Bolajon xalq bolalari majburiy mehnat qurboni

O`zbekistonda huquq himoyachilari xalqaro jamoatchilik e'tiborini mamlakatda bolalar huquqi buzilayotganligiga qaratishga urinmoqda. Markaziy Osiyoda bolalar mehnatidan foydalanish va ularni majburan ishlatish hollari ko`paymoqda.

O`zbekistonlik huquq himoyachilari bolalar mehnatidan foydalanishni to`xtatish yo'lida Xalqaro Mehnat Tashkiloti tomonidan boshlangan tadbirlarga javoban O`zbekistonda bolalarni majburiy mehnatga jalb etilayotgani muammosini ko’tarib chiqmoqda.

12 iyun kuni shu maqsadda bir guruh inson huquqlari faollari BMTning YUNISEF tashkiloti vakolatxonasi rahbariyati bilan muzokara o`tkazgan.

YUNISEF vakillari bilan muzokarada bo`lgan inson huquqlari himoyachisi Jahongir Shosalimovga ko`ra, Jenevada o`tgan konferensiyada O`zbekiston vakillariga bolalar mehnatidan foydalanishni ta’qiqlovchi BMT 182-183-hujjatlariga imzo chekish taklif qilingan.

Shuningdek, YUNISEF vakillari bergan ma`lumotga ko`ra, mintaqada bolalar mehnatidan foydalanish holatlari ko`payib bormoqda.

Bolalar huquqi, jumladan ularning mehnatidan foydalanish masalalari yuzasidan yaqinda O`zbekiston Oliy Majlisida ham ilmiy amaliy seminar o`tkazilgan. Bu seminarda YUNISEF vakillari bilan bir qatorda O`zbekistondagi nodavlat tashkilot vakillari ham ishtirok etgan.

Seminar haqida tarqatilgan rasmiy ma`lumotda keltirilishicha, O`zbekiston BMTning bolalar huquqi haqidagi konvensiyaga 1992 yilda qoshilgan va hozirda bu konvensiyada ifoda etilgan huquqlarni davlat qonunchiligida aks ettirish ishlari bormoqda.

Kuzatuvchilar nazarida O'zbekistonda bolalar mehnatidan foydalanish keng yo'lga qo'yilgan. Bolalar mahalliy hokimiyatlarning paxta mavsumi boshlanganligi haqidagi qaroriga muvofiq paxta chopig'iga, dorilashga va yig'im-terimiga jalb etiladi..

Paxta mavsumida yuqori sinf o`quvchilari uchun darslar to`xtatiladi. Ba`zi ma`lumotlarga ko`ra, paxta terimiga 5-6 sinf o`quvchilaridan boshlab jalb qilinadi.

Jahongir Shosalimovga ko`ra, O`zbekistonda bolalar mehnatidan foydalanishni ta`qiqlash uchun jamoatchilik faoliyati yuritishi kerak.

Maktab o`quvchilarining ommaviy tarzda paxtaga chiqarilishi ularning sog`liqlariga ta`sir qilishidan tashqari, uch oygacha cho`ziladigan ta`limdagi uzilishlar bolalarning o`quv salohiyatiga ham salbiy ta`sir etib kelayotgani aytiladi.

Ayrim manbalarga ko`ra O`zbekistonda voyaga etmagan bolalarning aynan iqtisodiy qiyinchiliklar bois ham bozorlarda va yoki boshqa jamoat joylarida turli o`gir yumushlar bilan bandlik hollari ko`paymoqda.