Birmuncha avval O`zbekiston Sog`liqni saqlash vazirligi, Xotin-qizlar qo`mitasi, “Kamolot” yoshlar harakati va boshqa nodavlat tashkilotlar hamkorlikda respublika bo`ylab ko`ngilli ravishda qon topshirish oyligini o`tkazgan. Mazkur tashabbus natijasida aholidan sakkiz tonnaga yaqin qon yig`ib olingan.
Asosan yoshlar jalb etilgan bu tadbirni haqiqatan ko`ngilli ravishda o`tgan deb bo`lmaydi. Talabalardan biri institutut rahbariyati uyushtirgan bunday tadbirlarda hamma ham qon berishdan bosh torta olmaydi deydi.
“Qon odamlar uchun” nodavlat tashkiloti rahbari Shuhrat Ochilovning aytishicha, bundan 10-15 yil avval aholi o’rtasida ixtiyoriy qon topshirish mas`uliyati, bundan ko`zda tutilgan ezgu maqsadlar haqida tushuncha bo`lgan. Hozir bunday tushuncha deyarli yo`qolgan.
“Xalqaro standartalarga ko`ra, har ming odamdan qirqdan olmish kishigacha qon topshirganda, mamlakat o`zini qon bilan ta’minlashi mumkin. Bizda esa bu ko`rsatkich mingta aholiga yetti kishini tashkil etadi. Bular ham qonga muhtoj bo`lgan bemorning qarindoshlari. Beg’araz donorlik bizda yo`q".
Asosiy sababi, deydi u, 90-yillarda bozor iqtisodiyotiga o`tish davrida donorlarning e`tibordan chetda qolib ketgani.
"Keyinchalik bu haqda eslanmadi, matbuot yozmadi, natijada aholida negativ munosabat shakllandi”, - deydi Ochilov.
Shuhrat Ochilov fikriga ko`ra, aynan moliyaviy qiziqish tufayli donorlik qilayotgan kishilardan qon olish turli xatarli natijalar bilan tugamoqda. Turli yuqumli kasalliklarga chalinish ham ko`zga tashlanadi. Respublikada qonga nisbatan ehtiyoj tobora kuchaymoqda.
“Bunaqada xatarli oqibatlar bundan ham ko`payadi. Masalan, avtohalokat tufayli qonga muhtoj bo`lgan kishiga tezlikda tekshirilmagan donor qoni quyiladi. Shu orqali kasallik yuqishi kelib chiqadi. Agar pullik donorlikni rivojlantirsh yo’lidan ketsak, bu jinoiy ishlarga olib keladi. Chunki pulga qonni ko`proq giyohvandlar toshiradi. Albatta, ko`ngilli to`plangan qon bepul berilishi kerak. Hozir qon markazlari moliyaviy yetishmovchilik bois qonni sotishga majbur bo`lmoqda”, - deydi Ochilov.
Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti hisobotiga ko`ra, dunyo bo`ylab SPIDga chalingan odamlarning 4 millionga yaqini kasallikni qon quyish yo`li bilan yuqtirgan.
Yaqinda Andijon viloyati SPID markazi shifokorlari qon orqali 9 nafar kishiga infeksiya tarqatganlikda ayblanib, qamoq jazosiga hukm qilindi.
Shuhrat Ochilov SPID yuqishi bilan bo`gliq bunday misollar juda kam deydi.
Kuzatuvchilar fikricha, bunday hodisalar respublikada tobora ko`payib bormoqda.
Toshkentlik Marina ismli ayolning to`rt yashar farzandi ham qon quyish orqali SPID kasaliga chalingan. Marina shifokorlar ustidan sudga ham muroajat qilgan. Biroq sud aybdor kim ekanini aniqlashtirmagan.
“Bizda bu borada adolatli qaror chiqarilishiga ishonmayman. Bemorlarni faqat qon quyish orqali davolash keng qo`llaniladi. Ularga har doim tekshirilmagan donor qoni quyiladi. Shu bois shifoxonalarda SPID yuqtirgan bolalar soni tobora ko`payib bormoqda”, - deydi u.
O`zbekistonda qon yetishmovchiligi muammosini ayrim hollarda targ`ibot-tashviqot bilan yechishga harakat qilinmoqda.
Qon yetishmovchiligi qonga muhtoj bemorlarning yaqinlari hisobiga hal etiladi.
Mutaxassilarning aytishicha, O`zbekistonda qon topshirish majburiy qilib belgilanadi.
Bu esa O`zbekistonda ijtimoy vaziyat, ayniqsa, kamqonlik kasalligining ko’lami bois ham samarali natijaga olib kelavermaydi. Qolaversa, majburiyat yuzasidan topshirilgan qon ham turli xatarlardan xoli emas.
Kuzatuvchilar nazarida beg`araz donorlikni rivojlantirish uchun mamlakatdagi iqtisodiy rivojlanish, xalq turmushi farovonligi ta’minlanishi kerak.