Markaziy Osiyoda irrigatsiya tizimi eskirgan, dehqon mashaqqatda

Markaziy Osiyo bo’ylab dehqonlar ekinlarni sug’orishni boshlagan. Lekin obi-hayot har yerda ham serob emas. Irrigatsiya tizimlari mintaqada ancha eskirgan va ishdan chiqa boshlagan.

Dehqonlar odatda sug’orish mavsumida suv yetarli bo’ladi, deb umid qiladilar. Paxta, bug’doy, sholi, makkajo’xori va sabzavotlardan olinadigan hosil mavsum davomida suv oz yoki ko’p bo’lishiga bog’liq. Ammo hech kim bunga kafolat bera olmaydi.

Markaziy Osiyo davlatlarida mustaqillikdan keyin sug’orish tarmog’iga yetarli mablag’ ajratilmayotgani uchun bu sohada kamchiliklar ko’zga tashlanadi. Qirg’iziston, O’zbekiston va Tojikistonda keyingi yillarda dalalarni sug’orish uchun suv borgan sari tanqislashayotgani seziladi.

Farg’ona vodiysida bu muammoni hal qilish uchun “Winrock International” tashkiloti Amerika Qo’shma Shtatlarining Xalqaro Taraqqiyot Agentligi – USAID moliyaviy ko’magida suvdan foydalanuvchilar uyushmalarini qo’llab-quvvatlash dasturini ishlab chiqqan.

Dastur Qirg’iziston, O’zbekiston va Tojikistonda suvdan foydalanuvchilar uyushmalarining irrigatsiya-zovur tarmoqlaridan unumli foydalanishlarini ta’minlash bo’yicha faoliyat yuritadi.

Ayni dastur doirasida yaqinda O’sh viloyatiga qarashli Qorasuv tumanidagi Qizilqishloqda suv taqsimlagichlar o’rnatildi.

Muhandis Abdimitalip Japarovning aytishicha, amerikaliklar berayotgan pul hisobiga qurilayotgan suv taqsimlagichlar isrofgarchilikning oldini oladi.

“Bizda avval suvni burib olib borish uchun suv taqsimlagichlar bo’lgan emas. Hamma joyda tosh, loy, xas-xashak bilan suvni to’sib, foydalanilgan. Hozir endi suv taqsimlagich – g’ovlar qo’yildi, bular o’z kaliti bilan ochilib-yopiladi. Hozir endi avvalgidek suv ketmon bilan emas, taqsimlagich bilan ochib-yopib, bo’lib olinaveradi”, – deydi muhandis.

O’tgan yili tuzilgan “Jo’pas” suvdan foydalanuvchilar uyushmasi “Winrock International” tashkiloti bilan hamkorlikda Qizilqishloq hududida har birining qiymati 5400 qirg’iz so’mi (qariyb 142 AQSh dollari) bo’lgan 21 suv taqsimlagich o’rnatgan.

Muhandis Abdimitalip Japarovga ko’ra, Qirg’iziston hukumati amerikaliklarning yordamisiz bu kabi muammolarni hal qila olmaydi.

“Mamlakat xazinasidan buncha mablag’ ajratilmaydi. [Hukumat] bir qishloq hukumati darajasida yordam bera olishi mumkin. 20 yoki 30 suvdan foydalanuvchilar uyushmasiga [yordam berish uchun] xazinada umuman mablag’ yo’q”, – deydi u.

O’sh viloyatida ja’mi 17 suvdan foydalanuvchilar uyushmasi bor. Qirg’iziston bo’ylab, 62 suvdan foydalanuvchi uyushma faoliyat ko’rsatmoqda. “Winrock International” tashkiloti Amerika Qo’shma Shtatlarining Xalqaro Taraqqiyot Agentligi – USAID moliyaviy ko’magida Qirg’izistonda bir necha yuzlab, balki, minglab suv taqsimlagich qurilishiga hissa qo’shmoqda.

Qizilqishloqdagi suv taqsimlagich taqdimotida qatnashgan Amerika Qo’shma Shtatlarining Qirg’izistondagi elchisi Mari Yovanovich suv tabiatning dunyodagi eng qimmat in’omi ekaniga ishonadi.

“Suv taqsimlash ko’p joylarda janjalga sabab bo’ladi. Men “Winrock International” yordami bilan barchamiz ana ushu muammoning hal bo’lishiga oz bo’lsa-da, hissa qo’shdik deb o’ylayman. Bu juda oddiy, ammo, juda muhim masaladir”, – deydi AQSh elchisi.