Vashingtonda kommunizm qurbonlari xotirasiga yodgorlik o'rnatildi

Vashingtonda kommunizm qurbonlari xotirasiga bag’ishlangan yodgorlik qad ko’tardi.

Roppa-rosa 20 yil avval prezident Ronald Reygan Berlin Devori yoniga borib Sovet Ittifoqi rahbariga ramziy murojaat qilgan edi.

"Bosh kotib Gorbachyov, agar tinchlik istasangiz, Sovet Ittifoqi va Sharqiy Yevropa farovon bo’lsin, desangiz, erkinlik tarafdori bo’lsangiz, mana shu darvoza yoniga kelib, uni oching, devorni buzib tashlang."

Ana shu so’zlardan so’ng amerikalik tarixchi Li Edvards 20 yil kommunizm qurbonlari xotirasiga yodgorlik o’rnatish orzu-harakatlari bilan yashadi. Yodgorlik qurilishi uchun pul yig’ish va hukumatni uni o’rnatishga undash maqsadida Li Edvards maxsus jamg’armaga asos soldi.

"Yodgorlik Ronald Reyganning mashhur nutqi yubiley kunida ochilgani bizning ozodlik qudratiga bo’lgan ishonchimizdan dalolatdir," - dedi Bush ochilish marosimida so'zlar ekan.

“Demokratiya Ma’budasi” bronzadan ishlangan. Uni yaratishga bir million dollar sarflandi. Yodgorlik 1989 yili Xitoydagi Tiyananmen maydonidagi hukumatga qarshi namoyishlar paytida xitoylik talabalar tomonidan yasalgan, keyinchalik tank ostida qolib ketgan haykal tasviriga tushirilgan.

AQSh rahbarining aytishicha, 100 millionga yaqin odam kommunizm qurboni bo’lgan. Ba’zilari tarix sahifalariga kirgan, ba’zilari esa Sovet Ittifoqidagi mahbuslar lagerlarida, Kambodja dalalarida nom-nishonsiz ketgan.

"Kommunistik tuzumlar nafaqat odamlar hayotini olgan. Ularni insoniylikdan, xotiralaridan ayirgan. Ushbu yodgorlik kommunizm qurbonlarining insoniyligini, xotiralarini tiklashga yordam beradi," dedi Jorj Bush.

”Demokratiya Ma’budasi” kommunizm qurbonlariga bag’ishlangan jahondagi ilk yodgorlikdir.