Shanxay-6 inson huquqlarini poymol qilayotganlikda ayblanmoqda

Human Rights Watch (Xyuman Rayts Votch) xalqaro inson huquqlari tashkilotiga ko’ra, Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a’zo mamlakatlar terrorizmga qarshi kurash niqobi ostida o’z fuqarolarining inson huquqlarini poymol qilib, xalqaro kelishuvlarga rioya etmayaptilar.

Ertaga Shanxay Hamkorlik Tashkilotining Xitoyda o’tishi rejalanayotgan navbatdagi sammiti oldidan, Xyuman Rayts Votch inson huquqlari masalasini ham sammit kun tartibiga kiritishga chaqirmoqda.

Xyuman Rayts Votch bayonotida Shanxay tashkilotiga a’zo mamlakatlardagi inson huquqlari ahvoliga qisqacha to’xtalgan. Masalan, Xitoy, deyiladi unda, Shinjon viloyatidagi uyg’urlarga ochiqchasiga zug’m o’tkazadi. Ularni diniy ekstremistlar deb qamoqqa tashlayveradi.

O’tmishda uyg’urlar mustaqilligini qo’llagan Markaziy Osiyo davlatlari esa Xitoy qistovi ostida bunga ko’z yummoqda, deydi inson huquqlari tashkiloti.

Xyuman Rayts Votch ga ko’ra, O’zbekiston 90-yillar oxiridan beri terrorizmga qarshi kurash niqobi ostida minglab dindorlarni turli oqimlar g’oyasini ilgari surmoqda deb qamoqqa tashlamoqda.

Rossiya esa Chechenistondagi anti-terror harakatlari ostida genotsid va rasizmga berilmoqda, deydi Xyuman Rayts Votch.

Qozog’istonda ekstremistik partiyalarni man etish haqida yaqinda qabul qilingan qonun aslida hukumatga yoqmagan muxolifatchilarga qaratilmoqda. Shanxayga a’zo davlatlar siyosatini o’zgartirmasa, vaziyat bundanda yomonlashishi mumkin, deya xulosa qiladi Nyu Yorkda joylashgan Xyuman Rayts Votch tashkiloti.