Kuba Kastrolarga merosmi?

Mazkur haftadan boshlab, Kuba 47 yil ichida ilk bor o’z rahbari Fidel Kastrosiz qoldi. Kastro sog’lig’i yomonlashgani sabab, hokimiyat boshqaruvini ukasi Raul Kastroga topshirdi. Biroq muolajadan so’ng yana davlat tepasiga kelishini bildirmoqda.

Amerikada yashayotgan kubaliklar bu xabarni xursandchilik bilan kutib oldi. Ular nazarida bu Kubadagi kommunistik tuzumga yakun keldi, deganidir. Rasmiy Vashington esa bu xabarga ehtiyotkorlik bilan yondashmoqda.

Oq Uy so’zlovchisi Toni Snovga ko’ra, AQSh rahbari Bush Kuba bir kun kelib ozod va demokratik davlatga aylanishiga ishonadi. Biroq davlat tepasida Raul Kastro bor ekan, bunga erishish juda qiyin kechadi, deydi u:

“Raul Kastro akasidan qolishmaydi. Shu sabab biron bir o’zgarish bo’lishiga ishonish qiyin”, -deydi Oq Uy so’zlovchisi.

Rasmiy Vashington va Gavana munosabatlari yaxshilanmaydi, dedi Toni Snov Oq Uyda o’tgan mabuot anjumanida. Sabab, Fidel Kastro diktator, o’zidan so’ng esa mamlakatni jallod ukasiga topshirmoqda, deydi janob Snov.

“Fidel Kastro qanday ahvolda ekani bizga qorong’i. Mamlakat yopiq bo’lgani uchun, u yerdagi vaziyatdan ham bexabarmiz”, -deydi Oq Uy rasmiysi.

47 yildan beri mamlakatni boshqarayotgan Fidel Kastro kommunizm g’oyasiga sodiq qo’lib, o’z notiqligi bilan vatandoshlari mehrini qozongan.

Mutaxassislar uning ukasi so’zamollik va qatiqqo’llik borasida akasiga yetmaydi demoqda.

Asli kubalik, respublikachi senator Mel Martinez ro’y berayotgan o’zgarishlar Kuba eshiklarini demokratiya sari ochishi mumkin, deydi:

“Endi Kuba erkin fikr va o’zgarishlar uchun moyilroq bo’ladi, deb o’ylayman. Bu esa kubaliklarga yaxshi hayot va o’zgarishlar olib kelishi aniq”, -deydi AQSh siyosatchisi.

AQSh qonun chiqaruvchilari 44 yil oldin Kubaga qo’yilgan embargo shartlarini yengillashtirish lozim, demoqda. Kuba bilan aloqalarni yaxshilash bu mamlakatni tezroq demokratik o’zgarishlariga olib kelishi mumkin, demoqda arizonalik respublikachi Jef Fleyk.

31 iyul kuni sog’lig’i yomonlashgani tufayli muolaja olishini bildirgan Fidel Kastro, jarrohlik amaliyotidan so’ng yana mamlakatni o’z tizginiga olishini aytgan. Biroq shifokor va tahlilchilar Kastro ancha qarib qolgan, uning davri o’tdi demoqda.

Nevadalik demokrat senator Garri Reyd esa bu vaqtincha xolat degan fikrda:

“Kastroning muxlisi emasman. Yaqin oradami yo’qmi, u mamlakat tepasidan ketadi. Bu esa kubaliklarga ozod va demokratik hayot olib kelishi tabiiy”, -deydi demokrat Garri Reyd.

Uch hafta ilgari prezident Bush Kubadagi nodavlat tashkilotlar dasturlari uchun 80 million dollar ajratishga qaror qilgan edi. Mutaxassislar fikricha AQSh aynan ijtimoiy va iqtisodiy tomondan Kuba xalqiga yordam berib, erkin va mustaqil hayot sari chorlashi lozim.