O’zbekistonda bugun diniy e’tiqodga nisbatan munosabat turlicha. Ular orasida shariat talablarini to’liq ado etish tarafdorlari ham, bu talablarga tanqidiy ko’z bilan qarovchilar ham topiladi.
Ayni paytda diniy-ekstremistik oqim tarafdorlari sifatida hibsga olingan fuqarolarning yaqinlari ularning aslida aybsizligini ta’kidlaydilar. Ular mahkumlarning faqat islom dini talablarini ado etganliklarini aytadilar.
21 yoshli Dilnozaning hijobga kirganiga uch yil bo’lgan. “Olloh buyurgan hijobga kirishni. Besh mahal namoz o’qiyman. Ikkita bolam bor. Hech kim hali hech narsa degani yo’q. Boshqa mahalladagilarga bo’lgan lekin. Ro’mollarini yechishgan, militsiyalar mahallasida uyiga kiraverishib qo’yishmagan. Shunda yechib yuborishgan ro’mollarini. Ba’zilar boshqacha qaraydi hijobga kirganlarga, o’qimishsiz deb. Tushunmaydi hech narsani deb, nazariga ilmaydi ko’pchilik”, -deydi Dilnoza.
Ayrim yoshlarga ko’ra, hijobda maktab yoki oliy o’quv yurtlariga kelayotgan qizlarga nisbatan turli ma’nodagi tazyiqlar ham mavjud.
“Hozir hijobdaman. Toshkentda unchalik indashmayapti, lekin Marg’ilon, Farg’ona va umuman, vodiy taraflarda, menimcha, shu hijobni ta’qiqlashayapti, sal bo’lsayam-da. Chunki u yoq baribir chekka joy, chegara joy, ko’p shunaqa niqob qilib yurganlar ham bo’lishi mumkin”, -deydi hijobli qizlardan biri.
Ba’zi o’zbekistonliklar esa hukumat tomonidan jamoat joylari, maktab, tashkilot va oliy o’quv yurtlarida hijobda yurishning ta’qiqlanishiga ijobiy hol sifatida qarashlarini aytishadi.
“Maktablarda yosh qizlar o’ralib yurishadi. Yozda issiqda juda qiynalishadi. Mening ham nevaram o’qiydi, juda achinib ketadi. Uch qiz o’ralgan keladi-da, terlab o’tiradi, qiynalib ketadi darslarda, o’tirisholmaydi ro’molda, deydi. Man shu hukumatni olib borayotgan ishlariga qo’shilaman”.
“Judayam qarshiman shu hijob kiyganlarga. Masalan, Xudoning oldida to’g’ri bo’lsa o’zi uchun. Haq namozini o’qisin... Yopinib, lekin boshqa ishlar qilishini ko’p eshitganman
va o’shaning guvohi ham bo’lganman. O’shaning uchun hijob kiyganlardan nafratlanaman. O’zimning erim bilan o’zimning hijobli o’rtog’im hiyonat qilgan”, - deydi yana bir ayol.
Shahnoza ismli hijobdagi dindor ayol esa davlat qonunlarida “e’tiqod erkin” deyilgan ekan, namoz o’qish yoki hijobga kirishga siyosiy tus bermaslik lozim, degan fikrda.
“Hijobga kirib turib, bemalol biror joydan ish topish ham qiyin bo’lyapti. Qur’onda farz bo’lgani uchun ayollar o’zining avratini berkitmoqchi. Bu yerda hech qanaqa siyosiy bir yo’nalish yo’q. Maktabga, kollejlarga ham, litseylarga ham hijobda kirganlarga dars jarayonida shu narsani yechib o’tirasan, degan talablar qo’yilyapti. Bu ham inson huquqlarini poymol qilinishi-yu”, - deb hisoblaydi Shahnoza.
O’g’lim “Hizb-ut-tahrir” a’zosi sifatida qamalib, amnitsiya bilan ozodlikka chiqqandi. Biroq o’tgan yilning oktyabr oyida yana soxta ayb bilan olib ketilib, qiynoqqa solingan,”- deydi apellyatsiya sudida bo’lib qaytgan muslima ayol.
“Nimaga bular amnitsiya bilan chiqarishyapti-da, yana it azobini qo’llab... Nima, yashash huquqi yo’qmi islomni tanigan, Ollohni tanigan odamlarga? O’g’limni shunaqa urishgan-ki, o’sha yerda o’rtog’i bo’lgan. Qurilish ishida ozgina ishlashgan. Bu o’rtog’imni, dedi o’g’lim oldiniga tanimadim. Qo’lidagi ochkisidan tanib qoldim, dedi. Shu darajada yuzi tanimaydigan darajada bo’lib ketgan. Oyoqlari shishib ketgan. Oyog’i bilan qo’lini qo’yni bo’g’izlaganga o’xshab, kishanlab urishgan ekan. Yana bittasi mix bilan urgan orqasiga. O’sha yerda advokatlar gapirib turib, “mana, mana bu bolaning boshini shu darajada urib, o’rtog’i tanimabdi, janob sudya, shunga e’tibor bering” desa, sudya “bo’ldi, jiming” dedi. Advokatlarni, bizning O’zbekistonda, umuman roli, ahamiyati yo’qligini men endi bildim. Balkim buni Prezident bilmasalar kerak. Orqalaridan do’ppisini olib kel desa, kallasini olib kelishayotgandir”, - deydi muslima ayol.
