kelgach, O’zbekistonda o’zgarishlarni amalga oshirishga harakat qilishadi va amerikanizatsiya jarayoni ta’siri ostiga tushib, vatanga turli g’oyalar bilan qaytadi.

Mohiraning aytishicha, tenghuquqlik, erkinlik va demokratiya ana shunday g’oyalarga kiradi. Mohira Gruziyadagi inqilobni misol tariqasida keltiradi. Inqilob natijasida Gruziyada hokimiyat tepasiga kelgan Mixail Saakashvili 1993 yili ACCELS dasturi orqali AQShda tahsil olgan. Biroq talabalarning qayerda tahsil olishini ularning o’zlari hal qilishi kerak, deydi Mohira.

ACCELS dasturi orqali tahsil olgan yana bir o’zbekistonlikning aytishicha, Ikkinchi jahon urushidan keyingi Yaponiya taraqqiyotida AQShda tahsil olgan yapon yoshlarining hissasi ulkan bo’lgan.

ACCELS va IREX (AYREKS) dasturlarining o’zbekistonliklar uchun katta akademik va professional foydasi bor, deydi Aziz, chunki AQShga borib kelgan yoshlarning bilimlari oshadi, dunyoqarashlari kengayadi, kelajakda o’sishlari uchun yaxshi zamin yaratiladi. Biroq bu hol O’zbekiston hukumatini cho’chitgan va ACCELS ga o’xshash tashkilotlarni yopishga majbur qilgan, deydi u.

AQShning Pennsilvaniya shtatida tahsil olgan Murod ismli yigitning aytishicha, u ACCELS dasturidan katta foyda ko’rgan.

Biroq Missuri shtatida ta’lim olgan Saodat ismli qizning aytishicha, O’zbekistonda yoshlarning AQShda olgan bilimlaridan foydalanmoqchi bo’lganlar ko’p emas. O’zbekistondagi byurokratiya G’arbda o’qigan yoshlarning xizmat va tajribalarini inkor etadi, deydi u.

Murod hukumatning bunday siyosati mamlakatni yakkalab qo’ymoqda va ACCELS ning yopilgani bilimga chanqoq yoshlarni ko’plab imkoniyatlardan ayrimoqda, deydi.

Biroq ba’zi o’zbekistonlik yoshlar ACCELS kabi tashkilotlarning yopilganini hukumatning to’g’ri qarori deb biladi. Chunki ACCELS, ularning fikricha, AQSh siyosatiga hayrihoh bo’lg’usi siyosatchilarni tarbiyalaydi.

Po’lat ismli yigitning aytishicha, O’zbekistonga qaytgan yoshlar Amerika ta’siri ostiga tushib qolmoqdalar. Ayni damda AQShda doktoranturada o’qiyotgan Saodatning aytishicha, AQShga borgan yoshlar vatanparvarlikning asl mohiyatini aynan Amerikada anglab yetadilar.

“Musofir bo’lmaguncha, musulmon bo’lmas”, deydi Aziz.