O'zbekistonda "Bolalarni asrang" xalqaro tashkiloti bosim ostida

“Save the Children” - “Bolalarni asrang” xalqaro nohukumat tashkilotining O`zbekistondagi vakolatxonasi rahbari bolalar ta`limiga oid hisobot yuzasidan Adliya vazirligiga chaqirilgan. Ma`lumotlarga ko`ra, rasmiy idoralar tashkilot faoliyatini to`xtatish taraddudini ko`rmoqda.

Tashkilot hisobotida O`zbekistonda maktab yoshidagi bolalarning 19 foizga yaqini ta’lim olish imkoniyatidan mahrum ekanligi haqida so`z boradi.

Bu ma`lumotlar Xalq ta`limi vazirligi tomonidan rad etilgan va tashkilot vakillari O`zbekistondagi ta`lim ahvolidan bexabarlikda ayblangan edi.

“Press-uz. info” agentligining yozishicha, vakolatxona rahbari Terri Li Kornelison hisobotda ko`rsatilgan ma`lumotlarga oydinlik kiritish uchun markaziy idora bilan bog’lanish zarurligini ta’kidlagan.

O`zbekistonda ta'lim sohasi, jumladan maktab yoshidagi bolalarning ta’lim olish imkoniyatlari va darajalarini o`rganuvchi mustaqil tashkilot yoq.

Kuzatuvchilar va huquq himoyachilariga ko`ra, O`zbekiston maktablaridagi asosiy muammo ko`p jihatdan ota- onalarning iqtisodiy qiyinchiliklari bilan bo`gliq. Bundan tashqari, deyishadi ular, O`zbekiston bolalar huquqini buzishda davom etayotgan davlatlardan biri. Maktab o`quvchilari majburiy mehnatga jalb etiladi.

Jizzaxlik huquq himoyachisi Ziyodulla Razzoqovning aytishicha, maktab o`quvchilarini paxta terimiga chiqarish sentyabr oyidanoq boshlangan.

“15 sentyabrdan maktab o`quvchilari va talabalar ommaviy tarzda paxta terimiga olib chiqilgan. Terim bir-ikki oy davom etadi. Shundan song ular yana ta’lim olish uchun maktabga qaytishlari mumkin”, - deydi Razzoqov.

Kuzatuvchilar nazarida “Bolalarni Asrang” tashkilotiga nisbatan boshlangan bosimlar O’zbekistonda xalqaro tashkilotlar faoliyatini tugatish siyosati davomi etayotganidan darak beradi.