Afg'oniston - Tolibondan besh yil keyin

2001 yil so'nggida Germaniyaning Bonn shahrida Tolibon hukumatidan keyingi Afg’oniston taqdirini belgilagan bitim imzolangan edi.

Tarqoq siyosiy guruhlar birlashib, BMT rahnamoligida Karzay hukumati tuzilgan edi.

Bonn kelishuvi muvaffaqiyat berdimi degan savolga, siyosatdon va mutaxassislar qisman, deya javob qaytarmoqda.

Ular nazarida muammo va beqarorlikka yechim topishda kelishuvning o’rni katta, biroq bugungi kunda salbiylashib borayotgan ijtimoiy-iqtisodiy ahvol hisobga olinmagan.

Yevropa Ittifoqining Afg’onistondagi maxsus vakili Fransisk Vendrelning aytishicha, Bonn kelishuvi ijobiy o’zgarish olib keldi.

“Mamlakatda siyosiy tizim shakllandi. 1973 yildan beri kuzatilmagan erkin saylovlar joriy etildi. Qonuniy hukumat va boshqaruv tizmlari belgilandi. Biroq beqarorlikning oldi olinmadi. Mahalliy hukumatlar uquvsiz va qonunlar ish bermayapti”, - deydi diplomat.

Nyu-Yorkdagi Kolumbiya Universiteti professori, Bonn bitimi ustida ishlagan Barnett Rubinning aytishicha, hujjat afg’onlarni birlashtirishdan o’zga maqsadni ko’zlamagan.

“Korrupsiya, qoradori savdosi va tashqi kuchlar ta’siri mamlakatni inqirozga olib kelishi va Bonn kelishuvini puchga chiqarishi mumkin”, - deydi janob Rubin.

Tolibon esa yana kuch yig’moqda. Bu esa Karzay hukumatiga nisbatan ishonchni pasaytirmoqda, deydi Yevropa Ittifoqi vakili Vendrell.

“Tolibon ustunligi shundaki ular hamon Pokistondan o’z bazalari sifatida foydalanmoqda. Islomiy hayriya fondlari tomonidan moliyalanmoqda. Giyohvand savdogarlarning ham ko’magi katta. Mahalliy hukumat boshqaruvidan norozi xalq esa Tolibonga umid bilan qaramoqda”, - deydi Yevropa Ittifoqi vakili.

Afg’onistonning AQShdagi elchisi Said Javodning bildirishicha, xalqaro hamjamiyat uning mamlakatiga yetarlicha yordam bermayapti.

“Mamlakatimizga xalqaro ko’mak suv va havodek zarur. Ichki omillarni ham hisobda tutish darkor, albatta. Afg’oniston hukumatining xalqqa yordam berish, yetarli xizmatlar bilan ta’minlash imkoniyatlari cheklangan. Barchasi moddiy yordamga borib taqaladi”, - deydi Afg’oniston diplomati.

AQShning Bonn anjumanidagi vakili Jeyms Dobbins nazarida Oq uy Karzay hukumati bilan yaqindan ishlamayapti.

“Bush ma’muriyati diqqatni asosan Iroqqa qaratmoqda. Afg’oniston ikkinchi darajaga o’tib qoldi. Shu sabab rasmiy Kobul va G’arb orasida tushunmovchilik vujudga kelyapti. Tinchlikka erishgach, uni mustahkamlash lozim. Hozirda esa o’zboshimchalik kuzatilmoqda, bu esa yaxshi oqibatlarga olib kelmaydi”,- dedi AQSh siyosatdoni.

Afg’onistonda xavfsizlikni ta’minlash NATO, Shimoliy Atlantika Shartnomasi Tashkiloti zimmasida. Qahraton qishda Tolibon hujumlari kamayadi. Biroq, mutaxassislar bahor kelishi bilan NATOga qarshi xurujlar yana avj oladi, deya ogohlantirmoqda.