Yaqinlari hibs etilgan muslima ayollarning aytishicha, qamoqxonalarda mahkumlarga nisbatan qiynoqlar hamon davom etmoqda.
“Zonada xo’jayinim borlar. Bizlar borganimizga 15-20 kun bo’ldi. Bu 36-zona tub zona. Lekin ularning sog’ligi og’irligiga qaramasdan uch oylab izolyatorga tashlaganlar. Bizlarni kirgizishdi, ko’rdik, lekin izolyatordan chiqqan ahvol judayam og’ir. Ularning kasalligiga hech kim qaramaydi, qon tuflab yotibdimi. Tazyiq judayam kuchayib ketgan”.
“Zonaga men ham borib keldim. Umuman, namoz o’qitilmagan-da, bittasi o’zini butunlay bo’ynilarini piska bilan kesib tashlagan-da. Izolyatorga tiqib, muzday xonaga yalang’och qilib qo’yib qo’ygan. Kechqurun yotishigayam mayorning o’zi kiradi-da, dedilar, kirib turib yalang’och qilib yotqizib qo’yadi. Ertalab 6 dan keyin umuman tualetga chiqmaymiz, nima qilsak qilib, o’lib qolishimiz kerak o’sha yerda”, deyaptilar. “Juda qiyin bo’lib ketdi, 1999 yil, 2000 yil ahvoli qaytib kelyapti, deydi xo’jayinim”, - deydi yana bir muslima.
“Uch yil bergandi, amnistiya bilan ikki yil, yetti oyda chiqdi. Chiqqanda bizlar ishlatmadik. Shu bola ko’chaga chiqqanda bitta-yarimtaga qo’shilib, tag’in yana bir fitnaga qolib, yana bir narsa bo’lmasin deb uyda adasi ustachiliklarni o’rgatib turdilar. Keyin bir kuni ko’chaga chiqib ketganda, militsiya xodimlari “o’g’ling shunaqa ishlar bilan shug’ullanayotgan ekan” deb uyga 20 tasi bostirib kirishdi. O’sha bostirib kirganda ko’chada qanaqadir bola bilan gaplashib qolgan ekan. Bu dars olgan bo’lsa, men mayli dars berayotgan ekan, yoki dars olayotgan ekan, yoki bo’lmasa varaqa tarqatgan bo’lsa, ha bolamning o’zi shu ishni qilibdi-da, degan bo’lardim-da. 59-statyaga loyiq hech narsa ish qilmagan-da. Bizlarni himoya qiladigan bu dunyoda hech kim qolmadi... bu bizlarning O’zbekistonda”.
“Prezidentimiz ham aytadilar, elim deb, yurtim deb yashagan yoshlar bo’lishi kerak, deydilar-a. Men aytaman-ki, mana shu qamoqda o’tirgan bolalar elim-yurtim deb yashayotgan bolalar-u. Yomonlik bo’lmasin, shular tinch yashashsin, to’q yashashsin deb o’ylaydi o’shalar faqat. Qaytam, shular elim-yurtim deb kuyayotgan bolalar-ku o’shalar. Man aytaman-da o’g’limga, “ekstremist deyayapti senlarni, fundamentalist deyayapti,” desam, “yo’q onajon, unaqamas, bizlar Olloh rizoligi bo’yicha yashashsin odamlar, deb aytamiz. Bizlar odam o’ldirishni hech qachon gapirmaymiz. Gunoh, harom odam o’ldirish, deydi. Unaqa demang”, deydi. Oltita bolaning onasiman. Hammasi iymonda, e’tiqodda. Unaqa yomon yo’llarda yurgan bollar emas. Mana shu qamoqda o’tirgan o’g’lim ham hatto yosh bolalarni “siz”lab gapiradi. Birovga qattiq gapirish yo’q. Hatto men sal qattiq gapirib yuborsam, “onajon, sekin gapiring, jon onajon” deb turadi. Mana 22 yoshda edi olib ketganda, uylantiraman deb turgandim. Hozir mana 26 ga chiqdi. Har ketayotganimda aytadi:”onajon, rozi bo’ling, boqqanlaringizga rozi bo’ling, bergan sutlaringizga rozi bo’ling onajon”. “Nega shunaqa deysan bolam” desam, “endi bizlar insonmiz, hozir bormiz, birpasdan keyin yo’qmiz, Olloh berguvchi, Olloh olguvchi. Men ishqilib bunday joyda o’tiribman, endi tag’in Olloh biladi” deb qo’yadi.”