Markaziy Osiyo Amerika hukumati nazarida qaynoq mintaqa. Biroq, deydi amerikalik ayrim siyosatdonlar, mintaqa qadim madaniyat beshigi, qolaversa bugungi respublikalar qaysidir jihatdan Stalin siyosati mahsuli ekanini yodda tutmoq zarur.
Ba’zi siyosiy tahlilchilar fikricha mintaqa xalqaro hamjamiyatning to’laqonli a’zosi bo’lish uchun xalqaro normalarni bajarish lozimligini haligacha anglamagan.
Mustaqillikning 16-yilida Markaziy Osiyoda kim to’g’ri taraqqiyot yo’lini tanlagani va hozircha kim yutib- kim yutqazgani ayon bolmoqda. Mintaqani 1980-yillardan beri o’rganib kelayotgan, yaqinda hududga safar qilib qaytgan siyosatshunos Gregori Glizon (Gregory Gleason) Qozog’iston, shubhasiz, bugunning g’olibi deydi.
“Qozog’iston nazarimda erkin bozor iqtisodiyotini to’g’ri o’zlashtirdi. O’zini tashqi dunyoga ochdi. Zamonaviy boshqaruv tizimini joriy etdi. Muammolar kuzatildi, biroq globalizatsiya nima ekanini angladi.”
Jahon Bankining Markaziy Osiyo bo’yicha direktori Annett Diksonning (Annette Dixon) aytishicha, taraqqiyot ko’plab muammolarga barham beradi, islohotlar esa taraqqiyot kaliti.
“Qozog’istonda iqtisodiy ko’rsatkich eng yuqori darajada. Kishi boshiga yillik daromad 3000 dollar atrofida. Eng qashshoq davlat - Tojikiston”, - deydi Jahon Banki mintaqaviy rahbari.
Amerika va Yevropa davlatlari Markaziy Osiyo hukumatlarini xalqqa erkinlik ber, qonun ustuvorligini ta’minla, deya tinimsiz tergab keladi.
Ammo, xalqaro hamjamiyat bugun bu chaqiriqlar befoyda ketganiga guvoh bolmoqda.
Turkmaniston va O’zbekiston hukumati, siyosatdonlar nazarida, ochiq jamiyat nima ekanini hozirgacha tushunmaydi. Xalqaro qonunlar va majburiyatlar nima ekanini ham.
“Bugun Markaziy Osiyodagi hamma davlatlar o’zlarini demokratik deb ataydi. Lekin ularning hech biri demokratiya talabiga javob bera olmaydi.Hukumatlar xalqaro normalarga rioya qilish va jamiyatni erkinlashtirish katta imkoniyatlarga eshik ochishini tushunib yetishi kerak. Jamiyat ochiq bo’lsa, raqobat bo’ladi. Raqobat bo’lsa, sifat va muvaffaqiyat.”
Xalqaro hamjamiyat qo’lida rahbarlarni islohot qilishga majburlovchi vositalar bormi? Jumladan, O’zbekiston rahbari Islom Karimovni?
“To’g’risini aytsam, Karimov rahbariyatining islohotlar qilishiga, yaqin kelajakda o’zgarishlarga yo’l berishiga ishonmayman. Buning uchun hukumatning o’zi o’z ma’suliyatini qayta ko’rib chiqib, yangi siyosiy qarorlar qilishi kerak. Buni O’zbekiston hukumatining o’zi xohlamaydi”, - deydi professor Glizon.
Mutaxassis, nima bo’lganda ham, G’arb O’zbekistondan islohotlar qilishni va inson huquqlarini hurmat qilishni talab qilishda davom etishi kerak deb hisoblaydi.
Shuningdek, bu hukumatga huquq va qonun ustuvorligi ta’minlanmasa, xalqaro majburiyatlar bajarilmasa, ertaga zararni O’zbekistonning o’zi ko’radi, hukumat baribir yemiriladi, deya nasihatni kuchaytirish lozim, deydi Gregori Glizon.
Biroq O’zbekiston Rossiya va Xitoy bilan aloqalarni kuchaytirmoqda. Har ikki davlat O’zbekistonda millionlab dollar sarmoya kiritmoqda. Prezident Karimov bu yirik iqtisodiy qudratga ega davlatlarni ishonchli hamkorlar deb ataydi. Mahalliy tahlilchilar fikricha AQSh qanchalik harakat qilmasin, O’zbekistonga, qolaversa, butun Markaziy Osiyoga geografik jihatdan yaqin; tarixi, madaniyati va tili qorishib ketgan bu davlatlar bilan tenglasha olmaydi.
“Rossiya va Xitoyning O’zbekistonga naqadar yaqin ekani haqiqat. Biroq O’zbekiston bu kabi avval unga, endi senga qabilida siyosat yurita olmaydi. Bu uzoq muddatni ko’zlamagan siyosat",- deydi Glizon.
"Jahon hamjamiyatining teng huquqli a’zosi bo’lmoqchimi, demak birovga eshik yopib, boshqaga qosh qoqish siyosatini davom ettira olmaydi. Hozir axborot asri. Xalqni tashqi dunyodan ayira olmaysiz. Dunyoda farovon hayot uchun cheksiz imkoniyatlar mavjudligini bilish qiyin emas. O’zbekiston rivojlanmoqchi bo’lsa, tashqi siyosatni muvozanatlashi, ko’makka tayyor barcha tomonlar bilan gaplashishi lozim. Xalqimga tashqaridan ta’sir o’tkazishmoqchi deya xavotirlanish, axborot oqimini cheklash, tanqidchilar og’zini yopish eski zamon sarqitlari. Mamlakatni yorqin kelajak sari emas, tubanlik sari yetaklaydi. Oxir-oqibat O’zbekiston xalqi aziyat chekadi”.
Gregori Glizon Markaziy Osiyo siyosati va iqtisodiyoti haqida ko’plab kitoblar muallifi. Demokratik intilish bobida, bugungi Markaziy Osiyoda, deydi u, nisbatan taqqoslaganda, Qozog’iston birinchi o’rinda. Keyin esa Qirg’iziston, Tojikiston, O’zbekiston va Turkmaniston.
Ko’plab xalqaro tashkilotlar nazarida O’zbekiston bugun mintaqadagi eng repressiv jamiyat, biroq professor Gregori Glizon fikricha, O’zbekistonning Turkmanistondan biroz bo’lsa-da ustun tomoni shundaki, Toshkentda hali prezident Karimovning oltin haykallari qad ko’tarmagan. Turkmaniston Saparmurat Niyozov davrida jahondagi eng yopiq jamiyat edi. Yangi prezident buni o’zgartirishga va’da bermoqda. Biroq baholashga hali erta.