O'zbekistonning iqtisodiy ravnaqi qo'shnilar bilan birdamlikka bog'liq

Xalqaro moliyaviy tashkilotlar, ekspertlar Markaziy Osiyo faqat integratsiya natijasidagina iqtisodiy o`sishga erishishi mumkin demoqda.

Ular fikricha, Markaziy Osiyo davlatlarining iqtisodiy istiqboli faqat ularning iqtisodiy birlashuvida va erkin savdo aloqalarining kuchayishiga bog’liq.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot dasturi ekspertlari va boshqa xalqaro moliyaviy tashkilotlar hisobotida ta’kidlanishicha, mintaqada erkin iqtisodiy aloqalarning o'rnatilishi, umumiy bozorning tashkil etilishi natijasida, ishlab chiqarish ikki barobarga ko'tarilishi, sarmoya miqdori esa o'shishi mumkin.

Nazarda tutilayotgan mintaqaviy integratsiya tomonlarning, ya’ni Markaziy Osiyo davlatlarining yagona iqtisodiy siyosat ostida birlashishini, chegaralarning savdo aloqalari, aholi qatnovi uchun ochiq bo`lishini talab etadi.

50 milliondan ziyod bo`lgan mintaqa aholisining yagona iste’mol bozori atrofida jipslashishi esa yangi sarmoylarni jalb qilishga olib keladi. Energetika bozori bo`yicha mintaqa davlatlarining mustaqil iqtisodiy siyosatga erishishi mavjud geosiyosiy vaziyatni mintaqa foydasiga hal etishga xizmat qiladi.

Mintaqaviy integratsiya haqidagi qarashlar qanchalik amaliyotga yaqin, buning uchun nimalar qilinishi kerak?

Mahalliy kuzatuvchi Komron Aliyevga ko`ra, mintaqaviy integratsiya jarayonidagi o`sish real ko`rsatkich. Dunyodagi yetuk iqtisodiy markazlar ham shunday xulosa berishmoqda:

“Gap ixtisoslashish haqida bormoqda. Masalan, O`zbekiston paxtaga ixtisoslashishda davom etsa, Qozog`iston donga. O`zbekiston mis bilan butun mintaqani ta'minlaydi. Tojikiston ishlab chiqarayotgan alyuminiyni mintaqa ehtiyojiga moslashtirib, salohiyatini yetti martaga oshirishi mumkin. Bunga o'xshash misollarni ko'plab keltirish mumkin. Qozog'iston Gruziyaga bir milliard AQSh dollar miqdorda investitsiya kiritishga qaror qildi. Mintaqa integratsiyasi amalga oshsa, Qozog`iston mablagi O`zbekistonga hech qanday davlat kafolatlarisiz yotqizilishi mumkin. Kapital harakatlanishi, odamlar qatnovi chegaralanishi kerak emas”, - deydi Kamron Aliyev.

Ayni paytda mintaqa davlatlari iqtisodiy integratsiyani ifodalovchi Yevrosiyo Iqtisodiy Hamjamiyatiga a`zo, bu tashkilot doirasida yagona iqtisodiy hudud yaratish borasida hujjatlar imzolanmoqda.

Mintaqa qamrovidagi integratsiya qanday tomonlari bilan tashkilot maqsadlaridan farq qiladi?

Siyosatshunos Farhod Tolipovga ko`ra, asosiy farq mintaqaning ichki muammolarining bevosita boshqa kuchli davlat ishtirokida yechilishi bilan bog’liq:

“Bu sharqdan Xitoyning ta'siri bo`ladimi, yoki shimoldan Rossiyaning, janubdan AQShning - qanday bo`lishidan qat`iy nazar, mintaqa davlatlari o`z ichki muammolarini yechish layoqatiga ega emasliklarini ko`rsatmoqda. Biron kattaroq tashkilotga kirishdan avval, ular avvalo o`zaro kelishib, birlashgan holda faoliyat yuritishlari lozim edi”, - deb ta`kidlaydi Tolipov.

Siyosatshunos mintaqa davlatlari itegratsiyasi amalga oshmayotganligining sababi qilib, mustaqillikni qo`lga kiritgan mintaqa vakillarining birinchi navbatda davlatchilikni tashkil etish masalaiga e’tibor qaratganida deb biladi.

Biroq kuzatuvchi Baxtiyor Isabekka ko`ra, mintaqa integratsiyasining amal qilmasligi mustaqil davlatchilik bilan bog'liq emas:

“Qozog’iston, Qirg`iziston, Tojikiston ham o`z davlatchiligini qurayotgan mamlakatlar. O`zbekistonda esa davlatchilik amaliyoti qadimdan mavjud; shu bilan bir qatorda aynan O`zbekiston tomonidan integratsiyaga yo'l berilmayapti. Agar Markaziy Osiyo, Qozog'iston iqtisodiy siyosati birlashdi deb hisoblasak ham, bu narsa O`zbekiston hukumatiga to'g'ri kelmaydi. Oddiy, mulkka munosabatni olsak ham qo`shni mamlakatlarda mulk xususiy, O`zbekistonda esa bunday emas. Fermerlar faqat davlat rejasi bo`yicha xohlagancha ishlatiladi, bu albatta qo`shni davlatlarning e`tiroziga uchrashi tabiiy ”, – deya hisoblaydi Isabek.

Komron Aliyevga ko`ra, mintaqa integratsiyasiga ta’sir qiluvchi tashqi omillar bor, jumladan Rossiya va Xitoyda. Ular o`zi bilan chegaradosh Markaziy Osiyoni qudratli bir mintaqa sifatida ko`rishni xohlamaydi.

Kuzatuvchilar nazarida, hozirda iqtsodiy integratsiyaning shimoldan yana Rossiya orqali tashkil etilishiga ahamiyat qaratilmoqda. Rossiyaga ustunlik beruvchi bu integratsiya usuli mintaqa savdo aloqalarini faqat shimolga bog’lab qo'yishi, bu siyosiy va iqtisodiy tobelikka olib kelishi mumkin.

Ta`kidlanishicha, mintaqa integratsiyasi bu - tarixiy, madaniy, ijtimoiy ehtiyoj. Mustamlakadagi yaqin 100 yillik tarixda mintaqaviy yaxlitlikni tiklash imkoniyati berilmagan; bugun bu imkoniyatning qo`ldan berilishi yaqin tarixning takrorlanishiga olib kelishi mumkin.