Yevropa Ittifoqi Andijon voqealari ketidan O’zbekistonga nisbatan bir yil ilgari qo’yilgan sanksiyalarni yangilash va kengaytirish yoki yumshatish bo’yicha qarorini tez kunlarda chiqarishi kerak. Qarorning qanday bo’lishi ikki tomon rasmiylarining Bryusseldagi uchrashuvi natijasiga bog’liq.
2005 yil may oyidagi Andijon voqealaridan so’ng Yevropa Ittifoqi O’zbekistonga qurol embargosi qo’ygan va O‘zbekiston hukumatining 12 nafar rasmiysiga Yevropaga kirishni ta’qiqlagan edi.
O’tgan yil oktyabrida qo’yilgan bir yillik sanksiyalar muddati tugadi. Bu davr mobaynida Yevropaga viza olishdan mahrum bo’lgan O’zbekiston rasmiylarining ba’zilari o’z lavozimlaridan ketgan.
Shunday bo’lgan taqdirda viza cheklovlari shaxsan prezident Karimov hamda O’zbekistonning yangi ichki ishlar va mudofaa vazirlari, Milliy xavfsizlik xizmati raisi, bosh prokuror va yaqindagina ishdan olingan Andijon viloyati hokimiga ham qo’yiladi.
Bundan tashqari “qora ro’yxat”ga tushgan O’zbekiston rasmiylarining Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlaridagi mulk va hisob raqamlari muzlatiladi. Ruslan Mirzayev, Rustam Inoyatov va Saydullo Begaliyevlar ro’yxatga ikkinchi bor kiritlmoqda.
Biroq sanksiyalar yumshatilishi ham mumkin. Ismini oshkor etishni istamagan va ayni damda AQShning nufuzli oliygohlarining birida malaka oshirayotgan o’zbekistonlik mutaxassisga ko’ra, Yevropa Parlamenti va Yevropa Kengashida O’zbekiston bilan aloqalarning tiklanishi tarafdorlari ham yo’q emas.
"Germaniya-O’zbekiston munosabatlarining boshqa Yevropa davlatlariga qaraganda yaxshiligini inobatga olgan holda, Yevropa Parlamentida aynan germaniyalik deputatlarning sanksiyalarni yumshatishga harakat qilayotganini ko’rish mumkin",- deydi mutaxassis.
8 noyabr kuni Bryusselda Yevropa Ittifoqi rasmiylari O’zbekiston Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov boshchiligidagi delegatsiya bilan bo’lg’usi munosabatlarni muhokama qilish uchun uchrashadi. Ana shu uchrashuv natijasi sanksiyalar taqdirini hal qiladi. Qaror 13 noyabr kuni ma’lum bo’ladi.
Belgiyada yashaydigan sobiq o’zbekistonliklar tashabbusi bilan bir necha yildan beri faoliyat yuritib kelayotgan “O’zbekistonda demokratik islohotlar uchun” deb nomlangan muxolifatdagi uyushma vitse-prezidenti Sergey Petrosovga ko’ra, Andijon voqealari uzoqlashgan sari Yevropada Karimov hukumati bilan muloqot qilishga munosabat ham o’zgarib bormoqda.
Bu haqda shu yil may oyida AQShning Nyu-Jersi shtatidan respublikachi-kongressmen Kristofer Smit ham ogohlantirgan edi.
"Karimov vaqt Andijon voqealarini hammaning esidan chiqaradi, deya umid qilmoqda",- degan edi kongressmen Smit.
Sergey Petrosovga ko’ra, o’z markaziga ega bo’lmagan, harakatlari muvofiqlashmagan, faolligi tarqoq muxolifat xalqaro hamjamiyatni axborot bilan ta’minlashda va O’zbekistonga nisbatan qanday siyosat yurgizish kerakligi borasida aniq ko’rsatma berishda oqsamoqda.
"Bu chet-eldagi o’zbek muxolifatining ham aybi, ham yarasidir. Chunki o’zbek muxolifati Karimov hukumati bilan aloqani tiklash mumkin emasligi, aks holda ertami-kech yangi fojia yuz berishi ehtimoli borligini na xalqaro hamjamiyatga, na Yevropadagi rasmiy idoralarga aniq yetkaza olgan",- deydi Petrosov.
“O’zbekistonda demokratik islohotlar uchun” uyushmasi yaqin kunlarda Bryusselda norozilik namoyishini o’tkazmoqchi. Biroq uyushma vitse-prezidenti Sergey Petrosovning aytishicha, Karimov hukumatiga qattiqroq bosim o’tkazish tarafdori bo’lgan Yevropa mutasaddilarini muxolifatning kuchsizligidan darak beruvchi 10-15 kishi ishtirokidagi kichik namoyishlar quvontirmaydi albatta.
Kuzatuvchilarga ko’ra, Yevropa Ittifoqi iqtisodiy sabab bois ham sanksiyalarni yumshatishi mumkin. Yevropaga gaz uzatish bo’yicha eng yirik hamkorlardan hisoblangan Rossiya o’tgan qish faslida o’zini beqaror ta’minotchi qilib ko’rsatgach, Yevropa yonilg’i olishning muqobil manbalarini qidira boshlagan.
Bundan tashqari Termizda harbiy-havo bazasiga ega Germaniya harbiylarini u yerda saqlab qolmoqchi. Buning uchun esa 732-a’zolik Yevropa Parlamentining 37 foizini nazorat qiluvchi eng yirik guruh hisoblangan va asosan nemis deputatlaridan iborat nasroniy-demokratlar fraksiyasi Yevropaning O’zbekistonga nisbatan munosabatini mo’tadillashtirishga harakat qilmoqda.
Yevropa Ittifoqida prezidentlik qilish navbati kelasi yildan boshlab Germaniyaga o’tar ekan, bu davlat tashkilotning Markaziy Osiyodagi strategiyasini yangilashiga ishora qilgan. Yaqin kelajakda Germaniya tashqi ishlar vaziri Toshkentga safar qilmoqchi. Frank-Valter Shtaynmayerning O’zbekistonda qanday qabul qilinishi esa bir necha kundan keyin Bryusselda bo’ladigan Yevropa Ittifoqi va O’zbekiston rasmiylari o’rtasidagi uchrashuv yakuniga bog’liq.