O`zbekistonda Navruzning tantanali rasmiy qismi kecha kuchli xavfsizlik choralari ostida o`tkazilgan.
Kuzatuvchilar nazarida qadimdan ochiq maydonda va xalq ishtrokida kutib olingan Navro`z ayyomi O`zbekistonda tor doiradagi rasmiy bayramga aylanib qolgan.
Bu yilgi Navro`z bayramiga taraddud an`anaviy tarzda, bundan ikki oylar avval boshlandi. Ayyom kuni O`zbekiston prezidenti Islom Karimov Navro`z tabriginini televideniye orqali xalqqa yo’llagan.
Jamiyatshunos Komron Aliyev nazarida O`zbekistonda Navro`z bayramini ommaviy tarzda nishonlashga emas, uni tobora tor doiraga moslash an’anasi kuzatilayapti.
“Hali Navro`zning Toshkentda katta maydonlardagi ommaviy sayl sifatida nishonlanishi kuzatilmagan. Mustaqillikning ilk yillarida hokimiyatlar tomonidan mahallalarga sumalak qilish uchun bug`doy berilardi, bayram o`tkazilishi uchun xarajatlar ajratilardi. Hozirga kelib bunga ham ahamiyat kamaygan, mahallalarda faqat o`zlari mablag’ topishsagina bayram o`tkazishlari mumkin”, - deydi Aliyev.
Navro’z bayrami munosabati bilan Toshkentdagi Xadra maydonida huquq himoyachilarining nogironlar ijtimoiy himoyasiga bag`ishlab rejalagan namoyishlari bu safar ham amalga oshmadi.
Huquq tartibot organlari Navro’z bayramiga qaramasdan huquq himoyachilarining uydan chiqishlariga ruxsat berishmagan.
Navro’z bayramini Xadrada nogironlar himoyasiga bag`ishlangan namoyishda nishonlashni rejalagan huquq himoyachisi Ibrohim Elhoshim fikriga ko`ra, hukumat rahbarlari Navro`zni nishonlashgan, biroq bayram kutishni rejalagan oddiy aholi uchun esa komendantlik soati joriy qilingan.
“O`zi bayramni otkazadi, xalqqa qolganda hech narsa mumkin emas”, - deydi huquq himoyachisi.
Ta’kidlanishicha, Navro`z qadimiy an`analarga ko`ra, ochiq sayillar va katta maydonlarda, xalq to`plangan holda nishonlanishi kerak.
Biroq so`nggi yillarda O`zbekistonda, jumladan, poytaxda xalq to`planishi mumkin bo`lgan katta maydonlarning o`zi yo`qola boshlagan.